Po‘lat Mo‘min (1922-2004)



Po‘lat Mo‘min (taxallusi; asl ism-sharifi Mo‘minov Po‘lat) (1922.24.12— Toshkent — 2004.2.3) — bolalar shoiri. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1992). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1983).

Dastlab pedagogika bilim yurtini (1939), so‘ng Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tugatib (1944), o‘qituvchilik bilan shug‘ullangan (1944—47). «Lenin uchquni» gazetasida adabiy xodim (1948—50), O‘zbekiston davlat nashriyotida bo‘lim mudiri (1951—52), respublika Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1954—60), Madaniyat vazirligi krshidagi San’at ishlari boshkarmasida dramaturgiya bo‘yicha bosh muharrir (1962—64) bo‘lib ishlagan.

Ilk she’rlar to‘plami — «Sayrang, qushlar (1949). Shundan keyin uning «Tong kuylari» (1949), «Oltin boshoqlar» (1951), «Tish cho‘tkasi ertagi» (1955), «Hunardan unar» (1958), «To‘g‘ri o‘sgan gul bo‘lur» (1960), «Aql qaerda bo‘lar» (1962), «Oltin nay» (1967), «Yaxshilarga o‘xshasam» (1968), «Rahmatga rahmat!» (1969), «Eson va Omon» (1973), «Ertaqdan ertakka» (1989), «Ertaklar yaxshilikka yetaklar» (1984), «Yurak zavqu dardlarim, aytar baytu fardlarim» (1993), «Bug‘doy bobo» (1995), «Bolajon, bolajonim» (2003) va boshqa bolalarga bag‘ishlangan she’r va ertaklardan iborat to‘plamlari, «Kuldi xiyol» (1964), «Gul va piyoz» (1971), «Qo‘shiq aytib» (1985) singari qo‘shiqlardan tashkil topgan kitoblari nashr etilgan.

Po‘lat Mo‘min mumtoz o‘zbek adabiyoti an’analarini davom ettirib, g‘azal, tuyuq, fard janrlarida ham ko‘plab asarlar yaratgan. Uning 500 dan ziyod qo‘shiqlari g‘azal janrida yozilgan.

Po‘lat Mo‘minning bolalar hayotidan olingan «Qovoqvoy bilan Chanoqvoy», «Suqatoy va Konfetvoy» (1970), «Bahodirning botirligi» (1972), «Ona bolam deydi, bola onam deydi» (1975), «Oq fil yo‘qoldi» (1983), «Tuyakush-boyaqish» (1987) pesalari respublika teatrlarida sahnalashtirilgan.

A. S Pushkin, V. V. Mayakovskiy, S. Marshak, S. Mixalkov, A. Barto va boshqa rus yozuvchilarining bolalarga bag‘ishlangan asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1998).



Uzpedia.uz