Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi




Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi (qoraqalpoqcha: Qaraqalpaqstan Respublikası Joqarǵı Keńesi) — 1995-yil 25-dekabrda tashkil etilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun chiqaruvchi hokimiyatini amalga oshiruvchi oliy davlat vakillik organi, Respublika parlamenti.

Faoliyati tartibi va vakolatlari



Joʻqorgʻi Kenges Qoraqalpogʻiston Konstitutsiyasi va uning faoliyatining huquqiy asosi boʻlgan „Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi toʻgʻrisida“gi Konstitutsiyaviy qonun asosida tashkil etilgan. Kenges tarkibi hududiy saylov okruglari boʻyicha koʻppartiyaviylik asosida 5 yil muddatga saylanadigan deputatlardan tuziladi. Saylov kunigacha 25 yoshga to‘lgan Qoraqalpog‘iston fuqarolari Jo‘qorg‘i Kengesga saylanish huquqiga ega.

Jo‘qorg‘i Kengesning mutlaq vakolatlariga quyidagilar kiradi: Qoraqalpog‘iston Konstitutsiyasi va qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, Jo‘qorg‘i Kenges raisini — Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliy mansabdor shaxsini va Vazirlar Kengashi raisini saylash, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosarlarini va Vazirlar Kengashi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisini lavozimga tayinlash hamda lavozimidan ozod etish, vazirliklarni va boshqa davlat organlarini, Respublika prokurorini, tuman va shahar sudlarini tashkil etish va tugatish, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish davlat dasturlarini qabul qilish, byudjetni tasdiqlash va uning ijrosini nazorat qilish, ma’muriy-hududiy tuzilish masalalarini qonun hujjatlari bilan tartibga solish.

Joʻqorgʻi Kenges raisi



Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliy mansabdor shaxsi hisoblanadi. Yashirin ovoz berish yoʻli bilan deputatlar orasidan Joʻqorgʻa Kengesi vakolat muddatiga, ketma-ket ikki muddatdan koʻp boʻlmagan muddatga saylanadi. Joʻqorgʻi Kengesi raisi Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat oliy organlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni taʼminlaydi, qonunlar va meʼyoriy hujjatlar ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Joʻqorgʻi Kengesga Vazirlar Kengashi raisi lavozimiga nomzod koʻrsatadi. Vazirlar Kengashi raisining taqdimiga binoan tumanlar va shaharlar hokimlarini tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi, mahalliy xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlaganidan keyin Jo‘qorg‘i Kengesga taqdim etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Oliy sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Oliy sudi, Qoraqalpog‘iston xo‘jalik sudi raislari va sudyalari lavozimlariga, shuningdek, tuman va shahar sudlari sudyalari lavozimlariga nomzodlarni Jo‘qorg‘i Kengesga taqdim etadi, Joʻqorgʻi Kengesga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va uning ishini tashkil qiladi.

Rais Qoraqalpog‘iston Konstitutsiyasi va qonunlarini buzgan taqdirda, deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismining qarori bilan, hmada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi xulosani hisobga olgan holda deputatlarning uchdan bir qismining tashabbusi bilan egallab turgan mansabidan olinishi mumkin. Rais shaxsiy iltimosiga ko‘ra, yana, sog‘lig‘i tufayli o‘z vazifasini bajara olmasa, Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan tuzilgan Davlat tibbiy komissiyasining tasdiqlangan xulosasi bilan lavozimdan ketishi mumkin. Bunda raisni iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi qaror deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Yangi rais uchun saylov o‘n kun ichida o‘tkazilishi kerak.

Tarixi



Jo‘qorg‘i Kenges deputatlarining birinchi saylovi 1994-yil 25-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tgan. Saylovda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va mahalliy vakillik organlaridan 172 nafar nomzod ishtirok etib, 86 deputatlik o‘rni uchun kurash olib borishgan. Ovoz berishning birinchi turi natijalariga ko‘ra, 75 ta saylov okrugidan 75 nafar deputat saylangan, 1995-yil 22-yanvarda 11 ta saylov okrugida takroriy saylovlar o‘tkazilgan.

Saylovning yakuniy natijalariga ko‘ra, vakillik organlaridan 43 nafar va Xalq demokratik partiyasidan 41 nafar deputatdan iborat blok ro‘yxatga olingan.

Joʻqorgʻi Kenges raislari roʻyxati




Deputatlar roʻyxati




Gazetalari



Joʻqorgʻi Kenges Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda 1924-yil noyabrdan chiqadigan „Yerkin Qaraqalpaqstan“, 1919-yil iyunidan chiqadigan „Vesti Karakalpakstana“ hamda 1992-yil 25-iyuldan chiqa boshlagan „Amu tongi“ gazetalarining hammuassisidir.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz