O'zbekiston arablari
O‘zbekiston arablari 1. Arablarning etnik tarixi .
Arablar –
G‘arbiy Osiyo va
Shimoliy Afrika aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi, kelib chiqishiga ko‘ra bir tilda so‘zlashuvchi xalqlar guruhidir (jazoirlik, misrlik, marokashlik, livanlik, bahraynlik, saudiyalik arablar va b.).
Arablarning asosiy qismi
Islom dini ga e’tiqod qilib, ko‘pchiligi
sunniylar hisoblanadi. Islom dinining vujudga kelishi va tarqalishi arablar bilan bevosita bog‘liq.
Rivoyatlarga ko‘ra, arablar
Nuh alayhisalomning Som ismli o‘g‘li dan tarqalgan. Shu bois, ular
somiy (semit) xalqlar tarkibiga kiradi. Arabiston yarim orolining shimoliy mintaqalarida asosan ko‘chmanchi (sahroi) arab qabilalari –
beduinlar yashagan, janub qismidagi arablar esa o‘troq hayot kechirishgan.
Hozirgi kunda O'zbekiston arablari zich joylashgan hududlar – Qashqadaryo viloyatining Qarshi, Mirishkor va Koson tumanlari, Samarqand viloyatining Samarqand, Pastdarg‘om va Kattaqo‘rg‘on tumanlari, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani, Navoiy viloyatining Karmana, Konimex va Nurota tumanlari.
Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi “Arabxona” mahallasida arablarning nisbatan yirik jamoasi istiqomat qiladi. Qachonlardir ular uyur va tuyalarini o‘tlatish maqsadida yangi yaylovlarni izlab kelib qolishgan. Hozirgi kunda ularning kundalik turmushida arablarga xos belgilarni uchratish qiyin bo‘lsa-da, o‘z qabilaviy nomlarini (surux, qorabo‘yin, quraysh, shamshi va boshqalar) saqlab kelmoqda.
Arablar Buxoro, Qarshi, Xo‘jand, Kattaqo‘rg‘on kabi yirik shaharlarda, Koson, Nurota, Sherobod va boshqa tumanlarda ham istiqomat qilib kelishadi.
Qashqadaryo viloyatidagi Mirishkor tumanining Jeynov shaharchasi oltita mavzega bo‘lingan: Xarruk, Bavor, Avon, Andxoy, Chuqurko‘l va Kattapay. Ulardan faqat uchtasi – Avon, Xarruk va Bavorda aholi arab tilida so‘zlashadi. Xarruk va Bavor aholisi ajdodlarining Qarshi tumanida paydo bo‘lishini VII asr bilan bog‘laydilar. Avon aholisining esa bu borada fikrlari ikki xil: ba’zilari Xarruk va Bavordagi qo‘shnilarining fikriga qo‘shilsa, boshqalari o‘z ota-bobolarining Qashqadaryo o‘lkasiga ko‘chirilishini Temur davri bilan bog‘lashadi.
Bir so‘z bilan aytganda, arablar butun O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston bo‘ylab yoyilib ketgan. Bugungi kunda arablarning ko‘pchiligi o‘zlarini o‘zbek yoki tojik deb atashlariga qaramay ota-bobolari arab bo‘lganligi haqidagi tarixiy xotira saqlanib qolingan. Qolaversa, “Arablar”, “Arabxona”, “Eski arab”, “Yangi arab”, “Arabon” va boshqa shu kabi nomlar bilan ataluvchi ko‘plab qishloq va mahallalarning mavjudligi ushbu fikrning to‘g‘riligini asoslaydi.
O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra Jeynov shaharchasi va Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi Arabxona qishlog‘ida yashovchi arablarning 36% o‘zlarini qaysi hududdan kelganligini bilmasligini, 28% Saudiya Arabistonidan, 19% Suriyadan, 9% Afg‘onistondan, 6% Yamandan, 3% esa Iroqdan ko‘chib kelganliklarini bildirishgan.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra bugungi kunda O‘zbekistonda
50 000 nafar arab istiqomat qilib kelmoqda.
O‘rta Osiyo arablari uzoq asrlar davomida yerlik xalqlar bilan qizg‘in madaniy va savdo sotiq aloqalarini o‘rnatgan bo‘lsalar-da, ular ichki nikoh, ayniqsa, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni afzal ko‘rib kelishgan. Arablar, ayniqsa, o‘z qizlarini boshqa xalq vakillariga uzatishmagan. O‘rta Osiyoda nasabi jihatidan o‘zlarini to‘rt ulug‘ sahobiylarga mansub deb biluvchi alohida etnoijtimoiy guruh mavjud bo‘lib, ularda deyarli butunlay ichki nikoh (endogamiya) hukm surgan.
Ular ham o‘zlarini arablardan deb hisoblashi bilan birga, “oqsuyak”, “sayid”, “xo‘ja”, “eshon” kabi toifalarga ajratishgan.
Shuningdek, ichki qabilaviy aloqalar asosan oilaviy tadbirlarda ishtirok etish, o‘zaro yordam va qabiladoshlar qabristoni kabilarda ko‘zga tashlangan.
2. Arablarning O‘zbekiston hududiga kirib kelishi .
Arablarning hozirgi O‘zbekiston hududlariga dastlab kirib kelishi arab halifaligi tomonidan islom dinining boshqa o‘lkalarga yoyilishi bilan bog‘liq.
Arab halifaligiga
632-yil da
Abu Bakr Siddiq (r.a.) tomonidan asos solingan bo‘lib,
1258-yil da mo‘g‘ullar tomonidan tugatilgan.
Arablar O‘zbekiston va Tojikistonning
quruq subtropik vohalarida joylashishgan.
O‘zbekistonda yashovchi arablarni ularning tili, qabilaviy tuzilishi va kelib chiqishiga ko‘ra alohida guruhlar (Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand arablari)ga ajratish mumkin.
Bunday hududiy guruhlarga bo‘linish bilan birga O‘zbekiston arablari orasida uzoq vaqt davomida qabilaviy guruhlar (quraysh, shayboni, sanoni, baluk)ga bo‘linish an’anasi ham saqlanib qolgan bo‘lib, hozirgi kunda unutilgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha yuz yillar ilgari yashab o‘tgan ajdodlarning nomlari sharafiga atalgan zangiboy, baxshinboy, iskandari, rashidi, xodjap kabi guruhlar ham mavjud bo‘lgan.
Arablarning O‘rta Osiyoga kirib kelishi shartli ravishda uch bosqichga bo‘linadi .
Birinchi bosqich, VII asr o‘rtalari – XIII asrlar .
Bu davrda arablar asosan Islom dinini qaror toptirish maqsadi bilan kelib, keyinchalik mahalliy xalqlar tarkibiga singib ketgan.
Ikkinchi bosqich, XIV–XV asrlar .
Bu davr ko‘proq Amir Temurning Iroq, Suriya kabi arab davlatlariga yurishlari natijasida ushbu mamlakatlar aholisining muayyan qismini ko‘chirib keltirishi bilan bog‘liq.
Mazkur davrda ham arablar islom madaniyati va marosimlarini keng tarqatishgan, ularning asosiy qismi chorvachilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Arablar
XX asr boshlari ga qadar o‘zlarining etnik, til xususiyatlari va an’analarini saqlab kelgan. Xususan, Qashqadaryo va Samarqand arablarida Amir Temur davrida olib kelinganliklari haqidagi tarixiy xotira hamon saqlanib qolgan.
Uchinchi bosqich, XVI–XIX asrlar .
Ushbu davrda ko‘chib kelgan arablarning ko‘pchiligi hunarmandlar bo‘lib, asosan Afg‘oniston hududlaridan o‘tgan. Mazkur arablar o‘zlarining til va etnik xususiyatlarini ma’lum darajada unutishgan.
Markaziy Osiyo mintaqasida arablarning aksariyati Zarafshon bo‘ylari, Samarqand shahri atroflaridan tortib, Qorako‘l sohiligacha bo‘lgan oraliqdagi shahar va qishloqlarda, shuningdek, Sherobod, Surxon, Kofirnixon, Vaxsh, Qizilsuv, Jilg‘a daryolarigacha bo‘lgan yerlarda yashashadi. Farg‘ona vodiysining shimolisharqiy tomonida ham arablarning bir guruhi istiqomat qiladi. Andijon viloyatining Bo‘z, Baliqchi, Izboskan va Paxtaobod tumanlarida arablar ko‘pchilikni tashkil qilgan va ular “arab” nomini saqlab qolgan yarim ko‘chmanchi cho‘ponlar bo‘lishgan.
3. O‘zbekiston arablari etnografiyasining o‘rganilishi .
O‘rta Osiyo hududida yashab keluvchi arablar haqidagi ma’lumotlarni o‘rta asr manbalarida va Rossiya imperiyasi tadqiqotchilarining asarlarida uchratish mumkin. Sovet etnografiyasida ular O‘rta Osiyo arablari sifatida o‘rganilgan.
Xususan, G.Seretel (“Arabskie dialektы v Sredney Azii”), I.Vinnikov (“Yazыk i folklor buxarskix arabov”), B.Karmisheva (“O‘rta Osiyo
va Qozog‘iston xalqlari”), S.Volin, X.Ismoilov va R.Rassudova kabi etnolog va etnograflar tomonidan arablarning tarixi, madaniyati, tili va urf-odatlari o‘rganilgan.
Mustaqillik davrida ham O‘zbekiston arablari etnografiyasi etnograflar (R.Rajabov, Sh.Iskandarov, P.Ravshanov) tomonidan o‘rganib kelinmoqda.
4. O‘zbekistonda arab tili .
Shaharlarda va nisbatan tarqoq joylashgan qishloqlarda uzoq yillar davomida mahalliy xalqlar bilan yonmayon yashab kelganlari bois arablarning aksariyati o‘zbek va tojiklar tarkibiga singib ketgan. Buxoro shahri, Qashqadaryodagi ayrim qishloqlarda kompakt holda yashovchi arablargina milliy o‘zligini va arab tilini ma’lum darajada saqlab qolgan.
XX asr boshlari da Qashqadaryo arablarining ma’lum qismi shaharlarga ko‘chib bora boshlagan, lekin keyinchalik yana qishloq hududlariga qaytgan.
Arab tili afroosiyo tillari oilasining
semit guruhi ga kiradi.
O‘rta Osiyo arab lahjalari boshqa ma’lum bo‘lgan arab dialektlaridan batamom farq qilib, butunlay mustaqil guruhni tashkil etadi.
Tarixan Markaziy Osiyo arablarining tili
Iroq va qisman
Markaziy Arabiston badaviylari nutqiga juda o‘xshash.
O‘rta Osiyo arablarining til xususiyatlaridan tashqari tashqi qiyofasi ham ularning Iroq va Markaziy Arabistondan Eron va Afg‘oniston orqali kirib kelganligini tasdiqlaydi.
Hozirgi kunda Buxoro viloyatining G‘ijduvon va Vobkent tumanlarida, Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida va Jeynov shaharchasida yashovchi arablar o‘zlarining ona tillarini muayyan darajada saqlab qolganlar.
O‘zbekiston hududida arab tilining ikkita guruhi –
Buxoro va
Qashqadaryo shevasi mavjud. Buxoro shevasida tojik tilining ta’siri kuchliroq, Qashqadaryo shevasida esa o‘zbek tilining ta’siri sezilarli. Buxoro va Qashqadaryo arablari amalda bir birlarini tushunishmaydi.
Shaharlarda yashovchi o‘troq arablar mahalliy aholi tarkibiga singib ketgan bo‘lishiga qaramay, o‘zlarining til izlarini saqlab qolgan va mahalliy tillarga arab tilidagi ko‘plab so‘zlar o‘zlashib qolgan. Ko‘chmanchi arablar esa yirik qabilaviy guruhlar sifatida joylashar ekan, o‘zlarining xususiyatlarini, jumladan ona tilini uzoqroq vaqt saqlab kelganlar.
Uzoq davrdan buyon arablar yerlik xalqlar bilan chambarchas madaniy aloqada yashab kelgan bo‘lishiga qaramay, o‘z tillarini saqlab qolganligini ba’zi olimlar
eng katta kashfiyot deb ataydi. Ushbu holat o‘rta asrlardan to XX
asr boshlari ga qadar arab tili ilmfan, maktab va madrasalarda savod chiqarish tili bo‘lib kelganligi ma’lum darajada asosiy sabab sifatida ko‘rsatiladi. Biroq, hozirgi kunda O‘zbekistonda yashovchi arablarning tili yo‘qolib ketish xavfi ostidagi tillardan sanaladi.
5. O‘zbekiston arablari xo‘jaligi .
O‘zbekiston arablarining asosiy mashg‘uloti
chorvachilik va
dehqonchilik hisoblangan. Chorvachilikning birmuncha rivojlangan tarmog‘i
qorako‘l qo‘y (bu qo‘y turi xalq tilida arabi qo‘ylar deb ham ataladi) va
tuya naslchiligi bo‘lgan, mamlakatning janubiy hududlaridagi tumanlarda esa dumli qo‘y ko‘p boqilgan.
Arablar
bug‘doy ,
arpa ,
beda yetishtirib,
bog‘ va
tomorqalar ga ham ega bo‘lishgan. Arablarda uy hunarmandchiligidan
paxta matolari va ayniqsa tuksiz, xususan ikki xil ko‘rinishdagi
gilamlar to‘qish o‘rin olgan:
“Qiz gilam” – nozik, asosan qizil rang ishlatilgan, o‘ziga xos bezak berilgan va qizlarning sepiga atab tikilgan gilam. Asosiy motiv baxt va serfarzandlik ramzi sifatida bir juft qushning tasviri hisoblangan.
“Bozorigilam” (yoki “Arabi”) – sotish uchun maxsus tayyorlangan gilam. Asosiy bezagi murakkab kompozitsiyalarga mohirlik bilan birlashtirilgan geometrik shakllar hisoblanadi.
Arablar orasida tuya yungidan
tuya chakmon tikish ham keng tarqalgan.
Hozigi kunda arablar sanoat, savdo, ta’lim va boshqa sohalarda faol mehnat qilishadi.
6. Moddiy madaniyati .
O‘tgan asrlarda O‘rta Osiyo arablarining katta qismi
yarim ko‘chmanchi hayot kechirishgan,
XIX asrning 30 yillari ga qadar esa asosiy turar joylari har xil tuzilishga ega chodir va kapalar bo‘lgan. Shu bilan birga, ko‘p asrlik madaniy aloqalar natijasida ular ham yerlik aholiga xos yopiq hovlilardan iborat doimiy uy joylarda yashay boshlagan.
O‘rta Osiyo arablarining kiyim-kechaklari o‘zbek va tojiklarnikiga o‘xshash. Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi Qamashi qishlog‘i va Mirishkor tumanidagi
Jeynov shaharchasi da yashovchi arab ayollarining bosh kiyimi va taqinchoqlarida o‘ziga xos ba’zi motivlar saqlanib qolingan. Ilgari ushbu tumanlarning arab ayollari burniga sirg‘a taqib yurishgan. Ushbu odat hozirgi kunda Jeynovda saqlab qolingan. Yarim ko‘chmanchi o‘zbek ayollariga o‘xshab o‘tmishda ular yuzlarini berkitishmagan.
Arab ayollarining an’anaviy bosh kiyimlari rangi ularning oilaviy holatidan darak berib turgan. Masalan, oilali ayollar
oq rangli ro‘mol o‘rashgan.
Qizil rang poklik va soflik ramzi hisoblanib, arab qizlari biror joyi qirqilgan qizil rangli ro‘molni o‘rashmagan. Bundan tashqari, nikoh kuni arab qizlar burunlarini teshib, unga
sirg‘a taqishadi. Bu o‘ziga xos nikoh uzugi hisoblanadi.
Yaqinda turmushga chiqqan ayollarning
“gizza” deb ataluvchi sharfida ko‘plab katta kashta bezaklari bo‘ladi. Ajrashgan yoki beva bo‘lsa, aksincha kam bezakli gizza o‘raydi.
Arab erkaklari boshiga oq yoki kulrang matodan salla o‘rashgan. Xorazm va Qoraqalpog‘istonda yashovchi arablar cho‘kmor kiyishga odatlangan.
O‘g‘il bolalar
12 yosh dan
salla o‘ray boshlashgan. Odatda sallani tagidan kalapush (do‘ppi) kiyishgan. Jeynov arablarida kalapushga uy sharoitida ayollar tomonidan “iroqi” va “piltado‘zi” kabi kashtalar tikilgan.
Adabiyotlar
1. Этнический атлас Узбекистана. Отв. ред. Ильхамов А.; Ин-т "Открытое общество" - Фонд содействия - Узбекистан — Б. м.: ИООФС - Узбекистан: Р. Элинина, 2002 — 452 с.: ил., карт. — 1000 экз.
2. https://www.uzanalytics.com/tarix/6429/
uz.wikipedia.org