Qosim Shayx
Qosim shayx Xonaqohiy (Shayxi Azizon) (XV asr boshi, Karmana, Buxoro xonligi — 1578-yil) — tasavvuf tariqatining yirik namoyandasi, shayx. Abdullaxon IIning piri. Qosim shayx tasavvufning jahriya sulukiga mansub. Uning kamolga yetishida Shayx Xudoydod Valiyning taʼsiri katta boʻlgan.
Shayboniylar sulolasining vakillari Iskandarxon, uning oʻgli Abdullaxon II va ukasi Rustam Bahodirxon ibn Jonibek Sulton va boshqalarga Qosim shayxning taʼsiri kuchli boʻlgan. „Abdullanoma“ asarida yozilishicha, Qosim shayx shayboniy sultonlar oʻrtasidagi oʻzaro urushlarni toʻxtatib, Turkistonni yagona davlatga birlashtirish gʻoyasini oldinga surgan hamda bu yoʻlda qatʼiy siyosat yuritayotgan Abdullaxon IIni faol qoʻllab-quvvatlagan. U shayboniy sultonlarni bir necha marta oʻzaro yarashtirgan va sulh tuzishga erishgan (1554, 1558, 1569 va boshqalar). Abdullaxon II hokimiyat tepasiga kelgach (1557), Karmanada shayx uchun muhtasham xonaqoh qurdirgan (1558).
Qosim Shayx Azizon XVI asr boshlarida Karmananing Marjonxotun (baʼzi manbalarda Marjonxotir) qishlog‘ida tug‘ilgan. Marjonxotun qishlog‘ida Qosim Shayxning ekin ekiladigan 20 tanobdan ortiq yeri bo‘lgan. Buxoro va Samarqand madrasalarida tahsil olgan. Mavlono Vali Azizon Ko‘hizoriy hamda Shayx Xudoydotlardan tariqat ilmini o‘rgangan. Qosim Shayx talabalik davridan boshlab ustozi Mavlono Valining umri soʻnggigacha izzat-ikrom koʻrsatgan. Mavlono Valiy ham tez-tez Samarqanddan Karmanaga kelib turgan.
1551-yilda Toshkent va Turkiston hokimi Navro‘z Ahmadxon koʻp sonli qo‘shin bilan Miyonqol va Ofarinkentga yurish qiladi. Xabarni eshitgan Abdullaxon II ning otasi Iskandarxon ham boshqa beklar qatori Andxud va Shibirg‘on tomonga qochadi. O‘sha payt 17 yoshga toʻlgan Abdullaxon II Qosim shayx yordami bilan Karmana qal‘asini himoya qilishga kirishadi. 12 kunlik qamaldan so‘ng ham Navro‘z Ahmadxon niyatiga yetolmaydi. Qalʼada Qosim shayx ham borligini eshitgach, Abdullaxon II bilan sulh tuzish niyatini e‘lon qiladi va ortiga qaytib ketadi. 1551-yilda tuzilgan ushbu Karmana sulhi Qosim shayx obro‘sini koʻtarib yuboradi.
Qosimshayx umrining oxirlarini Karmanadagi xonaqosida o‘tkazgan. Yassaviy tariqatini mavqeyini yaxshilash va Karmanani tasavvuf markaziga aylantirishga e‘tibor qaratadi.
Qosim Shayx Azizon 1578-yil 80 yoshida vabo kasalligidan vafot etgan. Jasadi o‘zi qurdirgan ziyoratgohga qo‘yiladi.
Abdullaxon II ustozi vafotidan so‘ng ham ko‘p marta qabrini ziyorat qilgan. 1582-yilda Abdullaxon II Samarqanddan qaytishda ustozi Qosim Shayxni ziyorat etadi va hududni yanada obodonlashtirish maqsadida mehmonxona, ziyoratxona, hujralar va qo‘shimcha qurilishlarni amalga oshirib, shu yer aholisiga osh tarqatishni buyuradi.
Zamondoshlari tomonidan Qosim shayxga Hazrati Eshon, Qutb ul-avliyo, Shayxi Azizon kabi unvonlar berilgan.
Manbalar
Adabiyot
uz.wikipedia.org