Qaysi gul Yaponiyaning ramzi hisoblanadi?



Sakura butog’i Yaponiya ramzidir. Sakura ba’zan yapon olchasi deb ham ataladi. Bu daraxtning bo’yi 5 — 8 metr, shox-shabbalari kulrang-malla tusdadir. Yaproqlari cho’zinchoq tuxumsimondir, daraxtning tepa qismidagi barglar yanada cho’zilgan bo’ladi va gilos barglarini eslatadi. Gullari pushti-qizil yoki ochiq pushti rangda 2 — 5 donadan to’p-to’p bo’lib ochiladi. Sakura gullaganda yetti yoshdan yetmish yoshgacha barcha kishilar oilasi yoki yoru birodarlari bilan to’planib, bog’ va parklarda nozik oq-pushti gulbarglarni tomosha qilishadi. Bu yaponlarning eng ko’hna an’analaridan biridir. Gullarni tizishday murakkab ikebana san’atini har kim ham eplayvermagani bilan gullayotgan daraxtni tomosha qilish har kimning qo’lidan keladi. Yaponlar bu tomoshaga ancha vaqt hozirlik ko’rishadi. Yaxshiroq joyni egallash uchun boqqa bir kun oldin kelish lozim. Yaponlar, odatda, olchaning gullashini ikki marta: ishda hamkasblari hamda uyda oila a’zolari davrasida nishonlashadi. Bayramni hamkasblar davrasida nishonlash hech kimning buzishga haqqi yo’q muqaddas burchdir, oila davrasida nishonlash esa kishiga lazzat bag’ishlaydi. Daraxt tomosha qilgan kishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Sakura, shuningdek, Markaziy Osiyo, Boltiqbo’yi, Moldaviya, Kavkaz, Qrim va Zakarpateda ham o’sadi.


Manba



Mo’jiza kitobning 1-jildi


Uzpedia.uz