O`t pufagi
Oʻt (safro) pufagi — odam va koʻpchilik umurtqali hayvonlarda oʻt (safro) yigʻiladigan kovak aʼzo. Odamlarda Oʻt pufagining uz. 10—14 sm, eni 3,5—4 sm, sigʻimi 30— 70 sm3, nok shaklida. Oʻt pufagining kengaygan qismi — tubi, oʻrta qismi — tanasi va toraygan boʻyin qismi tafovut qilinadi. Jigarning ostki qismi yuzasida joylashgan. Oʻt pufagining tubi jigarning oʻng boʻlagi ostidan bir oz chiqib turadi. Uning boʻyin qismi ingichkalashib borib, Oʻt pufagi nayiga aylanadi. Bu nay jigar darvozasida hosil boʻlgan jigar oʻt yoʻli bilan birlashib, umumiy oʻt yoʻlini hosil qiladi. Oʻt yoʻlining oʻn ikki barmoq ichakka oʻtish yerida silliq muskulli qisqich bor, u oʻt va meʼda osti bezi shirasining ichakka tushishini tartibga solib turadi. Oʻt pufagining faqat pastki qismi qorin parda bilan oʻralgan boʻlib, qolgan qismi jigarga biriktiruvchi toʻqima yordamida yopishib turadi. Oʻt pufagi devori seroz parda, juda koʻp burmalar hosil qiladigan shilliq parda va muskul qavatidan iborat. Oʻt pufagining yalligʻlanishi xoletsistit deb ataladi.
Yana q.
uz.wikipedia.org