Pablo Neruda: “Nechun xizmat qilar she’rimiz bizning?”
“Men Amerika qit’asini qamrab olgan kurashga jalb etilgan kishi sifatida missiyam xalqning keng qamrovda uyushtirilgan kuchlariga qo‘shilib ketishdan iborat ekanligini anglab yetdim”, deb yozgan edi jahonga mashhur Chili shoiri, ozodlik kurashchisi Pablo Neruda.
So‘z — insonning bari-bari tuyg‘ularini ifoda eta oladi. Barcha yuksak insoniy orzular, xalq ozodligi, erki uchun kurash, avvalo, so‘zdan boshlanadi. Atoqli Chili shoiri Pablo Neruda ijodi, siyosiy faoliyati ibtidosi ham shunday bo‘lgan edi. Erkka da’vat, fashizmga qarshi kurash xitoblari ham dastlab vaqtli matbuot orqali yangradi. Vaqtli matbuot ozodlik uchun, ezgulik uchun kurashda yalovbardorlardan bo‘ldi.
Ozodlik kuychisi, otashin shoir Pablo Neruda she’rlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan, she’riyat muxlislariga uning nomi yaxshi tanish. Shunisi diqqatga sazovorki, Pablo Neruda bundan ancha yillar avval O‘zbekistonga tashrif buyurgan, dunyoga mashhur qadimiy shaharlarimizni ziyorat qilgan. Ayniqsa, shoirga ko‘hna Buxoro shahri juda yoqib qolgan. U bu shahardan ustalarimiz, hunarmandlarimiz qo‘llaridan chiqqan milliy buyumlar, sopol idishlar, so‘zanalar, turli osori-atiqalardan olib ketgan, Chilidagi uyining bir xonasini Buxorocha bezagan va uni “Buxoro uyi” deb atagan. O‘zi ta’rif berganiday, bu yerda “Buxoro muzeyi”ni tashkil etgan ekan.
Biz hozir e’tiboringizga havola etayotgan maqolada Pablo Nerudaning ozodlik uchun, yuksak insonparvar g‘oyalar uchun ziddiyatlarga to‘la kurashchan hayoti haqida hikoya qilinadi (“Veg und tsil” gazetasidan olindi, muallifi Xelmud Ritsi, Vena).
“Yaltirab o‘chishi misli bir kunlik kapalaklarga qiyoslanmish ko‘pdan-ko‘p adabiy mukofot, sovrinlarni olishimdan nima naf? Hayotimda Lotaning toshko‘mir qatlamlari orasidan, kondan holdan toyib, sillasi qurib, go‘yoki jahannamdan chiqqanday, quyoshda cho‘g‘day qizigan selitra konidan chiqqan, ko‘zlari changdan yoshlangan, og‘ir, sermashaqqat mehnatdan basharasi bujmayib ketgan kishi oldimga kelib, xuddi pampa (Janubiy Amerika dashti)ning butun xaritasi tushurilgan kabi g‘adir-budir, serajin qo‘llarini menga uzatib: “Men seni taniyman, birodar”, degan on men uchun eng baxtiyor lahza, eng katta mukofot edi bu”.
Pablo Neruda “Men yashaganligimni tan olaman” xotiralar kitobida shunday yozgandi. Atoqli shoir o‘zini “O‘z xalqi shoiri” deb atashga hamma asoslari bor edi. Kim-kim, undan boshqa hech kim Pablo Nerudachalik Chili atalmish ona yurti haqida ilhom bilan haqqoniy yoza olmagan!
Yosh yigit Neftali Rikardo Reyes Basualto to Chili ishchi va dehqonining birodari bo‘lmish Pablo Nerudaga aylanguncha mashaqqatli va uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. Bu yo‘lda uni adashishga, chalg‘ishga qo‘ymaydigan alohida davrlar bo‘ldi.
...1904 yilning 12 iyul kuni parovoz mashinisti oilasida peshonasiga butun jahon adabiyoti tarixida yangi sahifa ochish bitilgan o‘g‘il dunyoga keldi. Bu bola qalbida go‘dakligidan vatanga teran muhabbat kurtak yozdi. Chilining betakror go‘zal tabiati shoir Pablo Neruda uchun butun umri davomida tuganmas ilhom manbai bo‘ldi. Shoir uchun uyg‘unlik va mukammalik mujassam bo‘lgan ana shu zamin, tog‘lar, dengizni umri bo‘yi kuylab o‘tdi. Shoir asarlarida “ona tabiat” timsoli bilan bir qatorda boshqa bir she’riy ramz — “xalq daraxti” ham paydo bo‘ladiki, Neruda bu so‘zlar zamirida mehnatkash, bunyodkor insonning eng yuksak, olijanob orzu-o‘ylarini nazarda tutadi. Aynan ana shu ikki tushuncha Nerudaning voqelikni badiiy idrok etishi asosini belgilab berdi.
Yigirma uch yoshga kirgan, bu paytga kelib Santyagoda shoir bo‘lib tanilgan Neruda diplomatik xizmatga kiradi. U Rangun, Kolombo va Singapurda umrining besh yilini o‘tkazadi. Bu yerda u “Yer — men yashaydigan makon” kitobining birinchi qismini tugatadi. Bu to‘plamni tashkil etgan she’rlarda Nerudaning vatan sog‘inchi, ayriliq iztiroblari aks etadi. She’rlar mustamlakachilar tuprog‘iga tushib qolgan, bu yerdagi tartibga ko‘nika olmagan, ularga qarshi turishga kuchi yetmagan yolg‘iz odamning dil og‘riqlari bilan limmo-lim edi.
1933 yilda Pablo Neruda Argentinaga konsul etib tayinlanadi va nihoyat o‘z do‘stlari bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu paytgacha shoirni qiynagan iztiroblardan asar ham qolmaydi.
U Buenos-Ayresda ispan shoiri Federiko Garsia Lorka bilan tanishadi. Ularni, to Garsia Lorka 1936 yilda fashistlar tomonidan qatl etilgunga qadar, do‘stona munosabatlar bog‘lab turdi. Neruda Garsia Lorka orqali o‘sha yillar hur, isyonkorlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan ispan she’riyatini kashf etadi. Respublika davri ispan adabiyoti sabog‘i Chili xalq shoirining shakllanib kamolga yetishida dastlabki pog‘ona bo‘ladi.
Pablo Neruda 1934 yili Barselonaga, so‘ngra 1935 yilning fevral oyida Madridga konsul qilib tayinlanadi. U Garsia Lorka ko‘magida “27 avlod” guruhidagi shoirlar bilan aloqa o‘rnatadi. Ular orasida Visente Aleysandre (1977 yildagi Nobel mukofoti sovrindori), Xorxe Gilen, Luis Sernuda, Pedro Salinaslar bor edilar. Shuningdek, Neruda Garsia Lorka bilan birgalikda fashistlarga qarshi ziyolilar uyushmasini tashkil etgan, keyinroq jahonda tinchlik o‘rnatish harakatida faol qatnashgan Rafael Alberti bilan yaqindan tanishadi.
Chili hukumati Ispaniyada Franko fashist rejimi o‘rnatilgach, nazarlarida respublikachilarni qizg‘in qo‘llab-quvvatlayotgan konsulini Madriddan chaqirib oladi. Pablo Neruda 1936 yili “Jahon shoirlari ispan xalqini himoya qiladi” to‘plamini chop etadi. 1937 yil fevralida Garsia Lorka xotirasiga bag‘ishlangan nutq irod etadi. U o‘z nutqida Ispaniya respublikasini qonga botirishga ahd qilgan qotillarni la’natlaydi. Aprel oyida esa Pablo Neruda Peru shoiri Sesaro Valexo bilan birgalikda “Ispaniyaga yordam Lotin Amerikasi guruhi”ni tashkil etadi, iyulda esa Amerika xalqlari kongressida Ispaniya respublikasini himoya qilib chiqadi. U yana Madaniyatni himoya qilish xalqaro kongressini tashkil etishda faol qatnashadi (1937 yil). Bu ishda unga Elyuar, Aragon, Malro, Valexo, Gilen, Karrenter singari Yozuvchilar yordam beradilar.
Pablo Nerudaning eng yaqin do‘stlaridan biri Ernan Loyola (1973 yil sentyabrigacha Chili universiteti professori bo‘lgan) 1964 yili shunday deb yozgan edi: “Neruda she’riyatda ijod qilar ekan, Ispaniyadagi fuqarolar urushi ta’siri ostida o‘zi uchun Chilini qaytadan kashf etdi”.
Pablo Neruda 1937 yil oktyabrida vataniga qaytib, madaniyatni himoya qilish maqsadida Chili ziyolilar uyushmasiga asos soladi. Oradan bir oy o‘tgach esa Ispaniyada fuqarolar urushi alanga olishi bilan yoza boshlagan “Qalbimdagi Ispaniya” kitobini nashr qiladi. 1939 yili Pablo Neruda diplomatik xizmatga qaytadi, Parijga jo‘naydi. U keyinroq o‘z memuarlarida maxsus qayta jihozlangan “Vinnipeg” yuk kemasida Chiliga fashizm zulmidan qochgan ispanlarni o‘tkazib yuborishga muvaffaq bo‘lganligini “Hayotimdagi eng olijanob missiya”, deb aytadi.
1945 yil mart oyida Pablo Neruda Tarapak va Antofagast viloyatlaridan Chili senatiga saylanadi. U “savodsiz va yalangoyoq odamlar” vakili, selitra va mis konlari ishchilari saylagan deputat bo‘ladi.
1947 yil oktyabrida mashhur shoir, senator Amerika qit’asi xalqlariga Chilida ozodlik va demokratiyani himoya qilishga da’vat etgan “Millionlab kishilarga ochiq maktub”i bilan murojaat etadi.
Hukumat doirasidagilar senator Pablo Nerudaning deputatlik daxlsizligidan mahrum qilish uchun bu maktubdan foydalanib qoladilar. U bunga javoban milliy kongressda g‘azab bilan ma’ruza qiladi:
— Meni shaxsan ta’qib qilayotganlari bilan faxrlanaman. Azob chekayotgan va adolat uchun kurashayotgan xalq kim jamiyat oldidagi burchiga sodiqligi-yu, kim unga xiyonat qilayotganligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, amin bo‘lganligi uchun ham faxrlanaman, — deydi Pablo Neruda.
Uni hibsga olish haqidagi buyruq uzoq kuttirmaydi. Shoir yashirinishga majbur bo‘ladi, shu kungacha o‘zi bilmagan yuzlab odamlar unga yordam beradilar. Pikasso, Elyuar, Aragon sirli ravishda jo‘nashi kerak bo‘lgan Pablo Nerudani Frantsiyada kutib oladilar. U birinchi tinchlik tarafdorlari kongressi minbaridan turib, butun insoniyatga qurollanish poygasini jilovlash, fashizmning tomir otishiga yo‘l qo‘ymaslik da’vati bilan murojaat etadi.
O‘tgan asrning 73 yili Chili xalqining buyuk shoiri dunyodan ko‘z yumadi. Ammo uning o‘tli she’riyati, ozodlik, hurlik va tinchlik yo‘lidagi qarashlari boqiylik timsoli sifatida hamisha qadrlanadi.
Ma’suma Ahmedova tayyorladi
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).
Uzpedia.uz