O`zbekiston FA Suv muammolari ilmiy tadqiqot institut
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti — yirik tadqiqot muassasasi, Toshkent shahrida joylashgan. 1991-yil 20 iyulda tashkil etilgan. Institut tarkibida 6 ilmiy laboratoriya (suv resurslaridan oqilona foydatanish metodikasi; suvni tejash usullari va sugʻorish texnologiyasi; choʻl suv resurslari; gidrologiya va gidrotexnika; gidrokimyo va suvni tozalash; gidroekologiya va gidrokimyoviy meliorantlar) bor (2004). Institutda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning asosiy yoʻnalishlari: qurgʻoqchilik muhitlarida gidrologiya va gidrogeologiya; xoʻjalik faoliyati taʼsirida suv resurslari miqdorining shakllanishi muammolari, rejimi, sifati, xususiyatlari va qonuniyatlarini kompleks oʻrganish hamda noanʼanaviy suv manbalarini izlash; suvdan oqilona foydalanish, suv va suv obʼyektlarini muhofaza qilish muammolarini oʻrganish; gidrotexnika inshootlaridan foydalanishda xavfsizlik mezonlarini aniklash; suv omborlari va koʻllardagi suvning gidrokimyoviy xususiyatlarining baliqchilikni rivojlantirishga taʼsirini oʻrganish hamda tavsiyalar ishlab chiqish; oqova suvlar sifatini oʻrganish va undan konsentrlangan tuzlarni olish va boshqa.
Institutda Orol havzasidagi ekologik vaziyatning keskinlashuvi sharoitida suv resurslarini himoya qilish va undan foydalanishning ilmiy asoslari, ekinlarni sugʻorishning tejamkor texnologiyalari, jumladan, ekinlarni tomchilatib sugʻorish, egatda pogʻonalab sugʻorish usullari, dare oʻzanlarida roʻy beradigan deformatsion jarayonlarni kosmosdan olingan fotosuratlarga qarab aniqlash usuli va boshqa yaratildi. Institut faoliyati N.R. Hamroyev, A.M.Myhamedov, E.J.Mahmudov, S.A.Azimboyev, E. Shembarisov. L.Sherfedinov, M.O.Yoqubov, B.K.Karimov va boshqa nomlari bilan bogʻliq. Institutda aspirantura va doktorantura bor. "Qurgʻokchil hududlar suv muammolari" yillik toʻplamini nashr etadi.
Manbalar
uz.wikipedia.org