Osafiy Hiraviy




Xoja Kamoliddin Osafiy Hiraviy (1440 – Hirot –1517) – forsiyzabon shoir. Hirotda tahsil olgan. Otasi Naimiddin Neʼmatullo Qahis­toniy temuriylardan Sulton Abusaidning vaziri boʻlsa-da, u oʻziga faqirona hayot tarzini tanlaydi va biror hukmdor shaʼniga madhiya aytmaydi. Balxda yashaganida Sulton Badiʼuzzamon Mirzo bilan yaqin munosabatda boʻlgan. Makkaga safar qilib, haj farzlarini ado etgach, qolgan umrini ona shahrida oʻtkazadi.

Ijodi



Osafiy Hiraviy Abdurahmon Jomiyning zabardast shogirdlaridan boʻlib, Hirot adabiy muhitida oʻziga xos mavqega ega edi. Alisher Navoiy, Kamoliddin Binoiy, Bad­riddin Hiloliy, Zayniddin Vosifiy kabi oʻz davrining buyuk soʻz sanʼatkorlari bilan yaqin boʻlgan. O.Hiraviyning devoni gʻazal, qitʼa, ruboiy kabi janrlardagi namunalarni oʻz ichiga oladi. Qasidalari va Nizomiy Ganjaviyning “Maxzan ul-asror”i tatabbuʼsida bitgan dostoni ham mavjudligini aytishsa-da, hozirgacha topilgan emas. 2500 baytdan iborat devoni 1968-yili Arfaʼ Kirmoniyning salmoqli soʻzboshisi bilan Tehronda nashr etilgan.

Navoiy eʼtirofi



Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”da uning katta isteʼdodi va kuchli hofizasi boʻlsa-da, lekin oʻzining bu imkoniyatlaridan foydalanmasligini tanqid qiladi: “...tabʼi taʼrif qilgʻucha bor va hofizasi ham bagʻoyat xubdur. Ammo ne tabʼin ishga buyurur, ne hofizasin. Yatimvashlik (chapanilik) va raʼnosifatliq (magʻrurlik) va xudroylik (oʻzbilarmonlik) bila avqotin (vaqtlarin) zoeʼ qilur. Bu navʼ gʻarib sifoti koʻpdurki, agar desa soʻz uzolur. Mutlaqo pandnazir (nasihatni oladigan) ermas. Bu jihattin bagʻoyat parishondur. Yaxshi abyoti (sheʼrlari ) bor”.

Tazkirada uning quyidagi forsiy bayti keltirilgan:

Narext durdi may muhtasib zi dayr guzasht,

Rasida bud baloye, vale baxayr guzasht.

(Mazmuni: Muhtasib mayxonadan oʻtganida may quyqasini toʻkmadi, bir balo kelgan edi, lekin yaxshilik bilan oʻtdi).

Shuningdek, Navoiy uning turkcha matlaʼsini ham keltiradi:

Yuz balolar koʻrdum, ul oromi jondin koʻrmadim,
Ikki koʻzumdin yomonlik koʻrdum, ondin koʻrmadim.

Alisher Navoiy “Soqiynoma”da ham Osafiy Hiraviy ijodiga yuqori baho berib, uning sheʼrlari bahosiga Sulaymon mulki yetmaydi deb lutf etadi:

Osafiy ulki, ne nazm etsa raqam,
Qiymati mulki Sulaymondur kam[1].

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz