O'zelektrapparat Aksiyadorlik Jamiyati
"OʻZELEKTRAPPARAT" AKSIYADORLIK JAMIYATI — energetika mashinasozligining yirik korxonasi. "Oʻzeltexsanoat" uyushmasi tarkibida. Toshkent shahrida joylashgan. Past voltli butlovchi uskunalar va past voltli asbobapparatura (elektr styalar energobloklari podstansiyalari va boshqalar uchun shchit qurilmalari, katod himoyasi st-yalari, boshqarish pultlari, rele qurilmalari va boshqalar) ishlab chiqaradi. 1941-yil 15-oktabrda Toshkentga evakuatsiya qilingan Xarkov "Elektr stanok" mashinasozlik zavodi uskunalari bazasida Toshkent "Elektr stanok" zavodi nomi bilan tashkil etilgan va elektr jihozlari hamda front uchun minalar ishlab chiqargan. 1946-yilda bu zd Moskvadan evakuatsiya qilingan "Yuqori chastota toklari" zavodi bilan birlashtirilib Toshkent elektr texnika zavodiga aylantirildi. Urushdan keyingi davrda turli elektr jihozlari ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. 1971— 91 yillarda Oʻrta Osiyo "Elektrapparat" ishlab chiqarish birlashmasining bosh korxonasi [birlashma tarkibiga Toshkent plastmassa buyumlari zavodi, "Toshelektromash" zavodi, Andijon "Elektrapparat", Marhamat (Andijon viloyati), Adrasmon (Tojikiston), Olmaota past voltli apparatlar zdlari, Butunittifoq relesozlik ilmiy tekshirish institutining Toshkent boʻlimi kirgan].
1994-yildan ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati. 2005-yildan korxona Oʻzbekiston —Rossiya —Britaniya qoʻshma korxonasi — aksiyadorlik jamiyati. Korxona mahsulotlari 1994—99 yillarda xalqaro koʻrgazmalar va tanlovlarda 14-marta (Madrid, 1994; Mexiko, 1995; Parij, 1995; Jeneva, 1996; Rim, 1999 va boshqalar) sifat sovrinlariga sazovor boʻlgan. Mahsulotlari chet ellarga eksport qilinadi. 2004-yilda 1,14 mlrd. soʻmlik tovar mahsulot ishlab chiqarildi.
uz.wikipedia.org