Qoʻchqor Norqobil
Qoʻchqor Norqobil (1968-yilda 5-mart; Oltinsoy tumani, Oʻzbekiston SSR)— shoir, yozuvchi, dramaturg. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Rossiya Baynalminal Yozuvchilar uyushmasi, Rossiyadagi Fanlar va sanʼat Xalqaro akademiyasi aʼzosi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist. Yozuvchi, shuningdek, Usmon Nosir va „Oltin qalam“ mukofotlari bilan bir qatorda Rossiya Davlat Dumasi Jamoatchilik palatasi hamda Rossiya Xalqaro yozuvchilar uyushmasi tomonidan „Muqaddas Anna“ (Svyataya Anna) ordeni bilan taqdirlanib, „Moskvaning oltin qalami“ (Zolotoye pero Moskvi) 2-Xalqaro festivalida nasr yoʻnalishining gʻolibi boʻlgan.
Hayoti va ijodiy faoliyati
Adib 1968-yilda 5-mart sanasida Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Moʻminqul qishlogʻida tavallud topgan. 1992-yil ToshDUning Jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Qoʻchqor Norqobil „Kaftimdagi qizgʻaldoq“ (1990), „Xosiyatli dunyo“ (1993), „Deraza rahidagi gul“ (2007) sheʼriy kitoblari, „Daryo ortidagi yigʻi“ (1994), „Kulib tur, azizim“ (2005), „Quyoshni kim uygʻotadi?..“ (2008), „Koʻzlaringni koʻrgani keldim“ (2012), „Afgʻon: 2 rota“ (2012), „Osmon ostidagi sir“ (2013), „Biz jangdan qaytmadik…“ (2014), „Samodil“ (2017), „Olislarda osmon yoʻq edi“ (2020), „Urushning birinchi kuni“ (2021) „Urush tugasa ayting, qaytib kelaman“ (2021), „Teatrga chipta yoʻq“ (2022) nomli nasriy, „Togʻlardek baland boʻl!“ (2021) kabi dramatik kitoblar muallifi.
„Taqdir sinovlari“ (2010), „Quyoshni sen uygʻotasan“ (2011), „Nur soyada qolmaydi“ (2012) „Omad biz tomonda“ (2012), „Suv koʻrmay etik yechma“ (2012), „Zamindan olis ketma“, (2014) „Dildagi dogʻ“ (2015), „Oʻz uyingdan baxt izla“ (2016), „Ayyorgina ayollar“ (2017), „Togʻlardek baland boʻl!“ (2020), „Har narsaning javobi bor“ (2021) singari dramalari Respublikamiz va viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan. Dramaturgning „Besh beva va bir boshliq“ komediyasi 2021-yilda Jafar Jabborli nomidagi Ozarbayjon Davlat drama teatrida namoyish etilgan.
Shuningdek, Qoʻchqor Norqobilning asarlari rus oʻquvchilari tomonidan ham iliq kutib olingan boʻlib, adibning Rossiya Federatsiyasida „Xochu uvidet tvoi glaza“ (2020), „Tyulpan na snegu“ (2021), „Ulibnis, lyubimaya!“ (2022) kitoblari chop etildi, bir qancha rus nufuzli nashrlarida qissa va hikoyalari muntazam eʼlon qilinayapti. Shuningdek, Qoʻchqor Norqobilning Serbiya davlatida „Koʻzlaringni koʻrgani keldim“ (2021) hamda „Olisdagi tasodif“ (2022) deb nomlangan kitoblari serb tilida nashr etildi. Adibning asarlari yigirmadan ziyod mamlakatda eʼlon qilingan.
Mukofotlari
Qoʻchqor Norqobil bir qancha xalqaro adabiy mukofotlar sovrindori hamdir. U AQSHning Xalqaro „Jenima“, „Moskvaning oltin qalami“ mukofotlari sohibi. Shuningdek, Rossiyaning „Muqaddas Anna“ ordeni, „Pyotr 1“ medali bilan ham taqdirlangan.
Qoʻchqor Norqobil 1994-yilda Usmon Nosir mukofoti, 2001-yilda esa Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist unvoniga sazovor boʻlgan. U Xalqaro „Oltin qalam“ mukofotini ham qoʻlga kiritgan.
Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga qarashli Oʻzbekiston Davlat sanʼat va madaniyat instituti dotsenti.
Manbalar
uz.wikipedia.org