Qarag’ay qarg’a qay tariqa oziq g’amlaydi?



Sibir taygalarida yashaydigan bu qushning o’lchami va rangi, dumi va tumshug’ining qandayligi, uyasini qanday qurishi haqida boshqa qushlarga nisbatan ko’p gapirish mumkin. Uning ajralib turadigan xususiyati qishga qay tariqa oziq g’amlashidir. Kedr daraxtlari yong’og’i yetilishi bilan bu qushlarning ishi boshidan oshib ketadi. U qor yoqqunga qadar ertadan kechgacha tinim bilmay oziq jamg’aradi. To’plagan ozuqasi qish bo’yi o’ziga, bahorda esa polaponlariga yem bo’ladi. Mehnatkash qarag’ay qarg’a 70 ming atrofida yong’oq to’playdi. Ularni to’plagan bilan ish bitmaydi, ularni yashirish ham kerak, aks holda hamma mehnati bir pul bo’ladi. Tabiiyki, yaroqli chuqurcha yoki daraxt kavagi topish mumkin, ammo bu ishonchli emas. Qishda taygada kedr yong’og’i bebaho boylik hisoblanadi. Mittigina qushdan tortib, ayiqqa dovur tekin ozuqadan bahramand bo’lishga ishtiyoqmandlar ko’plab topiladi. Katta xazinani bekitish ham jo’n ish emas. Shuning uchun ham qarag’ay qarg’a yong’oqlarni 10 — 20 tadan qilib, yerga yoki mox orasiga, ko’chib tushgan po’stlar orasiga ko’madi, sinib tushgan shox-shabbalar va chirigan to’nkalar tagiga tiqib bekitadi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, hammasi bo’lib bunday xazinalar 6 minggacha yetadi. Tabiiyki, mana shunday qilsagina ishonchli bo’ladi, axir ularning hammasini topib o’g’irlab ketisholmaydi, ammo yerni qalin qor qoplab yotganda, ularni qanday topish mumkin? 6 ming xazinaning har birini yodda saqlab bo’ladimi? Aqlga sig’maydigan bu ishni qarag’ay qarg’a uddalay oladi va har birini besh-olti oy esidan chiqarmaydi. Ma’lum bo’lishicha, qarag’ay qarg’a insonnikidan bir necha baravar oshiq noyob ko’rish qobiliyatiga ega ekan. Bu olimlar tomonidan o’tkazilgan tajribalar orqali aniqlashga muvaffaq bo’lindi. Ularning biri mana shunday: taygada o’rnatilgan kattakon qafas — volerga yong’oq ozuqasi jamg’arildi, qarag’ay qarg’alar navbatma-navbat qo’yib yuborildi va qushlar darhol xazina tayyorlashga kirishib ketdilar, tajriba o’tkazuvchilar ularning joylashishini diqqat bilan kuzatib bordilar. Keyin qushlarni bir muncha vaqt boshqa joyga ko’chirdilar, volerga qamab qo’yganlarida, ozuqa tamom bo’lgan edi. Qarag’ay qarg’alar ochlikdan o’lib qolmaslik uchun o’z ozuqa xazinalarini izlashga tushdilar. Ular bu ishni qoyilmaqom bajardilar va xazinalarining 90 foizini topishga erishdilar.


Manba



Mo’jiza kitobning 1-jildi


Uzpedia.uz