Qoraqalpoq
Qoraqalpoqlar – Markaziy Osiyodagi turkiy xalq; qipchoq hududlaridan oʻrislar tomonidan siqib chiqarilgach Janubiy Rossiyadan Janubiy Orol boʻyigacha boʻlgan hududlarda yashagan. Janubiy Orol boʻyida IX-XI asrlarda xalq sifatida shakllangan.
Shuningdek, Oʻzbekistonning Fargʻona, Xorazm, Navoiy, Buxoro viloyatlarida, qoʻshni Turkmaniston, Qozogʻistonda, Rossiyada, Afgʻonistonda, Eronda bir necha minglab yashaydi. Qoraqalpoq tilida soʻzlashadi. Dindorlari – sunniy musulmonlar.
Milodiy II asr oxiri – IV asrlarda Orol boʻyi choʻllariga Sharqdan hunlar, VI-VIII asrlarda esa turkiylar kelib mahalliy oʻtroq xorazmiylar va koʻchmanchi sak-massaget qabilalari bilan qisman aralashib ketgan. Mana shu etnik asosda Orol boʻyi ilk oʻrta asr xalqlari – bijanaqlar va oʻgʻuzlarning shakllanish jarayoni kechgan, ularning muhitida VIII-X asrlarda qoraqalpoqlarning ham shakllanishi boshlangan. Qoraqalpoq xaqlining shakllanishida IX-XI asrlarda shakllangan pecheneglar bilan bogʻliq boʻlgan. Qoraqalpoqlarning xalq sifatida aniq va toʻliq shakllanishi XI-XVI asrlarga toʻgʻri keladi.
Etimologiya
X asr boshida bijanaqlarning bir qismi Gʻarbga, Janubiy rus choʻllariga ketgan, bir qismi Orol boʻyi hududlarida yashab qolgan; Kiyev Rusi hududiga kelib joylashgan qabilalar XII-XIV asrlardagi rus yilnomalarida „chyornne klobuki“ („qora qalpoqlar“) deb nom olgan. Volga-Ural oraligʻida qolgan bijanaklarning sharqiy qismi Irtish havzasidan kelgan qipchoqlar bilan asta-sekin aralashib ketgan, ularning tilini qabul qilgan. Manbalarda qipchoq urugʻ-qabila ittifoqida „qoraqalpoqlar“ atamasiga mos keluvchi „qora boʻrikli“ etnonimi uchraydi. Moʻgʻullar istilosi davrida Rashididdin asarida „qavmi kulahi siyah“ yaʼni „siyohrang qalpoqli qavm“ nomi bilan qayd etilgan. XVI asrlarga kelib qoraqalpoqlar xalq sifatida shakllanib, ular urugʻ va qavmlar birlashmasidan turgan. Rus knyazliklari rivojlanishi, Oltin Oʻrda taxti uchun boʻlgan urushlar natijasida Janubiy Rus choʻllarida yashagan bijanaqlar Sirdaryoning oʻrta oqimi va Orolning shimoli-sharqiy qismlariga koʻchib kelib yashagan. Bu yerda Qozoqlarning Kishi Juzi, Buxora Amirligi va Qoqon xonligi bilan qoʻshni boʻlgan. Asosiy savdo yoʻlida joylashgan hududlarga bijanaqlar egalik qilishi ularni tinimsiz urushlar ostida yashashiga sabab boʻlgan. XVIII asrda Jungʻorlarning sharqdan hujumi urushlardan charchagan bijanaqlarni ikki qismga ajratib qoʻygan. Katta qismi Sirdaryoning Yuqori oqimiga harakatlangan va ularning oʻzi ikki qismga boʻlingan. Kichik qismi Sirdaryoning quyi oqimiga harakat qilgan va Janubiy Orol boʻyi, Amudaryoning quyi qismidagi azaliy qondoshlari bilan birlashgan. Bijanaqlarning Sirdaryo boʻyidan Janubiy Orol boʻyiga koʻchib oʻtishi qoraqalpoq shoiri Ajiniyozning „Bozataw“ asarida ham yozilgan.
Madaniyati
Qoraqalpoqlar Oʻzbekiston Respublikasi tarkibiga kiruvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasining asosiy va tub aholisidir. Qoraqalpoq xalqi turli etnik guruhlarni oʻz ichiga oladi, shuning uchun bu xalqning madaniyati koʻp qirrali boʻlib, Markaziy Osiyoning boshqa xalqlari madaniyati bilan hamohangdir.
Uzoq vaqt davomida Oʻrta Osiyo hududlarini kezib yurgan turkiy qabilalar qoraqalpoqlar madaniyatiga katta taʼsir koʻrsatgan. Qoraqalpoqlarning qabilaviy boʻlinishida bijanaklar, oʻgʻuzlar, qipchoqlar, shuningdek, qirgʻiz, Oltin Oʻrda, qozoq, turkman va oʻzbek qabila birlashmalari bilan aloqalarni kuzatish mumkin.
Koʻchmanchilar uyushmalari bilan koʻp asrlik aloqalarga ega boʻlishiga qaramay, qoraqalpoqlar sugʻorish, chorvachilik va baliqchilikka asoslangan qishloq xoʻjaligini birlashtirgan xoʻjalikning oʻziga xos turini saqlab qolgan.
Qoraqalpoqlar bugʻdoy, sholi, tariq, jugara (joʻxori urugʻidan yem va boshoqli don), kunjut, paxta yetishtirgan, shuningdek, beda ekkan. Ular buqalar va otlarni boqishgan.
Qoraqalpoqlar orasida baliqchilik bilan, asosan, Orol dengizi sohillari va Amudaryo deltasida yashagan qabilalar shugʻullangan. Baliq qamish, shuningdek, nayza va toʻr yordamida tutilgan.
Ularning qabilaviy boʻlinishi qoraqalpoqlar madaniyatida katta ahamiyatga ega edi. Qoraqalpoqlarning butun hududi ikki qabilalar konfederatsiyasi: aris va qoʻngʻirotlar oʻrtasida boʻlingan. Aris konfederatsiyasiga 12 dan ortiq qabilalar kirgan, ular 100 urugʻdan iborat edi. Ular asosan Amudaryoning oʻng qirgʻogʻi hududida yashagan. Qoʻngʻirot qabilalari, shunga koʻra, Amudaryoning chap qirgʻogʻini egallagan.
Qoraqalpoqlarning anʼanaviy hunarmandchiligi orasida toʻquvchilik, gilamdoʻzlik, kigizdoʻzlik, boʻyradoʻzlik, kiyim tikish alohida ajralib turadi.
Qoraqalpoq erkaklarining kiyimlari oʻzbeklarnikidan unchalik farq qilmaydi. Ular oq toʻnga oʻxshash koʻylak, etik ichiga tiqilgan keng shim, mayda yoʻl-yoʻl quyuq matodan tikilgan keng xalat, qishda esa qoʻy terisidan, ichida jun qoʻyilgan toʻn kiyishgan.
Ayollar kostyumi ham koʻylak, shim va xalatdan iborat edi, lekin kamzul oʻrniga ular koʻpincha yengsiz kamzul kiyishgan. Qoraqalpoqlar qizil va koʻk ranglar ustunlik qiladigan, koʻplab kashta va metall bezakli yorqin rangli kiyimlarni kiyishni yaxshi koʻradilar.
Tarixi
Qoraqalpoqlar, oʻzbeklar va qozoqlar XV asrda Chingizxon imperiyasi parchalanib, Oltin Oʻrda qulagandan keyin vujudga kelgan.
Soʻnggi arxeologik maʼlumotlarga koʻra, qoraqalpoqlar XVI asr oxiri yoki XVII asrning qaysidir davrida Sirdaryo boʻyida yoki uning janubiy Janadaryo boʻyida, Kichik Oʻrda qozoqlariga yaqin joyda turli qabilalar guruhi sifatida shakllangan va ularning tili, urf-odatlari va moddiy madaniyati qozoqlarnikiga juda oʻxshash.
Qoraqalpoqlar yarim oʻtroq hayot kechirib, sugʻorma dehqonchilikni chorvachilik (ayniqsa, qoramol) va baliq ovlash bilan qoʻshib olib borganlar. Qoraqalpoqlarning aksariyat qismi XVI-XVIII asrlar oʻrtalarida Sirdaryoning oʻrta va quyi oqimi boʻylari (Turkiston, Jankent, Chirikrabot) hamda bir qismi Orol mintaqasida (Qoʻngʻirot, Shohtemir shahri) yashashgan. Biroq Yoyiq va Emba daryolari boʻylarida ham qoraqalpoqlar istiqomat qilganliklari haqida maʼlumotlar bor. 1743-yil qozoq xoni Abulxayrxon qoraqalpoqlarga hujum qilgan, natijada sirdaryolik qoraqalpoqlarning asosiy qismi XVII asrning 2-yarmida Sirdaryodan uning gʻarbiy irmogʻi – Janadaryoga koʻchgan. XVIII asr oxirida Xiva xonlari qoraqalpoqlarni tobe etishga faol harakat qilishgan va oqibatda 1811-yilI ular boʻysundirilgan. Xiva xonlariga qarshi qoraqalpoqlar bir necha marta (1827, 1855-56, 1858-59 yillar) bosh koʻtargan. 1873-yil Chor Rossiyasi istilosi natijasida oʻng sohil Amudaryodagi qoraqalpoqlar Rossiyaga qoʻshib olingan. Bu yerda Amudaryo boʻlimi tuzilgan, Turkiston general-gubernatorligining Sirdaryo viloyati tarkibiga kiritilgan. Chap sohilda yashovchi qoraqalpoqlar Xiva xonligi tasarrufida qolgan. Oʻrta Osiyoda shoʻrolar hokimiyati oʻrnatilgach, chap sohil va oʻng sohil qoraqalpoqlari Qoraqalpogʻiston avtonom viloyatini tuzgan. XIX asr – XX asr boshida qoraqalpoqlarda xoʻjalik, ijtimoiy va oilaviy hayotda urugʻ-qabila tizimi va patriarxal-urugʻchilik munosabatlari qoldiqlari saqlanib qolgan.
Dini
Qoraqalpoqlar, asosan, sunniy Hanafiy mazhabiga eʼtiqod qiluvchilardir. Ular X-XIII asrlarda islomni qabul qilganlar, bu davrda ular alohida etnik guruh sifatida paydo boʻlgan.
Naqshbandiy, Kubroviy, Yassaviy va Qalandariy kabi darveshlik tariqatlari mintaqada keng tarqalgan. Mintaqa aholisi bilan eng mustahkam aloqa oʻrnatgan diniy tariqat shia tarafdorlari boʻlgan Kubroviyyadir.
1914-yilda qayd etilgan 553 ta masjiddan bir nechtasi Nukus, Toʻrtkoʻl, Xoʻjayli va Chimboyda saqlanib qolgan. Koʻpchilik qoraqalpoq mullalari juma namozi uchun uylaridan foydalanadi.
Antropologiya
Irqiga koʻra qoraqalpoqlar yevropeoid va mongoloid irqlarining chatishuvi natijasida paydo boʻlgan metislar hisoblanadi. Mongoloidlik darajasi oʻzbeklarga qaraganda koʻproq va qozoqlarga qaraganda kamroq. Fargʻona qoraqalpoqlari orasida mongoloidlik Orol qoraqalpoqlariga qaraganda kam.
Genetik tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, qoraqalpoqlardagi Y-xromosoma gaploguruhlari quyidagicha: C3 (26 %), O3a2c1 (14 %), J2 (12 %), N1c1 (8 %), R1b1a2 (8 %), Q1a (6 %), R1a1a (R1a1a1b1a1-M458*) (4 %), R2 (4 %), G2a (1 %) I2a (1 %).
Qoraqalpoq urugʻlari
Qoraqalpoqlar urugʻlarga – urugʻlar, shuningdek, qabila birlashmalari – arislarga boʻlingan. Qabila birlashmalari orasida eng kattasi On-Tort-Urug (oʻn toʻrt urugʻ), ikkinchisi Aris-Qoʻngʻirot boʻlib, ikki qabilani – Shulluk va Jungurni birlashtirgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org