Qoraqalpogʻistondagi namoyishlar (2022)
2022-yil 1-iyul kuni Oʻzbekiston tarkibidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahrida namoyishlar boshlandi. Namoyishning asosiy sababi Oʻzbekiston konstitutsiyasidagi Qoraqalpogʻistonning suveren statusiga va Qoraqalpogʻiston vaqti kelib Oʻzbekistondan ajralib chiqishi mumkinligi haqidagi moddalarga oʻzgartirishlar kiritilishi taklif qilinganidir. Namoyishlar Qoraqalpogʻistonning markazi — Nukus shahrida boshlandi va keyinroq Chimboy va Moʻynoq shaharlarida ham boʻlib oʻtdi. Namoyish qatnashchilari avvaliga konstitutsion oʻzgarishlarga qarshi ekanliklarini bildirdilar. Namoyishlar oqibatida bloger, inson huquqlari faoli Dauletmurat Tajimuratov hibsga olindi[⇨].
Xalq noroziliklari oqibatida 2-iyul kuniyoq Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonga uchib bordi va Qoraqalpogʻiston respublikasi joʻqorgʻi kengesida soʻzga chiqib, Qoraqalpogʻistonning suvereniteti haqidagi taklif qilinayotgan oʻzgarishlar bekor qilinishini aytdi[⇨].
2022-yil 3-iyul kunidan boshlab Qoraqalpogʻiston hududi boʻylab bir oylik komendantlik soati eʼlon qilindi, aholining soat 21:00 dan 7:00 gacha koʻchada harakatlanishi cheklandi. Ammo 17 kun oʻtgach barcha cheklovlar bekor qilindi[⇨].
Namoyishga olib kelgan sabablar
Hududning oʻziga xosligi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi — dunyo boʻyicha yashash eng qiyin boʻlgan joylar sirasiga kiradi. Qoraqalpogʻiston hududining 85 % dan ortiq qismini Qizilqum sahrosi egallaydi. Hududda suv tanqisligi muammosi bor. 2002-yilgi maʼlumotlarga koʻra 250 mingdan ortiq kishi Qoraqalpogʻistondan Qozogʻistonga doimiy yashash uchun koʻchib oʻtgan, bu Qoraqalpogʻiston aholisining beshdan bir qismidir. Bundan tashqari qiyin iqtisodiy vaziyatdagi Qoraqalpogʻiston Orol dengizi sathining pasayishi oqibatida qiyin ekologik vaziyatga ham tushib bormoqda.
1932-yil 20-martda RSFSR tarkibidagi Qoraqalpogʻiston Avtonom oblasti RSFSR tarkibidagi Qoraqalpogʻiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasiga aylantirildi. 1936-yil 5-dekabrda bu avtonom respublika Oʻzbekiston SSR tarkibiga qoʻshib berildi.
1990-yil 14-dekabrda Qoraqalpogʻiston ASSR Oliy sovetida umumrespublika referendumi orqali mustaqil boʻlish imkonini beruvchi suverenitet haqidagi Deklaratsiya imzolandi. 1992-yil 9-yanvarda Qoraqalpogʻiston ASSR tugatilib, oʻrniga Qoraqalpogʻiston Respublikasi tuzildi. 1993-yil koʻplab muhokamalardan soʻng Qoraqalpogʻistonning Oʻzbekiston subyekti sifatida 20 yil qolishi haqida davlatlararo shartnoma imzolandi. 2013-yilda bu shartnoma shunchaki inkor etildi va Qoraqalpogʻiston Oʻzbekiston subyekti sifatida qolishda davom etdi.
Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish taklifi
2022-yil 16-may kuni Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Oʻzbekiston konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklifini ilgari surdi. 17-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi fraksiyalarining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi, unda Oʻzbekiston konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qaror loyihasi ikkala fraksiya deputatlari tomonidan maʼqullandi. 20-may kuni Oʻzbekiston konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish boʻyicha maxsus komissiya tuzildi.
2022-yil 24-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasini bir ovozdan maʼqulladi. Loyiha 25-iyunda xalq muhokamasiga qoʻyildi. Loyihaga koʻra Oʻzbekiston konstitutsiyasining 64 ta moddasiga (bular: 1, 13, 15, 16, 17, 20, 22, 24, 25, 26, 27, 28, 29, 30, 32, 36, 37, 38, 39, 40, 41, 42, 43, 44, 45, 49, 52, 53, 55, 56, 61, 63, 64, 65, 70, 71, 72, 74, 75, 77, 78, 80, 83, 84, 90, 93, 98, 99, 100, 101, 105, 109, 111, 112, 116, 117, 122, 127) 200 dan ortiq oʻzgartirish kiritish va 6 ta yangi modda qoʻshish (bular: 26¹, 26², 40¹, 41¹, 42¹, 53¹) taklif etilgan.
Aynan 70, 71, 72, 74, 75-moddalarni oʻzgartirishga qaratilgan taklif Qoraqalpogʻistonda avvaliga noroziliklar, soʻng tartibsizliklar boshlanishiga sabab boʻldi:
Voqealar xronologiyasi
1-yul
Nukus koʻchalariga Qoraqalpogʻiston bayrogʻini koʻtargan yuzlab odamlar toʻplanishdi. Namoyishchilar yoʻlboshchisi, yurist Dauletmurat Tajimuratov 5-iyul kunida tinch namoyishlar oʻtkazish uchun hokimiyatdan ruxsat olganini eʼlon qildi. Keyinroq, ichki ishlar organi xodimlari Tajimuratovni oilasi bilan nomaʼlum joyga olib ketishdi. Aholi Dauletmurat Tajimuratovni ozod qilish talabi bilan namoyishlarni boshlab yubordi. Keyinroq namoyishlar Chimboy va Moʻynoqda ham kuzatildi. Namoyishning faol qatnashchilarini hibsga olish boshlab yuborildi. Qoraqalpogʻistonliklarning soʻzlariga koʻra odamlar namoyish haqida maxsus telegram guruhlarda yozishmalar olib borishgan va shunga koʻra harakatlarini muvofiqlashtirishgan. Shu kuni Oʻzbekiston hukumati Qoraqalpogʻistonga Milliy gvardiyaning qoʻshimcha kuchlarini kiritdi. Bu paytda Oʻzbekistondagi ommaviy axborot vositalari ushbu namoyishlar haqida hech qanday xabar eʼlon qilmadi.
TurkmenNews nashri bosh muharriri Ruslan Mityayevning soʻzlariga koʻra Dauletmurat Tajimuratovni tezda ozodlikka chiqarishgan. Ozodlikka chiqqanidan soʻng u avval masjidga, keyin oʻz uyiga ketgan. Uyidan turib oʻz telegram kanaliga unda „hammasi yaxshi“ ekani haqida ovozli xabarlar joylagan. Lekin koʻp oʻtmay Tajimuratov unga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati rahbariyati aloqaga chiqqanini va „bu ishlarning barchasini toʻxtatish“ni talab etganini iddao qildi. Iddaoga koʻra, agar Tajimuratov namoyishlarni tezda toʻxtatmasa, unga qarshi poraxoʻrlik va besoqolbozlik bilan shugʻullangani boʻyicha ish ochilishi va otasining „eski ish“i yuzaga qalqib chiqishi mumkinligi haqida ogohlantirishgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga koʻra Nukus shahrida boshlangan namoyishlarga „konstitutsiyadagi oʻzgarishlarni notoʻgʻri talqin qilish“ sabab boʻlgan.
Qoraqalpogʻiston respublikasi joʻqorgʻi kengesi bergan maʼlumotlarga koʻra namoyishchilar davlat boshqaruv organlari binolarini egallab olishga urinishgan.
2-yul
Ertalabki soat 4 da 5 ta avtobus bilan Dauletmurat Tajimuratovning uyiga kelib, uni nomaʼlum tomonga olib ketishdi. Nukusdagi chorrahalarga blokpostlar oʻrnatildi. Koʻchada yurgan odamlarni ushlab koʻk furgon avtomobillarda olib ketishdi. Nukusda mobil va statsionar internet oʻchirildi. Nukusga Taxiatosh va Xoʻjayli shaharlari tomondan kirish yoʻllari toʻsildi.
Shuningdek Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot tumanini Qozogʻistonning Mangʻistau viloyatiga qarashli Beyneu tumani bilan bogʻlovchi Dovud ota postida qatnov cheklandi. Bu yoʻnalishda temir yoʻl qatnovi ham vaqtincha toʻxtatilishi maʼlum qilindi.
Shu kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonga joʻnab ketdi. Shuningdek Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ham Qoraqalpogʻistonga uchdi.
Kechki payt Nukusda prezident ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi, unda Mirziyoyev, agar qoraqalpogʻistonliklar norozi boʻlsa, Qoraqalpogʻistonga oid birorta modda oʻzgarmasligini maʼlum qildi.
Shu kuni bir necha manbalar kuchishlatar tizimlar tomonidan aholiga qarata oʻq uzganini, kuchishlatarlarga ogohlantirmasdan otish buyrugʻi berilganini maʼlum qilishdi. Soat 23:00 da internetda vafot etganlar va jarohatlanganlarning ilk suratlari paydo boʻldi.
3-iyul
Qoraqalpogʻistonda 3-iyuldan boshlab favqulodda holat eʼlon qilindi va komendantlik soati oʻrnatildi.
Toshkentga kelib tushganidan bir necha soat oʻtib Shavkat Mirziyoyevning samolyoti yana Nukusga uchib ketdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi va kuchishlatar organ xodimlari orasida qurbonlar borligi haqida gapirdi, namoyish qatnashchilari „buzgʻunchilik“ qilganini aytdi.
Qoraqalpogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri Sultonbek Ziyoyev Nukus kasalxonalari namoyishlar paytida jarohat olganlar bilan toʻlganini maʼlum qildi. Shu kuni namoyishlar toʻxtadi.
Yoʻqotishlar
4-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Nukusdagi tartibsizliklar oqibatida 18 kishi halok boʻlganini, 243 kishi tan jarohatlari olganini (shulardan 38 nafari huquqni himoya qiluvchi organ vakillari) va 516 kishi hibsga olingani haqida bayonot berdi.
Komendantlik soati
2022-yil 3-iyul soat 01:00 dan 2022-yil 2-avgust 00:00 gacha (bir oy) Qoraqalpogʻistonda favqulodda holat eʼlon qilindi. Unga koʻra bir oy davomida soat 21:00 dan 7:00 gacha komendantlik soati amal qiladi. Qoraqalpogʻiston hududi komendaturasi tashkil etilib, unga „Favqulodda holat toʻgʻrisida“gi qonunda nazarda tutilgan barcha vakolatlar berildi. Qoraqalpogʻiston komendanti etib Milliy gvardiya qoʻmondoni Rustam Joʻrayev tayinlandi.
Komendantlik soati paytida quyidagi chora va cheklovlar amal qilishi eʼlon qilindi:
jamoat tartibini, oʻta muhim va toifalangan obyektlarni hamda aholining hayot faoliyatini ta’minlovchi infratuzilma obyektlarini muhofaza qilish kuchaytiriladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasida harakatlanish erkinligi shu jumladan transport vositalari uchun cheklanadi;
jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari tekshiriladi, ular shaxsiy koʻrikdan oʻtkaziladi, ulardagi ashyolar va transport vositalari koʻzdan kechiriladi;
Qoraqalpogʻistonga kirish va undan chiqish cheklanadi;
tinch yigʻilishlar, koʻngilochar, sport va boshqa ommaviy tadbirlar tashkil etilishi va oʻtkazilishi taqiqlanadi;
yuridik shaxslar faoliyatini toʻxtatib turish yoki tugatishga qaratilgan ish tashlashlar va boshqa har qanday harakatlar taqiqlanadi;
qurol, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar, maxsus vositalar, zaharli moddalar sotilishi taqiqlanadi. Shuningdek, dori va giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda etil spirti va alkogol mahsulotlari muomalasining alohida tartibi joriy etiladi;
jismoniy shaxslardan qurol va oʻq-dorilar, zaharli moddalar, yuridik shaxslardan esa qurol, oʻq-dorilar va zaharli moddalar bilan bir qatorda harbiy va oʻquv-harbiy texnika, portlovchi va radiaktiv moddalar vaqtinchalik olib qoʻyiladi[39][40]
2022-yil 20-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jo‘qorg‘i Kengesning iltimosiga binoan 2022-yil 21-iyul soat 05:00 dan boshlab hududida favqulodda holatni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Xalqaro munosabat
Sud
2023-yilning 31-yanvar kuni Buxoro viloyat sudida 2022-yil 1–2-iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarni amalga oshirganlikda ayblangan 22 nafar sudlanuvchi ustidan sud hukmi eʼlon qilindi.
Sudlanganlar roʻyxati quyidagi jadvalda keltirilgan:
Bundan tashqari sodir etilgan jinoyatlar oqibatida yetkazilgan 6,8 milliard soʻmlik zarardan 256 million soʻmi undirilgani hisobga olingan holda, undirilmagan 6,5 milliard soʻmdan ortiq moddiy zararni sudlanganlardan undirish, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilingan 228 million soʻm zararni sudlangan Dauletmurat Tajimuratovdan undirish, sudlanganlarga tegishli hisoblangan va jinoyat ishi doirasida xatlovga olingan mol-mulkni zararni qoplashga qaratish belgilandi.
2023-yilning 17-mart kuni Buxoro viloyat sudi binosida Nukusda ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda gumonlangan 39 nafar sudlanuvchi ustidan sud hukmi eʼlon qilindi.
Sudlanganlar roʻyxati quyidagi jadvalda keltirilgan:
Jinoyatlar oqibatida 6,5 mlrd soʻmdan ortiq ortiq miqdorga teng moddiy zararni sudlanuvchilardan undirish, sudlanganlarga tegishli boʻlgan va jinoyat ishi doirasida xatlovga olingan mol-mulklar oʻsha zararlarni qoplashga qaratilishi hukm qilindi.
Yana qarang
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org