O‘zbekiston 2010-yilgi Qishki Olimpiada o‘yinlarida
Oʻzbekiston 2010-yil 12-28-fevral kunlari Kanadaning Vankuver shahrida boʻlib oʻtgan Qishki Olimpiada oʻyinlariga delegatsiya yubordi. Bu mamlakatning Qishki Olimpiada oʻyinlaridagi beshinchi ishtiroki edi. Delegatsiya tarkibida uch nafar sportchi bor boʻlib, bular: togʻ changʻi sporti boʻyicha Kseniya Grigoreva va Oleg Shamayev, figurali uchish boʻyicha Anastasiya Gimazetdinova. Ushbu Olimpiadada oʻzbekistonlik ishtirokchilardan hech biri medal qoʻlga kirita olmadi.
Tarix
Oʻzbekiston 1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan soʻng mustaqil davlat boʻldi va 1992-yilgi qishki va yozgi Olimpiada oʻyinlarida bir qancha sobiq ittifoq respublikalaridan tashkil topgan yagona terma jamoa tarkibida ishtirok etdi. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi 1993-yilda Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan tan olingan va 1994-yilgi Qishki Olimpiada oʻyinlaridan boshlab Oʻzbekiston mustaqil davlat sifatida ishtirok eta boshlagan. Mamlakat 1994-yildan beri har Yozgi va Qishki Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etib kelmoqda. Oʻzbekistonning yagona Qishki Olimpiada oʻyinlaridagi medalini 1994-yili Norvegiyaning Lillexammer shahrida boʻlib oʻtgan changʻi sporti boʻyicha musobaqa ishtirokchisi Lina Cheryazova qoʻlga kiritgan. Bu yilgi musobaqada Oleg Shamayev ochilish hamda yopilish marosimlarida bayroqdor etib tayinlangan edi.
Togʻ changʻi sporti
Kseniya Grigoreva Vankuverdagi Olimpiadada qatnashganida 22 yoshda edi. U ayollar oʻrtasida slalom va buyuk slalom boʻyicha, jami ikki yoʻnalishdagi musobaqada qatnashdi. Yomon ob-havo tufayli 24-25-fevral kunlari boʻlib oʻtgan buyuk slalomda u 1 daqiqa 31 soniya natija qayd etdi, ertasi kuni esa 1 daqiqa 25 soniya natija qayd etib, umumiy hisobda 2 daqiqayu 57 soniya natija bilan ikkala urunishni yakunlagan 60 nafar ishtirokchi orasida 58-oʻrinni egalladi. 26-fevral kuni u slalomning birinchi bosqichida yiqilib tushdi va musobaqaning birinchi bosqichini yakunlay olmadi.
Oʻsha paytda 27 yoshda boʻlgan Oleg Shamayev buyuk slalom va slalom musobaqalarida ishtirok etdi. 23-fevral kuni boʻlib oʻtgan buyuk slalom musobaqasida Shamayev 1-urinishda 1 daqiqa 32 soniya, 2-urinishda 1 daqiqa 36 soniya natijani qayd etdi. Va umumiy hisobda 3 daqiqa 8 soniya natija bilan musobaqaning ikkala bosqichini yakunlagan 81 nafar ishtirokchi orasida 77-oʻrinni egalladi. 27-fevral kuni u slalomda qatnashib, 1-urinishda 57 soniya, 2-urinishda 1 daqiqa natijani qayd etdi. Umumiy hisobda 1 daqiqa 57 soniya natija bilan 48 nafar ishtirokchi orasidan 42-oʻrinni egalladi.
Figurali uchish
Vankuverdagi Olimpiada paytida Anastasiya Gimazetdinova 29 yoshda boʻlib, ayollar oʻrtasidagi yakkalik bahslarida eng keksa ishtirokchi edi. U, avvalroq, 2006-yilgi Qishki Olimpiada oʻyinlarida Oʻzbekiston nomidan qatnashib, qisqa dastur boʻyicha 29-oʻrinni egallagan va Olimpiada musobaqasining ikkinchi yoʻnalishi, erkin konkida uchish boʻyicha, qatnasha olmagan edi. Vankuverda u qisqa dastur boʻyicha 49,02 ball bilan 24-oʻrin, yaʼni, oxirgi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Gimazetdinova erkin konkida 82,63 ball bilan bu raund hisobi boʻyicha 23-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Umumiy hisobda qisqa va erkin dasturlar boʻyicha 131,65 ball bilan 23-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Yana qarang
Manbalar
Tashqi havolalar
uz.wikipedia.org