Otabek Mahkamov




Otabek Mahkamov (1984-yil 5-sentabr kuni Fargʻona yoki Toshkent shahrida tugʻilgan) — oʻzbekistonlik kino aktyor, huquqshunos va Internet persona. Mahkamov bir necha oʻzbek filmlaridagi yordamchi rollari bilan eʼtibor qozongan. Mahkamov odatda salbiy rollarni oʻynaydi. U yana oʻzbek qoʻshiqchilarning bir necha klipida ham rol oʻynagan, jumladan, Ozodbek Nazarbekovning „Meni kuchliroq sev“ qoʻshigʻi klipida.

Mahkamov oʻzining ilk rolini 2010-yil „Boʻrilar 3: Oxirgi qarz“ filmida jinoiy qidiruv vakili boʻlib oʻynagan. Aktyor „Majruh“ filmida tergovchi rolini oʻynaganidan soʻng Oʻzbekistonda eʼtibor qozondi. Mahkamov rol oʻynagan boshqa eʼtiborga loyiq filmlarga „Men yulduzman“ (2012), „Jodugar“ (2012), „Yondiradi-kuydiradi“ (2012) va „Fotima“ (2013) filmlari kiradi. 2016-yilda Mahkamov New York shahriga koʻchib borib, YouTubeda video blog yuklay boshladi.

2015-yil Mahkamov oʻz tugʻilgan shahri, taʼlimi va qobiliyatlari haqda har xil va yolgʻon maʼlumotlarni berib borishi oshkor boʻldi. Bu haqda ilk maqola 2015-yilning yanvarida qarorgohi Oʻsh shahrida boʻlgan „Ijodkor“ adabiyot saytida chop etildi. Bir oydan keyin Sayyod saytida Mahkamovning oʻzbek jurnalistlariga oʻzi haqda yolgʻon maʼlumot berib kelayotgani toʻgʻrisida qisqa maqola chop etildi. Maqolada Mahkamov ochiqchasiga tanqid qilinmadi, lekin uning toʻliq versiyasi keyinroq chop etilishi bildirildi.

Mahkamov „Bekajon“ gazetasiga bergan intervyusi davomida oʻziga qoʻyilgan ayblovlarni rad etdi. Ammo u oʻzi haqda jurnalistlarga bergan qarama-qarshi maʼlumotlarni izohlab berishdan bosh tortdi va „Siz aytayotgan mish-mishda ... asos yoʻq!“, deyish bilan cheklandi.

Hayoti



Otabek Mahkamov 1984-yil 5-sentabrda yoki Fargʻona, yoki Toshkent shahrida tugʻilgan. Mahkamov bergan ayrim intervyularida tugʻilgan shahri Toshkent ekanligini, boshqa intervyularida esa Fargʻonada tugʻilganini aytgan. Otasi Abduvahob Sattorovich Mahkamov yoshligida vafot etgan. 2009-yil onasi Raʼno Erkinovna vafot etgan.

Ish faoliyati



Oʻzbekistonda chop etiladigan gazetalarda yozilishicha, Mahkamov huquqshunoslik boʻyicha oliy maʼlumotga ega va shu sohada faoliyat olib boradi. Gazeta-jurnallarda tarqatilgan maʼlumotga koʻra, u hozirda Oʻzbekiston hisobchilar va auditorlar milliy birlashmasida dars beradi.

Mahkamov oʻzining ilk rolini 2010-yil „Boʻrilar 3: Oxirgi qarz“ filmida jinoiy qidiruv vakili boʻlib oʻynagan. Aktyor „Majruh“ filmida tergovchi rolini oʻynaganidan soʻng Oʻzbekistonda qisman eʼtibor qozondi. Mahkamov rol oʻynagan boshqa eʼtiborga loyiq filmlarga „Men yulduzman“ (2012), „Jodugar“ (2012), „Yondiradi-kuydiradi“ (2012) va „Fotima“ (2013) filmlari kiradi.

Mahkamov filmlarda rol oʻynash bilan birga oʻzbekistonlik qoʻshiqchilar kliplarida ham rollar ijro etib turadi. Jumladan, aktyor Ozodbek Nazarbekovning „Meni kuchliroq sev“ qoʻshigʻi klipida rol oʻynagan.

Mahkamov yana mashhur kishilardan intervyu olib, ularni turli xil gazeta-jurnallarda chop etgan. Shu kungacha u Cary-Hiroyuki Tagawa, Frédéric Diefenthal, Armand Assante, Ennio Morricone, va Mithun Chakrabortylardan olgan intervyularini chop etgan.

Tanqidi



2015-yilda Mahkamov oʻz tugʻilgan shahri, olgan taʼlimi va qobiliyatlari haqda har xil va yolgʻon maʼlumotlarni berib borishi oshkor boʻldi. Bu qarama-qarshiliklarning yuzaga chiqishiga Mahkamovning Oʻzbekcha Vikipediya administratorlaridan biriga oʻzi haqda maqola yaratilishini iltimos qilib murojaat qilishi sabab boʻldi. Bu haqda ilk batafsil maʼlumot 2015-yilning yanvarida markazi Oʻsh shahrida boʻlgan „Ijodkor“ adabiyot saytida chop etildi. 2015-yilning 8-mart kuni Sayyod saytida Mahkamovning oʻzbek jurnalistlariga oʻzi haqda yolgʻon maʼlumot berib kelayotgani toʻgʻrisida qisqa maqola chop etildi. Maqolada Mahkamov ochiqchasiga tanqid qilinmadi, lekin uning toʻliq versiyasi keyinroq chop etilishi bildirildi.

Oʻz taʼlimi haqidagi iddaolari



Oʻzbekcha gazeta-jurnallarga koʻra, Mahkamov Budapesht shahrida joylashgan „Markaziy Yevropa huquqshunoslik universiteti“da oʻqigan. Baʼzi intervyularida Mahkamov aynan shu universitetni „BMT qoshidagi Markaziy Yevropa huquqiy universiteti“ deb atagan. Boshqa bir maqolada boʻlsa Mahkamov „Yevropa huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasining xalqaro xususiy huquq boʻyicha yuridik fanlari doktori“ deb yozilgan. Aslida Budapesht shahrida yoki boshqa yerda bu nom bilan ataluvchi universitet mavjud emas. Mahkamovdan balki u Markaziy Yevropa universitetini nazarda tutgani soʻralganda, aktyor „Demak bu oʻsha“, deb javob berdi. Ammo oliygoh xodimlari u yerda Otabek Mahkamov ismli shaxs tahsil olmaganini rasman bildirishdi.

Mahkamov ayrim intervyularida aslida mavjud boʻlmagan „Markaziy Yevropa huquqshunoslik universiteti“ni PhD (falsafa doktori) darajasi bilan tamomlaganini iddao qilgan. Yana bir intervyusida PhD darajasini 2005-yil olganini iddao qilgan. Oʻsha paytda Mahkamov 21 yoshda boʻlgani va maktabni bitirganiga endigina toʻrt yil boʻlgani eʼtiborga olinib, bu iddao ham yolgʻon ekanligi aytildi.

Mahkamov baʼzi intervyularida „Yevropa universiteti“da shunchaki malaka oshirganini aytgan. Yana bir intervyusida „Markaziy Yevropa huquqiy universiteti“da bakalavr darajasida olish uchun oʻqiganini, keyin AQSHda magistratura qilganini aytgan, ammo aniq qachon va qayerdaligini ochiqlamagan.

Tarjimonlik qobiliyati haqidagi iddaolari



Mahkamov muntazam ravishda ingliz tilini mukammal bilishini hamda ingliz tili unga ona tilidek boʻlib qolganini taʼkidlab keladi. Mahkamovning bu iddaosi ham tanqid qilindi. Xususan, uning filmlarda, jumladan, „Yondiradi, kuydiradi“ hamda „Kelgindi kelin 2 yoxud anjancha muhabbat“ filmlarida ham notoʻgʻri tarjima qilgani, ham notoʻgʻri gapirgani tanqidga uchradi. Mahkamov intervyularining birida oʻzi ishtirok etgan filmlarda ingliz tilida aynan oʻzi ovoz berganini aytib oʻtgan.

Tanqidlarga javobi



Mahkamov „Bekajon“ gazetasiga bergan intervyusi davomida oʻziga qoʻyilgan ayblovlarni rad etdi. Ammo u oʻzi haqda jurnalistlarga bergan qarama-qarshi va notoʻgʻri maʼlumotlarni izohlab berishdan bosh tortdi. Aktyor „Siz aytayotgan mish-mishda ham asos yoʻq! Kechirasiz-u, bir kishi toʻgʻ­risida maqola yozayotganida uning shaxsiyatiga tegib emas, xolisona yondashish kerak emasmi? Muxlislarning fikrlarida salbiy, ha­qo­ratomuz gaplarni oʻqi­madim. Demak, odamlar kimgadir ergashmayapti. Yana bir muhim jihati, mevali daraxtga tosh otiladi. Demak, men mevali daraxt ekanmanki, tosh otishyapti“, deyish bilan cheklandi.

Filmografiyasi



Film




Kliplar




Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz