Qoʻshma eʼtibor




Qoʻshma eʼtibor yoki birgalikdagi eʼtibor - ikki shaxs (agenslar) oʻz diqqatini bitta obyektga qaratishidir. Bunga bir subyekt boshqasining qarash yoʻnalishini kuzatib, obyektni tanib olishi uchun verbal va verbal boʻlmagan ishoralarni qilishi orqali erishiladi. Biror odam boshqa odamga qaraydi, keyin u yoki bu tarzda obyektga ishora qiladi, keyin nigohini yana odamga qaratadi.

1975-yilda Skeyf va Bruner bolalardagi nigoh yoʻnalishini kuzatish qobiliyatining tavsifini taqdim etgan birinchi tadqiqotchilar boʻldilar. Ular sakkiz oylikdan oʻn oylikgacha boʻlgan bolalarning koʻpchiligi nigoh yoʻnalishini kuzatishini; 11-14 oylik boʻlgan barcha bolalar ham xuddi shunday qilishini aniqladilar. Ushbu dastlabki tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, kattalar bolaning diqqatini nigoh yoʻnalishi yordamida muayyan obyektga qaratishi mumkin. J. Battervord eksperimental ravishda bolaning diqqati rivojlanishning uch bosqichidan oʻtishini va qoʻshma eʼtiborga boʻlgan toʻliq qobiliyati unda faqat bir yarim yoshga kelib rivojlanishini isbotladi; sababi, ayni shu davrga kelib, kattalar kuzatayotgan obyektlar koʻrish hududidan tashqarida boʻlganda bolalar bu obyektni koʻrish uchun oʻzlarining makonda holatlarlarini toʻgʻrilay oladilar.

Keyingi tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, qoʻshma eʼtiborni taʼminlaydigan ikkita muhim qobiliyat — bu nigoh yoʻnalishini taqib qilish va niyatni aniqlash. Nigoh yoʻnalishini boʻlishish qobiliyati oʻzaro aloqalarni shakllantirish uchun kerak boʻladigan qobiliyatdir. Niyatni aniqlash esa bolaning tilni va boshqalar eʼtiborini kerakli obyektlarga qaratishni oʻrganishi uchun muhim hisoblanadi. Qoʻshma eʼtibor nutq rivojlanishining koʻp jihatlari, jumladan, soʻzlarni tushunish, talaffuz qilish va oʻrganish uchun muhimdir. Birgalikdagi eʼtiborning umumiy holatlari bolalarga atrof-muhit haqida maʼlumot beradi, ular uchun signifikat va denotat oʻrtasida bogʻlanishni taʼminlaydi, yaʼni ular eshitgan soʻzlariga koʻz bilan ishora qilingan obyektni biriktiradilar. Ijtimoiy-emotsional rivojlanish va normal munosabatlarda ishtirok etish qobiliyati ham qoʻshma eʼtibor qobiliyatiga bogʻliq. Qoʻshma eʼtibor qobiliyatiga karlik, koʻrlik va autizm kabi rivojlanishning buzilish holatlari salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Odamsimon boʻlgan hayvonlar (gominidlar) — maymunlar, orangutanlar, shimpanzelar hamda itlar va otlar qoʻshma eʼtiborning ayrim elementlarini koʻrsatadilar.

Oʻrganilish tarixi



Birgalikdagi eʼtiborni oʻrganishga qiziqish Lev Vigotskiyning asarlariga borib taqaladi. U insonning barcha oliy asab tizimi funktsiyalari odamlar oʻrtasida boʻlingan deb hisoblagan.

Birgalikdagi eʼtibor mavzusini oʻrganishga katta hissa qoʻshgan S. Tipper qoʻshma diqqat mexanizmlarini oʻrganish uchun nigoh bilan yordam ishorasini berish usulidan foydalangan. Uning kontseptsiyasida birgalikdagi eʼtiborning asosiy sharti sifatida, bir odam koʻrish chizigʻini boshqasi kuzatishi taʼkidlanadi. U oʻz ishida J. Battervordning konsepsiyasiga tayanadi. Bu konsepsiya boʻyicha diqqat qaratilayotgan obyekt asosan boshning burilishi va nigohning yoʻnalishi orqali aniqlanadi.

M.V. Zotov (Wayback Machine saytida 2017-10-07 sanasida arxivlangan), N.Y. Andrianova va A.P. Voyt kabi bir guruh rus olimlarining kontseptsiyasi diqqat obyektini toʻgʻri aniqlashda kontekstning qanchalik muhimligiga bogʻliqligini taʼkidlaydi. Oʻz tadqiqotlarida ular qoʻshma eʼtiborning paydo boʻlishida qanday vaziyat yuzaga kelganini bilish hal qiluvchi omil ekanligini isbotladilar, chunki holatni bilgan odamlar axborotning ochiqlik darajasiga yoki nigohning yoʻnalishiga ham qaramay diqqat qaratilayotgan obyektni aniqlab olishlari mumkin.

Manbalar




Adabiyotlar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz