Oyshaxon Qo‘chqorova




Oyshaxon (Ayshaxon) Qoʻchqorova (26-iyul, 1941-yil, Namangan shahri, Namangan viloyati, O'zbekiston SSR, SSSR) — oliy toifali vrach (shifokor), akusherlik va ginekologiya — tibbiyot sohasining fidoiy vakili. Oʻzbekiston qahramoni oliy unvoni (1996) sohibasi. O'zbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimining nomdor vakillaridan biri.

Biografiyasi



Yoshligi



Tarjibali ginekolog hamda akusher boʻlmish sobiq shifokor Oyshaxon Qoʻchqorova 1941-yilning 26-iyul sanasida Namangan viloyatining markazi — Namangan shahrida tavallud topgan. Oʻrta maktabni tamomlagach tibbiyot sohasiga qiziqishi hamda intiluvchanligi sababli Andijon davlat tibbiyot institutiga oʻqishga topshiradi. Imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan holda, 1958-yilda, oʻqishga qabul qilinadi. 6 yillik taʼlimdan soʻng, 1964-yilda ushbu institutni tamomlaydi hamda oʻz ona shahriga qaytib keladi.

Mehnat faoliyati



Oyshaxon Qoʻchqorova oʻz faoliyatini, institutni tamomlagandan soʻng, 1964-yilda Namangan shahridagi 2-xonli shifoxonoda terapevt mutaxassisligi boʻ­yicha internatura oʻtishdan boshlaydi. Keyinchalik, 1966—1984 yillar oraligʻida shahardagi 2-tugʻruqxonada vrach akusher-ginekolog boʻlib faoliyat yuritadi. Bu yillar uning uchun chinakam tajriba maktabi boʻlib xizmat qiladi. Oʻz ishiga sadoqati, halolligi, shirinsuxanligi bois xalq orasida obroʻ topadi, „qoʻli yengil doktor“ sifatida taniladi. Ushbu davr mobaynida u oddiy shifokor darajasidan tugʻruqxona mudiri lavozimiga boʻlgan yoʻlni bosib oʻtadi.

1984-yildan 2008-yilgacha boʻlgan vaqt davomida Namangan viloyati tugʻuruqxonasida boʻlim mudiri sifatida faoliyat yuritadi. 1976—1991-yillar oraligʻida Sanitariya aviatsiyasida navbatchi akusher-ginekolog, 1991—2008-yillar Namangan viloyati boʻyicha gemotologik brigadada navbatchi aku­sher-ginekolog sifatida xizmat qiladi. 2003-2008 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi Akusherlik va ginekologiya ilmiy tekshirish instituti Namangan filiali ginekologiya boʻlimi mudiri, oilaviy poliklenika boʻlimida vrach ordinator sifatida samarali faoliyat olib boradi.

Hozirda nafaqadagi sobiq shifokor, koʻplab oliy darajali shifokorlarning ustozi — Oyshaxon Qoʻchqorova 1996-yilda, tibbiyot sohasidagi uzoq muddatli va samarali faoliyati uchun tashakkur sifatida prezident Islom Karimov farmoniga binoan, „O‘zbekiston Qahramoni“ unvoni bilan taqdirlanadi.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz