O'zbekistonning zararkunanda hayvonlari
Zararkunda hayvonlar. Tabiatda juda koʻplab foyda keltiradigan hayvonlardan tashqari, ularning
qishloq xoʻjaligi ,
oʻrmonchilik ,
oʻsimliklar ,
omborlarda saqlanayotgan gʻallalarga ,
kiyim-kechaklarga juda zarar yetkazadigan turlari bor. Shuningdek, bir qancha hayvonlar odamlar, chorva mollari, uy va yovvoyi hayvonlarda parazidlik qiladi yoki kasallik qoʻzgʻatuvchilarni yuqtiradi.
Qishloq xoʻjalik ekinlari zararkunandalari
Qishloq xoʻjalik ekinlari zararkunandalari respublika qishloq xoʻjalik ekinlariga zarar keltiradigan hayvonlarning anchagina qismini kemiruvchilar, hasharot, kanalar va ayrim nematodalar tashkil qiladi.
Har bir ekin, daraxt, oʻrmon va boshqa oʻsimlik turining oʻziga xos zararkunandalari mavjud.
Texnika ekinlaridan gʻoʻzaga 200 dan koʻproq tur hasharotlar, ayniqsa, dala qandalasi, gʻoʻza shirasi, tamaki tripsi, kuzgi va gʻoʻza tunlamlari, karadrina, kanalardan esa oʻrgimchak kana jiddiy zarar yetkazadi.
Boshoqli ekinlarni hamma xoʻr turlardan chigirtkalar, temirchaklar, buzoqboshi, kuzgi va boshqa ildiz kemiruvchi tunlamlar, qirsildoq qoʻngʻizlar, qora tanli qoʻngʻizlar va boshqa, ixtisoslashgan zararkunandalardan shvet pashshasi, bugʻdoy tripsi, puch gul tripsi, xasva, shilimshiq qurt, poya burgachalari, nematodalar koʻp zararlaydi.
Makkajoʻxorining ekilgan urugʻlari va uning yer ostki qismini simqurtlar, soxta sim qurtlar, buzoqboshi, kuzgi tunlam qurtlari, yer ustki qismini esa chigirtkalar, shvet pashshasi, makkajoʻxori kapalagi, leukan tunlami qurtlari, soʻta va donlarini gʻoʻza tunlami qurtlari shikastlaydi.
Gʻoʻza, kanop, kartoshka va sabzavot ekinlariga boʻrtma nematodalari, sholiga sholi nematodasi, kartoshkaga kartoshka nematodasi katta zarar yetkazadi. Respublikada ekinladigan sholining 30 dan ortiq tur zararkunandasi qayt etilgan. Bular — qirgʻoq chivini, sholining suv filchasi, sholi chivini, arpa minori, bahorchi, poya ichidagi arrakash, makkajoʻxori kapalagi, qandalalar, trips, boshoqsimonlar biti, chirildoq, sholi chigirtkasi, sholining barg nematodasi kabilar. Lalmi ekinlarda, ayniqsa, hamma xoʻr hasharotlardan chigirtkalar, xumkalla qoʻngʻizlar, simqurtlar, qora tanali qoʻngʻizlar, qandalalar, yovvoyi tunlam, karadrina, boshoqli don ekinlarda bugʻdoy tripsi, shilimshiq qurt, katta boshoq biti, xasva, turkiston don bizildoq qoʻngʻizi, don arrakashi, gessen va shved pashshalari, dukkakli don ekinlarda noʻxat biti, noʻxat don xoʻri, karadrina, goʻza tunlami va boshqalar tarqalgan. Ayniqsa, maxsarning ixtisoslashgan zararkunandalaridan: maxsar qori biti, maxsar ildiz biti, maxsar ildiz filchasi, katta maxsar filchasi, kichik maxsar filchasi, maxsar parvonasi, bangidevona tunlami, maxsar pashshasi qayd qilingan. Lalmi beda zararkunandalaridan beda biti, buxoro tilla qoʻngʻizi, tuganak filchalari, beda filchasi va beda urugʻxoʻri mavjud.
Sabzavot va poliz ekinlari zararkunandalari
Sabzavot va poliz ekinlari zararkunandalari. Kananing doimiy zararkunandalari — karam biti, karam kuyasi, but guldoshlar burgachalari, karam qandalasi, karam oq kapalagi, sholgʻom oq kapalagi, kuzgi tunlam va boshqalar.
Pomidor, qalampir va baqlajonlarga kuzgu tunlam, oʻsimlik shirasi, issiq xona oqqanoti, koʻsak qurti, quyruqli buzoqboshi, korshinskiy shilliq qurti; piyozga esa tamaki tripsi, piyoz pashshasi, piyoz yoki ildiz kanasi va boʻrtma nematodalari; kartoshkaga kartoshka nematodasi zarar yetkazadi.
Poliz ekinlari oʻrgimchakkana, poliz shirasi, tamaki tripsi, poliz qoʻngʻizi, shilliq qurtlar, maysa pashshasi, yovvoyi gʻoʻza tunlamlari, karadrina, chigirtkalar, chirildoqlar, quyruqli buzoqboshi va boshqalardan; kartoshka simqurtlar, soxta simqurtlar, kunduzgi tunlam, ildiz nematodasi va keyingi yillarda ayniqsa kolorado qoʻngʻizidan; lavlagi chipor saraton, lavlagi biti, lavlagi burgasi, lavlagi kulrang uzun buruni va boshqalardan; kanop dala qandalasi, lavlagi kandalasi, nasha shirasi, nasha burgasi, makkajoʻxori kapalagi yoki nasha qurtidan zararlanadi.
Bogʻ zararkundalaridan olma qurti, meva oʻrgimchak kanasi, olma va gʻilofli kuyalar, nok qandalasi, qonli va barg bitlari, nok shira biti, oʻrik filchalari, poʻstloq osti qoʻngʻizlari, oʻrik tunlami, olxoʻri qurti va boshqalar tarqalgan. Tut daraxtiga koʻmstok qurti, tut odimchisi, tut uzun moʻylov qoʻngʻizi va oʻrgimchakkana singari zararkunandalar jiddiy zarar yetkazadi. Tokka oʻrgimchak kana, tok unsimon qurti; yongʻoqqa yongʻoq kichik va katta bitlari, yongʻoq qurti, yongʻoq yumshoq tanli soxta qalqondori; anorga koʻmstok qurti, anor shirasi va anor qurti; anjirga esa anjir parvonasi qurtlari shikast yetkazadi;
Karantin zararkunandalar
Karantin zararkunandalar Oʻzbekistonga birinchi boʻlib karantin zararkunandalardan 1905-yil. 1905-yil qonli bit, 1937-yil. Yaponiyadan tut koʻchatlari bilan koʻmstok qurti kelib qolgan. Hozir bu zararkunandalardan karantinlik nishoni olib tashlangan.
1964-yili koʻchatlar bilan kelgan kaliforniya qalqondori koʻpgina mevali daraxtlarni ziddiy zararlab, qurushiga sabab boʻldi.
Hozirgi paytda ichki karantin hisoblanadi. Kolorado qoʻngʻizi 70-yil boshida kartoshka orqali Toshkent viloyatining Boʻstonligʻ tumaniga tarqalgan. Ichki karantin hisoblangan bu hasharot respublikaning Fargʻona vodiysi, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlari va Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tumanlari xoʻaliklarida koʻpaymoqda.
Oʻrmon zararkunandalari
Oʻrmon zararkunandalari daraxtlarning hamma qismlari-ildizi, poyasi, novda va barglarini zararlaydi.
Qirsildoq qoʻngʻiz lichinkalari, kuzgi tunlam qurtlari ildizga, buzoqboshi qoʻngʻiz lichinkalari yosh nihollarga, oʻsimlik bitlari, terak qandalasi, terak qalqondori, komstok qurti, terak bargxoʻri, qayroqoch bargxoʻri, tengsiz ipak qurti barg vanovdalarga katta zarar keltiradi. Shuningdek, qayrogʻoch katta poʻstloq osti qoʻngʻizlari, qayrogʻoch tilla qoʻngʻizi, shahar moʻylovdor qoʻngʻizi va sassiq daraxt parmalagichi, terak oynaqanoti va boshqalar keng tarqalgan.
Ombor zararkunandalari
Ombor zararkunandalari omborlarda saqlanadigan don va paxta mahsulotlarida 47 tur kanalar (un kanasi, choʻzinchoq kana, turon kanasi, qoramtir kanasi va boshqalar) uchraydi.
Hasharotlardan omborxonalarda saqlanadigan mahsulotlarga gʻalla parmachisi, mogʻombir qoʻngʻiz, tragaderma terixoʻri, magʻrib qoʻngʻizi, surinam qoʻngʻizi, un mitasi, ombor uzunburun qoʻngʻizi, guruch uzunburun qoʻngʻizi, ombor kuyasi, janubiy parvonasi, un parvonasi zarar yetkazadi. Ombor zararkunandalari bilan zararlangan oziq-ovqat mahsulotlarning toʻyimliligi kamayadi, taʼmi buziladi, zararkunanda chiqindisi bilan ifloslanadi. Bunday mahsulotlar isteʼmol qilinganida, ular turli oʻtkir meʼda va ichak kasalliklariga sabab boʻladi.
Kemiruvchi zararkunandalardan sariq yumronqoziq, rerlikt yumronqoziq, kichik qushoyoq, turkiston kalamushi, plastinka tishli kalamush, severtsov sichqoni, koʻrsichqon, jamoa boʻlib yashovchi dala sichqoni, qizil dumli qumsichqon, katta qumsichqon va boshqalar tarqalgan. Bular beda, ayniqsa sholi, bugʻdoy, makkajoʻxori, poliz ekinlari, bazan gʻoʻza va daraxt shox-butoqlariga zarar yetkazadi. Ombordagi oziq-ovqatlarni yeb, teri, qogʻoz va boshqa buyumlarni kemirib ziyon keltiradi.
Gʻoʻzaning oʻsishi davrida uning koʻsaklarini kemirib, chigitini yeb, paxtasini chiqarib tashlaydi. Mevalarni shikastlaydi. Sugʻorish kanallari, irrigatsiya shoxobchalari qirgʻoqlari va yaylovlarini oʻyadi hamda turli yuqumli kasalliklar tarqatadi.
Manbalar
uz.wikipedia.org