Pablo Escobar
Pablo Emilio Escobar Gaviria (ispancha: Pablo Emilio Escobar Gaviria; 1949-yil 1-dekabr, Rionegro — 1993-yil 2-dekabr, Medelin) — Kolumbiyalik mashhur yirik narkobaron, qotil, terrorchi, oʻgʻri, siyosatchi va milliarder. Giyohvand moddalar savdosidan boyib ketgan. U tarixga “Kokain qiroli” nomi bilan kirgan. «Forbes» jurnalining 1989-yilgi sonida Escobarning boyligi 9 milliard dollardan ziyod ekanligi aytilgan. Boshqa manbalarda esa, uning umumiy boyligi 30 milliard dollardan ortiq ekanligi va AQShdagi 80 foiz kokainni aynan Escobar “ishlab chiqarayotganligi” aytilgan. Escobarning nomi nafaqat Kolumbiyada, balki butun dunyoda taniqli edi. U ayniqsa, aholining kambagʻal qismi, bekorchi va koʻchabezorilari orasida mashhur boʻlgan. “Doktor”, “Janob”, “Ruhoniy”, “Sehrgar”, “Podshoh” kabi laqablarga ega boʻlgan.
Biografiyasi
Yoshlik yillari
Pablo Escobar 1949-yilning 1-dekabrida Kolumbiyaning Antokiya Departamentiga kiruvchi Rionegro shaharchasida fermer Xesus Escobar va oʻqituvchi Hermilda Gaviria oilasida tugʻilgan. Oiladagi yettita farzanddan uchinchisi edi. Maktab va oʻqishga deyarli qiziqmagan, koʻp vaqti koʻchada, Medelin shahrining xilvat mahallalarida oʻtgan. Biroz vaqt Lotin Amerikasi Avtonom Universitetiga borgan.
Jinoyat olamiga kirib kelishi
Dastlab Pablo qabrlar ustidagi marmar toshlarni oʻgʻirlab, ulardagi yozuvlarini oʻchirgan va panamalik chayqovchilarga pullagan. Keyinroq tamaki, koʻknori, qalbaki lotereyalar savdosi va mashina oʻgʻirlash bilan ham shugʻullangan. Oʻgʻirlik va noqonuniy savdodan kamida million dollar ishlab topgan. Bu ishlarda Pablo Medellindagi oʻz davrining taniqli jinoiy “avtoritet”laridan Bernal Aguirro va Alvaro Prieto bilan hamkorlik qiladi. Bu orada atrofiga koʻplab yigitlarni yigʻib, uyushgan jinoiy guruh tuzgan. 1971-yili Pabloning odamlari tomonidan Medellindagi boy sanoatchi Diego Echavarría Misas oʻgʻirlab ketiladi. Pablo uni ozod qilish evaziga katta tadbirkorning oila aʼzolaridan pul talab qiladi, biroq omadsizlik tufayli bu reja amalga oshmay, jinoyatchilar Misasni oʻldirishga majbur boʻlishadi. Pablo bu voqea haqida butun shaharga ochiqchasiga maʼlum qiladi. Pabloning bu ishi uchun unga shaharliklar “Doktor” deb laqab qoʻyadilar. Bu vaqtda Pablo hali 21 yoshda edi.
Kokain karteli
Pabloning odamlari safi muntazam kengayib bordi. U giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullana boshladi. 1978-yilning oʻrtalarida Escobar va bir necha hamtovoqlari Ekvadordan Medellinga qaytayotganlarida qoʻlga tushadilar. Ularning yonidan 39 kilogramm miqdordagi kokain topiladi. Pablo politsiya va sudyalarga pora taklif qiladi, ammo kutilgan natijaga erisholmaydi. Uning ustidan “ish” ochilib, sud qilinadi va qamoqda oʻtirishga majbur boʻladi. Biroq, Pablo bir necha politsiyachini oʻldirib, qamoqdan qochishga erishadi va keyinchalik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan qoʻrqitish, pora berish orqali “gaplashadigan” boʻladi.
Pablo va uning akasi Roberto Escobar giyohvand moddaning yangi turi – kokain biznesini tashkil etdilar. Aka-uka Escobar bir necha marta Peruga borishgan va u yerdan kokain tayyorlash uchun oz miqdorda aralashma olib kelishgan. Bu aralashmadan ishlab chiqarilgan kokain juda tez ommalashdi va Pablo uni tarqatishni butun mamlakat boʻylab amalga oshira boshladi.
Narkotrafik 1970-yillarda AQShda keng tarqalgan edi. Giyohvandlar asosan marixuanaga oʻrganib qolishgan va uni topish juda qiyin boʻlib qolgandi. Kolumbiyada esa, kokain savdosi endi rivojlanayotgandi.
1975-yildan boshlab Pabloning tashabbusi bilan kokain yetishtiriladigan plantatsiyalar va uni qayta ishlaydigan laboratoriyalar tashkil topa boshladi. Kokain dastlab butun Kolumbiya hududida tezlik bilan tarqaldi. Pablo va uning jinoiy sheriklari koʻplab kokainni Amerika mamlakatlariga tarqalishi (kontrobanda)ni yoʻlga qoʻyadilar: 2-3 yil ichida Kolumbiyadan Panama, Gvatemala va Meksika orqali AQShga kokain joʻnatiladigan “maxsus yoʻl” tashkil topdi. 1977-yilda Pablo uch nafar givohfurush hamtovoqlari bilan “Medelin kokain karteli” nomli yirik jinoiy tashkilotga asos soladi. Bu tashkilot kokain ishlab chiqarish va tarqatish borasida dunyoda tengi yoʻq edi..
Medellin kokain karteli kun sayin rivojlanib bordi. Pablo Escobar ushbu kartelning rahbari oʻlaroq, “kokain qiroli” boʻldi. Kartel ixtiyorida 6 ta vertolyot, 15 ta yuk tashish uchun samolyot, kemalar, juda katta miqdorda qurol-yarogʻ, hatto suvosti kemasi bor edi. Kokain partiyasi, asosan Texas va Florida shtatlariga yetkazib berilar va butun mamlakat boʻylab tarqatilardi. Tez orada Pabloning sheriklari Carlos Lehder va Robert Vesco Bagama orollaridan birida “Normanʼs Cay” deb nomlangan orolchani sotib oladilar va uni narkotik moddalar transportirovka qilinadigan bazaga aylantiradilar. Orolda kokain saqlanadigan maxsus omborlar, ishchilar uchun turar joylar, shuningdek, mehmonxonalar, kafelar va boshqa obyektlar qurildi. Pabloning oʻz ixtiyorida esa, 7 kvadrat kilometr maydonga ega boʻlgan “Hacienda Napoles” nomli yirik majmua boʻlib, unda turar joy, omborxonalar, hayvonot bogʻi bor edi 1980-yillarning oʻrtalarida Escobar tomonidan AQShga har kuni 90 tonnagacha kokain reaktiv samolyotlar va kemalar orqali yetkazib berilar edi. Kokain asosan baliq va shunga oʻxshash “maskirovkalar” bilan berkitilgan.
Pabloning kokain biznesi haqida uning akasi va yaqin yordamchisi Roberto Escobar shunday degan:
Medellin kokain karteli tomonidan 1980-yilda birgina AQShga har kuni 15 tonnadan ziyod, yaʼni qiymati yarim milliard dollardan ham ortiq kokain “eksport” qilinardi. Shuning uchun ham Pablo qisqa muddat ichida dunyoning eng badavlat kishilaridan biriga aylandi[17].
Siyosiy faoliyati
Kolumbiyada ildiz otgan korrupsiya Escobarning kokain biznesi rivojlanishiga juda keng yoʻl ochib bergandi. Escobar hukumat bilan “kumush yoki qalay”, yaʼni “pulni olib jim boʻl yoki hayoting bilan vidolash!” prinsipi asosida ishlardi. Yuzlab oddiy fuqarolar, prokuror, politsiyachilar shu prinsip tufayli halok boʻlganlar, ayrimlari pora evaziga sotilib ketgan. Pablo kokain biznesi rivoji haqida shunday degan:
Bir odamga pora berasan, yana bir odamga pora berasan, soʻng ular orqali pulingni qaytarib olaverasan.[18]
1982-yilda 32 yoshli Pablo Escobar Kolumbiya Liberal partiyasining aʼzosi boʻldi. U mamlakat parlamenti – Vakillar Palatasiga deputatlikka saylandi. Endi u mamlakat rahbari boʻlishni niyat qila boshladi. Biroq, u bu yoʻlda yirik toʻsiqqa uchragan.
Kolumbiyada Prezidentlik saylovlari boshlanishidan avval Kolumbiya Adliya vaziri Rodrigo Lara Bonilla “jinoiy faoliyatdan kelgan daromadlarni saylovga aralashtirmaslik” uchun narkotrafikka qarshi kampaniya boshlab yubordi. Nihoyat, 1984-yilda vazirning harakatlari bilan Escobar parlamentdan quvilgan va Prezident lavozimiga nomzodlar roʻyxatidan oʻchirilgan. Buning uchun Escobar vazirdan oʻch olgan: uning mashinasini ottirib tashlagan, vazir joyida oʻlgan.
Terrorchilik va qoʻporuvchilik harakatlari
1980-yillarning oʻrtalariga kelib Ronald Reagan boshchiligidagi AQSh maʼmuriyati narkotik moddalarning nafaqat AQSh, balki butun dunyoda tarqalayotganligidan xavotir bildirdi. Ular Kolumbiya rahbariyatidan kokain savdosi bilan shugʻullanayotgan jinoyatchilarni AQSh maʼmuriyatiga berishni talab qildilar. Kolumbiya hukumati Escobardan va u boshqarayotgan narkokartel aʼzolaridan taslim boʻlishni talab qildi. Narkomafiya esa bunga javoban “LOS EXTRADITABLES” deb ataluvchi terrorchilik tashkiloti tuzdi.
1985-yili terrorchilar tomonidan Kolumbiya Oliy sudining binosi portlatib yuboriladi. 3 nafar sudya halok boʻladi.
Escobarning terroristik guruhi tomonidan 1989-yilda Kolumbiya prezidenti saylovi arafasida Prezidenlikka nomzodlar - Luis Carlos Galan, Oliy sud raisi va ichki ishlar vaziri oʻldiriladi.
Shu bilan birga, Medelin kokain karteliga raqobatchi Kali karteli oʻrtasida ham keskin olishuv sodir boʻladi. Oʻzaro nizolar natijasida koʻp qurbonlar beriladi.
Hukumat tomonidan mamlakatdagi kokain plantatsiyalari yoʻq qilinayotgan bir paytda, terrorchilar maxfiy politsiya rahbariga suiqasd uyushtiradilar. Hujum natijasida 62 kishi halok boʻladi, 100 dan ortiq kishi jarohatlanadi.
1993-yil 30-yanvar kuni Pabloning odamlari tomonidan Bogotadagi kitob doʻkonlaridan biriga bomba qoʻyiladi. Portlash natijasida 21 kishi halok boʻladi.
Qidiruv
Kolumbiya hukumati Escobarni qoʻlga olish uchun mamlakat ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, polkovnik Hugo Martínez boshchiligida “maxsus guruh” tuzadi. Qidiruv ishlari natijasida Escobar guruhidan bir necha kishi qoʻlga olinib, AQSh maʼmuriyatiga topshiriladi. Pablo kelishuvga erishish yoʻllarini qidira boshlaydi. Buning uchun u bir qancha yirik hukumat amaldorlarini garovga oladi va ularni qoʻyib yuborish evaziga hukumatdan uning jinoyatlarini kechirilishni talab qiladi. Talablarning barchasi bajarilgan taqdirda, Pablo baʼzi mayda jinoyatlarini tan olishga va qamoqxonada oʻtirishga vaʼda beradi.
“La Cathedral” qamoqxonasi
1991-yilda Pablo Escobar Kolumbiya prezidenti César Gaviria boshchiligidagi “hukumatga taslim boʻlishi va jazoga roziligi”ni aytadi. U oʻzi qurgan “La Cathedral” nomli qamoqxonada oʻtirgan. Qamoqxona koʻngilochar majmuaga oʻxshatib qurilgan boʻlib, Pablo istagan vaqtida bu yerga kelib-ketib yurgan, jinoiy ishlarini davom ettiravergan.
Uning bu hatti-harakatlaridan xabar topgan davlat rahbari Pabloni haqiqiy qamoqxonaga tashlashni buyurgan. 1992-yil 22-iyulda Pablo qamoqdan qochib, yashirinadi.
Qidiruv bloki va “Los Pepes”
Escobarni qoʻlga olish uchun tuzilgan “maxsus guruh”ga qoʻshimcha, uning jinoyatlari qurboni boʻlgan shaxslarning yaqinlari birlashib, “LOS PEPES” yaʼni «
Pe rseguidos por
P ablo
Es cobar» — “Pablo Escobarni taʼqib etuvchilar” guruhini tuzadilar. Guruh aʼzolari asosan, terroristik aktlar natijasida, shuningdek Pabloning jinoiy ishlariga homiylik qilishni istamagani uchun halok boʻlgan kishilarning yaqinlaridan tashkil topgan edi. Ular butun mamlakat boʻylab Escobarga tegishli uylarga hujum uyushtirib, uning bir qancha mol-mulkiga zarar keltiradilar.
Hayotining tugashi
Pablo Escobar bir necha oy davomida yashirinib yurishga majbur boʻlgan. 1993-yilning 2-dekabr kuni Escobar xotiniga qoʻngʻiroq qiladi. Suhbatni “proslushka” qilayotgan “maxsus guruh” xodimlari uning turar joyini aniqlaydilar. Tez orada Escobar yashiringan koʻp qavatli uy qurshab olinadi. Harbiylar uning uyiga bostirib kiradilar. Uyda Escobar, uning bir tansoqchisi va ikki nafar xizmatkori bor edi. Pabloning tansoqchisi Alvaro de Jesús Agudelo harbiylar bilan boʻlgan otishmada halok boʻladi. Xizmatkorlar oynadan pastga sakrab, qochib ketayoganda politsiyachilar tomonidan otib oʻldiriladi. Pablo Escobarning oʻzi bino tomi orqali qochayotgan vaqtida, “maxsus guruh” snayperi uning oyogʻiga oʻq uzadi va u yerga qulab tushadi. Yaralangan va yerda yotgan Escobarning boshiga qarata snayper tomonidan yana ikkita oʻq uziladi.. Baʼzi manbalarda Escobar oʻz joniga qasd qilgan boʻlishi mumkinligi aytiladi.
Pablo Escobarning vafotidan keyin Medelin kokain karteli butunlay barham topdi. Koʻp oʻtmay, 1990-yillar oʻrtalariga kelib, unga raqobatchi Kali karteli ham batamom yoʻq qilindi.
Xayriya ishlari
Pablo Escobar Kolumbiyadagi kambagʻal aholiga har doim yordam bergan. Ayniqsa, bolalar futboliga qilgan homiyligi uchun u xalqning eʼtiborini qozongan. U homiylik qilgan Atlético Nacional futbol jamoasi 1989-yilgi Janubiy Amerika futbol chempionati gʻolibi boʻlgan.
Mamlakat gʻarbidagi eng yirik hisoblangan Rim katolik cherkovining qurilishini ham Pablo Escobar moliyalashtirgan.
Oilasi
Escobar 1976-yili 15 yashar Mariya Viktoriyaga uylangan. Undan ikki farzandi: (Xuan Pablo va Manuela) bor. Escobarning oʻlimidan soʻng, uning xotini va farzandlari Argentinaga koʻchib oʻtishgan. Shuni aytish kerakki, uning oʻgʻli Sebastian jurnalistlarga bergan intervyusida shunday degan: "Biz qochqin paytida ekanligimizda, otam men va singlimni sovuqdan asrash va ovqat tayyorlab berish uchun naqd 2 million dollarni gulxanga tashlagan".
OAV Escobar haqida
Kitoblar
Filmlar
Musiqa
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org