O'zbekxon Sulton Muhammad
Oʻzbekxon Sulton Muhammad (taxminan 1282—1342) — Oltin Oʻrda xoni (1312—42). Oʻzbek millatining asoschilaridan biri. Birinchi „oʻzbek“. Mangu Temurxonning nevarasi. 1313 yil amakisi Toʻqtayxon (Toʻxta) vafotidan soʻng nufuzli amirlar Qutlugʻ Temur va Isatoybek qiyot yordamida taxtga oʻtirgan. Islomni davlat dini sifatida joriy etgan, gʻayridinlarni qattiq taʼqib etgan. Bu amirlarning isyoniga olib kelgan, biroq u beayov bostirilgan. Oltin Oʻrdadagi ichki nizolarga chek qoʻygan, saltanatining yuksalishiga erishgan. Bu davrda hokimiyat markazlashgan, uluslar viloyatlarga aylantirilgan, ularni noʻyonlar boshqargan. Poytaxt Saroy Botudan Saroy Berka shahriga koʻchirilgan. Oltin Oʻrdaning harbiy salohiyati kuchaygan, qoʻshin miqdori 300 ming kishiga yetgan. Rusning yagona davlat boʻlib birlashishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida rus knyazlarini bir-biriga qayrab turgan. Tverning ulugʻ knyazi Mixail Yaroslavichni rus knyazliklarini birlashtirib, rus yerlarini moʻgʻullar asoratidan xalos boʻlishi yoʻlidagi saʼyharakatlariga qarshi kurashgan. Oʻ. 1317 yil Moskva knyazi Yuriy Dashkovichga ulugʻ knyaz maqomini berib unga singlisi Konchakani xotinlikka bergan. Oʻ. Yuriyga qoʻshin bergan, biroq Mixail bu qoʻshinni yenggan. Shunda Oʻ. Mixailni Oʻrdaga chaqirib yasoqqa tortgan (qatl ettirgan). 1327 yil Oʻ. Moskva knyazi Ivan I Danilovich Kalita yordamida Tverdagi isyonni bostirgan, soʻngra Shim.Sharqiy Rusning asosiy hududini 2 qismga boʻlib, ularni Moskva va Suzdal knyazlariga bergan. 1339 yilOʻ. IvanKalita qutqusi bilan Tverning ulugʻ knyazi Aleksandr Mixaylovichni oʻgʻli Fyodor bilan qatl etgan. U., shuningdek, jan.da ham faol siyosat yurgizgan. 1319 va 1335 yillarda u Arronga — hulokuiylarning hozirgi Ozarbayjon hududidagi mulkiga yurishlar qilgan.
[[Fayl:Golden Horde Uzbek.png|thumb|O'zbekxon davridagi Oltin O'rda hududlari[[Fayl:Указатель могилы Узбек-хана.jpg|thumb|alt=A.|Aqtau shahridan chiqishdagi Oʻzbekxon mozoriga yoʻl koʻrsatkichi]]]]
Arab sayyohi Ibn Battutaning yozishicha (u 1333-yil Saroy Berkada Oʻ. qabulida boʻlgan), shaharda 6 xalq: moʻgʻullar, alanlar, qipchoqlar (turkiylar), cherkaslar, slavyanlar va yunonlar yashagan, ularning shaharda oʻz mavzelari boʻlgan. Oʻ. Saroy Berkada koʻplab masjidlar, madrasalar, saroylar, maqbaralar qurdirgan. Oʻ. yangi shaharlar barpo etish va turli inshootlar qurishga katta eʼtibor qaratgan. Eski Qrim (Solxat)da u qurdirgan masjid bugungi kungacha saqlanib qolgan. Poytaxt Saroy Berkada koʻplab shoirlar, olimlar, musiqashunoslar va meʼmorlar yashagan. Shoirlar turkiy tilning Xorazm lahjasida ijod qilgan. Mashhur "Qipchoq kodeksi" — adabiydiniy va siyesiy matnlardan iborat noyob toʻplamga tartib berish 1340-yilda tugallangan. Baʼzi turkiy urugʻlar va qabilalar Oʻzbekxon nomi bilan atalib, keyinchalik ular uzbek xalqi (qarang Oʻzbeklar) tarkibiga kirgan. Shoʻro tarixnavisligida oʻzbek xalqi oʻz nomini Oʻzbekxondan olgan degan gʻayriilmiy qarash ustun boʻlgan.
Adabiyot
Qahramon Rajabov.
uz.wikipedia.org