Qosim Shayx majmuasi




Qosim Shayx majmuasi (XVI—XX asrlar) — Oʻzbekistonning Navoiy viloyati, Karmana shaharchasida joylashgan meʼmoriy majmua. Ushbu majmua tarkibiga Qosim Shayx xonaqohi (1558-yilda qurilgan), Qosim Shayx daxmasi, Abdulahadxon daxmasi (1911-yilda qurilgan) kabi meʼmoriy obidalar kiradi. Qosim Shayx majmuasi va u yerdagi aksar obidalar Karmanada XV asrda yashab oʻtgan Qosim Shayx Azizon sharafiga nomlangan.

Majmua hududidagi obidalar 2000—2001-yillarda taʼmirlangan.

Qosim Shayx xonaqohi




Qosim Shayx xonaqohi (Qosim shayx Azizon xonaqohi) — 1558-yilda Buxoro xoni Abdullaxon II tomonidan Karmanada qurdirilgan meʼmoriy obida. Bu xonaqohda Qosim Shayx karmanaliklarda taʼlim bergan.

Tarixchilar tomonidan xonaqoh 15—20 yillar ichida qurilgani taxmin qilinadi. Xonaqoh uch tomonining (shimoliy, janubiy va gʻarbiy tomonlari) kungurador, peshtoqli koʻrinishda tiklangan. Xonaqohning boʻyi ham, eni ham 25 m oʻlchamda. Uning ichki qismida jami 6 ta xona va oʻrtada katta namozxona mavjud, kunbotar tomonda mehrob oʻrnatilgan. Binoning toʻrttala tomonida taxminan 6x6 m oʻnburchakli hujralar bor. Sharq tomonda 6x4 m hajmli chillaxona mavjud. Har bir xonaning tepasi gʻishtin gumbazlar bilan qoplangan. Xonaqohning ichki qismi ganchkor naqshlar bilan bezatilgan. Bino ichi 5 ta gumbaz bilan qoplangan. Markaziy gumbazning yerdan balandligi 12 m, uning 4 tomonida yerdan balandligi 8 m boʻlgan 4 ta gumbaz mavjud. Xonaqoh devorlarining qalinligi 80 sm ni tashkil etadi.

Xonaqoh tashqi koʻrinishida minora shaklidagi baland gumbaz alohida ajralib turadi. Gumbaz bino tomidan taxminan 9 m balandroq. Gumbaz devorlari orasida havo yoʻllari qoldirilgan boʻlib, ular kunning issiq va sovuq kunlarida xona ichida moʻtadil haroratni saqlash uchun xizmat qilgan. Gumbazning tashqi tomon tepa qismi moviyrang gʻishtchalar bilan qoplangan. Undan pastki qismda kufiy uslubda Qurʼon oyatlaridan namunalar yozilgan.

Qosim Shayx daxmasi



Qosim Shayx Azizon 1580 yoki 1581-yilda, taxminan 80–81 yoshda oʻzi tugʻilgan Marjonxotin qishlogʻida vafot etgan. Qosim Shayxning jasadi oʻzining vasiyatiga muvofiq oʻz xonaqohining sharqiy tomoniga qoʻyilgan.

Qosim Shayx vafotidan soʻng Qosim Shayx xonaqohining sharqiy tomoniga 2,5 m balandlikda pishiq gʻisht (Abdullaxon gʻishti) terilib, uning oʻrtasida Qosim Shayx qabri uchun sagʻana qurilgan. Sagʻana 9x10 m ni tashkil etadi. Bu yerga keluvchi ziyoratchilar uchun 8x15 m oʻlchamda oldi ayvonli 3 ta xona qurilgan.

Shoʻrolar davrida qarovsizlik oqibarida qabr atrofi tikanzorga aylangan, marmar toshlari olib ketilgan.

Abdulahadxon daxmasi




1911-yilda Buxoro amiri Abdulahadxon Karmana yaqinidagi saroyida vafot etadi. Uning oʻgʻli Olimxon otasini Qosim Shayx xonaqohining janubi-gʻarbiy tomoniga koʻmdiradi va qabr atrofida daxma qurdiradi.

Majmua tarkibidagi boshqa inshootlar



Qosim Shayx majmuasining janubiy tomonida — xonaqohdan 35 m narida 4x17 m hajmda oshxonalar boʻlgan. Bugungi kunda ulardan 4x4 m hajmli bitta xona saqlanib qolgan.

2019-yilda majmuaning shimol tomonidagi maʼmuriy binolarning old qismiga sharqiy uslubda naqshinkor, keng, yogʻoch ayvon qurilgan.

Manbalar




Adabiyotlar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz