Qora chigirtkalar xavfdan qanday ogohlantiradi?
Odamlar alohida uylarga, u xoh kulba yo saroy bo’lsin, ega bo’lishgach, o’zlarini chaqirilmagan mehmonlardan muhofaza etishga urinib keladilar. Kimdir qorovul yollaydi, kimdir it boqadi, Yaponiyada esa burungi odamlar qora chigirtkalar saqlashgan. Ular qora chigirtkalarni tutib, qutichalarga joylab uylariga olib kelishgan. Bu juda oddiy va qulaydir. Unga na pul to’lanadigan na ovqat hozirlanadi. Qora chigirtkalarning o’zi ham xonadonlardan boshpana topadi. Ular xonadon sohiblariga ko’nikib, ellashishlari bilan kech oqshomdan to erta tongga dovur chirillab chiqishgan. Sohiblar ularning to’xtovsiz chirillashiga tez orada o’rganishgan va bora – bora uningsiz uxlay olmay qolishgan. Xo’sh, bundan nima naf? Naf esa yo’q. Qulog’ing tagida qora chigirtka mudom chirillab tursa, boshqa hech narsani eshitmaysan va o’g’rilar uyingni bemalol shipirib ketadi. It boshqa gap: u uyga begona odam yaqinlashsa, jillaqursa, vovullab qo’yadi. Ayon bo’lishicha, uyini qo’riqlash borasida qora chigirtkalar itlardan qolishmas ekan. Itlar begona odam yaqinlashib kelgandagina vovullaydi, qora chigirtkalar esa aksincha, tinchib qoladi. Buning siri ham ana shunda. Tinchlikdan bezovta bo’lib, uyqudan turgan odamlar chaqirilmagan mehmonlarga qurollangan holda peshvoz chiqqanlar.
Manba
Mo’jiza kitobning 1-jildi
Uzpedia.uz