Pompeyning so‘nggi kuni
Bu dahshatli fojia yoz kunlarining birida ro‘y berdi. Tinimsiz pishqirayotgan Vezuviy og‘zidan otilib chiqqan qaynoq kul va lava odamlarni tiriklayin jizg‘anakka aylantirar, qochishga ulgurmagan jonzot borki, mislsiz azobga duchor bo‘lar edi. Pompeyliklarning to‘kin-sochin va shod-xurram hayotlari yakun topdi, ular qurgan axloqsiz jamiyat yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketdi.Pompeyga eramizdan avvalgi VI asrda asos solingan. Savdo yo‘lida joylashganligi shaharning qisqa muddat ichida rivoj topishiga turtki bo‘ldi, muhim savdo-sotiq va sanoat markaziga aylandi. Shahar bir necha dahalardan iborat bo‘lib, ilg‘or me’morchilik uslublaridan foydalanilgan holda barpo etilgan edi. Turli ma’budlarga bag‘ishlangan hashamatli ibodatxonalar, teatrlar, 20 000 tomoshabinga mo‘ljallangan amfiteatr shahar ko‘rki hisoblanardi. Pompeyda o‘ttizdan ortiq novvoyxonalar ishlar, u yerlarda yopilgan nonlar sotish uchun yon atrofdagi shaharlarga ham jo‘natib turilgan. Shuningdek, bu yerda jun gazlamalar ishlab chiqarish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan edi. Pompeyliklar aysh-ishratga mukkasidan ketgan xalq edi, fohishaxonalar ochiq ishlar, bachchavozlik va axloqsizlikning har qanday ko‘rinishi uyat sanalmasdi. Qazishmalardan ma’lum bo‘lishicha, pompeyliklar xonadonlari eshigiga shahvoniy rasmlar ilib qo‘yishni juda yaxshi ko‘rishgan ekan, bundan tashqari, uylarini turli haykallar bilan bezashgan, kundalik ishlatadigan buyumlarini ham shahvoniy ko‘rinishda yasattirishgan. Pompeyning dong‘i butun Rim imperiyasiga, qo‘yingki, qo‘shni saltanatlarga ham yoyilgan edi. Ishrat izlagan odamlar bu yerga oqib kelardi. Tarixchilarning guvohlik berishicha, mashhur sarkarda Gannibal Italiyaga hujum qilgan payt unga Pompeyni ham ishg‘ol qilishni taklif qilishadi. Sarkarda yo‘lga tushadi, ammo manzilning yarmiga yetganida ortga qaytishga qaror qiladi. Chunki Pompeyni hech bir qo‘shin ishg‘ol qila olmagan edi. Ishg‘ol qilganlari ham keyinchalik jang qilishdan bosh tortib qolishardi. Sababi oddiy – hech bir askar «lazzat makoni»ni tashlab ketgisi kelmasdi. Odamlar bu kayfu safo hech qachon tugamasligini juda-juda istashar edi.Eramizning 62 yilida Pompeyda kuchli zilzila yuz berdi, keyingi yillar davomida bu holat bir necha bor takrorlandi. Bu esa o‘z navbatida yuz yillardan beri uxlab yotgan Vezuviyning yaqin orada uyg‘onishidan darak edi. 79 yilning 24 avgust tongida Pompey osmonida kul buluti paydo bo‘ldi. Ha, Vezuviy o‘z qahrini yon atrofga socha boshlagan edi. Shundoqqina vulqon etagida joylashgan Gerkulanum shahri qaynoq lava ostida qoldi. Dam-badam yerning titrashi, osmonda qora bulutlarning suzib yurishi pompeyliklarni ko‘pam tashvishga solmadi. Ular o‘zlarini falokatdan uzoq sanab, bu vahimalar tez orada o‘tib ketishiga ishonishgan edi. Shuning uchun ham barcha o‘z yumushi bilan ovora bo‘ldi: novvoylar non yopishga tushib ketishdi, sotuvchilar savdoga tayyorlanishdi, fohishalar esa mijoz kutib olishga. Ana shu g‘aflat ularni halokat tomon yetaklab keldi. 25 avgust tongida Pompeyda tirik jon qolmagan, shahar uch metrli kul qatlami ostiga ko‘milib qolgan edi. Odamlarning qochishga ulgurmaganidan tushunish mumkinki, halokat juda qisqa muddat ichida yuz bergan.Pompeyda olib borilgan qazishma ishlari bu shaharda yashagan odamlarning axloqan tuban qiyofasini ochib berdi: falokat yaqinlashganini bilsa ham odamlar aysh-ishratni tark etishmagan edi. Ko‘pchilik – yoshlar (hatto bolalar) ham, qarilar ham buzuqchilik ustida toshday qotib qolgan edi.
Uzpedia.uz