Orttirilgan nochorlik
Orttirilgan nochorlik — subyektning oʻz nazorati ostida boʻlmagan takroriy qoʻzgʻatuvchi stimullarni boshdan kechirganidan keyin namoyon boʻladigan xatti-harakatidir. Avvaliga bu subyektning qoʻzgʻatuvchi stimuldan qochish yoki undan qochishga urinishlarini toʻxtatib qoʻyish natijasida oʻz kuchsizligini tan olishi sababli yuzaga kelgan deb hisoblangan. Aynan shunday jarayondan soʻng subyekt oʻrganilgan nochorlik belgisiga ega boʻlgan deb hisoblangan. Soʻnggi bir necha oʻn yilliklar davomida nevrologiya orttirilgan nochorlik haqida batafsilroq tushuncha berdi va asl nazariya aslida boshqacha ekanligini koʻrsatdi: miyaning odatiy holati nazorat mavjud emas, „foydalilik“ mavjud deb taxmin qilgan holda, nazorat ortida „foydalidek“ koʻringan narsani birinchi navbatda oʻzlashtiradi. Biroq, agar subyekt uzoq muddatli qoʻzgʻatuvchan stimulga duch kelgan boʻlsa, u oʻrganilmaydi.
Odamlardagi orttirilgan nochorlik shaxsiy samaradorlikkonsepsiyasi bilan bogʻliq; bu shaxsning maqsadlarga erishish uchun tugʻma qobiliyati mavjudligiga boʻlgan ishonchini ifodalaydi.
Orttirilgan nochorlik nazariyasi — bu klinik depressiya va u bilan bogʻliq ruhiy kasalliklar vaziyatning natijasini nazorat qilish imkoni yoʻqdek koʻrinishi yoki chindan ham yoʻqligi natijasida yuzaga kelishi mumkin deb hisoblovchi nazariyadir.
Tadqiqot va nazariya asoslari
Ilk tajribalar
Amerikalik psixolog Martin Seligman 1967-yilda Pensilvaniya universitetida depressiyaga boʻlgan qiziqishi sababli orttirilgan nochorlik boʻyicha tadqiqot boshladi. Keyinchalik bu tadqiqot Seligman va boshqalarning tajribalari bilan kengaytirildi. Dastlabkilaridan biri Seligman va Overmier tomonidan oʻtkazilgan tajriba edi: ushbu tadqiqotning 1-qismida uchta guruhda itlarga jabduq taqildi. 1-guruh itlari bir muddat oddiygina jabduqlarga solindi va keyinroq qoʻyib yuborildi. 2 va 3-guruhlar „boʻyinturuqli juftliklar“ dan iborat edi. 2-guruhdagi itlarga tasodifiy vaqtda elektr toki berildi, tokni itlar tutqichni bosib toʻxtatishlari mumkin edi. 3-guruhdagi har bir it 2-guruh iti bilan juftlashtirildi; 2-guruhda boʻlgan it har doim tok zarbasini olganida, uning 3-guruhdagi juftiga ham bir xil intensivlikdagi va davomiylikdagi zarba berildi, lekin uning dastagi zarbani toʻxtata olmasdi. 3-guruhdagi itga zarba tasodifan tugagandek tuyuldi, chunki uning 2-guruhdagi jufti uni dastak orqali zarbani toʻxtatib turgandi. Shu tariqa 3-guruh itlari uchun zarba „qutilib boʻlmaydigan“ holatda edi.
Tajribaning 2-qismida xuddi shu uch guruh itlar shattle-box apparatida (bir necha dyuym balandlikdagi toʻsiq bilan boʻlingan ikkita toʻrtburchak boʻlinmani oʻz ichiga olgan kamera) sinovdan oʻtkazildi. Barcha itlar qutining bir tomonidagi zarbalardan boshqa tarafga past qismdan sakrab oʻtishlari mumkin edi. 1 va 2-guruhlardagi itlar bu vazifani tezda oʻzlashtirib olishdi va zarbadan qutulishdi. 3-guruh itlarining koʻpchiligi avvalroq oʻzlari duch kelgan zarbaga qarshilik qilolmaganlari sababli bu galgi zarbaga ham passiv yondashishdi va har zarba olganida ingrashdi.
Oʻsha yilning oxirida yangi itlar guruhlari bilan oʻtkazilgan ikkinchi tajribada, Maier va Seligman 3-guruh itlari sinovning ikkinchi qismida zarbaga toʻsqinlik qila olmaganliklari ehtimolini istisno qildilar, chunki ular aslida baʼzi xatti-harakatlarga xalaqit beradigan xulq-atvor xususiyati — „qochish“ni oʻrganib olgandi. Bunday qorishgan xatti-harakatlarning oldini olish uchun 3-guruh itlari falaj qiluvchi dori (kurare) bilan harakatsizlantirilib, Seligman va Overmier tajribasining 1-qismidagi kabi protseduradan oʻtkazildi. 2-qismda avvalgidek sinovdan oʻtkazilganda, 3-guruh itlari xuddi avvalgidek nochorlikni koʻrsatdi. Bu natija interferensiya gipotezasini istisno qilish uchun koʻrsatkich boʻlib xizmat qiladi.
Ushbu tajribalardan, nochorlikning faqat bitta davosi bor degan xulosa kelib chiqqan. Seligmanning gipotezasiga koʻra, itlar qochishga harakat qilmaydilar, chunki ular baribir hech narsa zarbani toʻxtata olmaydi deb kutishadi. Ushbu taxminni oʻzgartirish uchun tajriba oʻtkazuvchilar itlarni koʻtarib, oyoqlarini qimirlatib, itlar elektr tokidan qochish uchun qilishlari kerak boʻlgan harakatlarni takrorladilar. Itlar oʻz-oʻzidan toʻsiqdan sakrab oʻta boshlaguncha buni kamida ikki marta qilish kerak edi. Biroq, majburlashlar, mukofotlar va harakatni koʻrsatib berish jarayonlari ham 3-guruhning „nochor“ itlariga hech qanday taʼsir koʻrsatmadi.
Keyingi tajribalar
Keyingi tajribalar qoʻzgʻatuvchi stimul ustidan nazorat yetishmasligini his qilishning depressiv taʼsirini tasdiqlashga xizmat qildi. Misol uchun, bir tajribada odamlar shovqinli joyda aqliy vazifalarni bajarishga undaldi. Shovqinni oʻchirish uchun kalitdan foydalanishi mumkin boʻlganlar undan kamdan-kam hollarda foydalanishdi, lekin ular shovqinni oʻchirish imkoni yoʻq boʻlganlarga qaraganda yaxshiroq ishlashdi. Ular uchun bu shovqinni kamaytirish imkoni borligini bilishning oʻzi kofiya boʻlgandi. 2011-yilda hayvonlarni oʻrganish asosida stressli stimullarni nazorat qiladigan hayvonlar prefrontal korteksdagi baʼzi neyronlarning qoʻzgʻaluvchanligida oʻzgarishlar boʻlishi maʼlum boʻldi. Vaziyatni nazorat qilish imkoniga ega boʻlmagan hayvonlar bu taʼsirni koʻrsata olmadilar va orttirilgan nochorlik va ijtimoiy tahlikaga xos belgilarni koʻrsatdilar.
Keng tarqalgan nazariyalar
Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, insonning maʼlum vaziyatni nazorat qilolmaslik hissiga boʻlgan munosabati ham individual, ham vaziyat oʻrtasida farq qiladi, yaʼni oʻrganilgan nochorlik baʼzan bir vaziyatga xos boʻlib qoladi, baʼzida esa vaziyatlar boʻyicha umumlashtiriladi. Bunday oʻzgarishlar orttirilgan nochorlikning asl nazariyasi bilan izohlanmaydi, balki ular shaxsning atributsional yoki izohlash uslubiga bogʻliq deb qaraladi. Ushbu nuqtayi nazarga koʻra, kimdir noxush hodisalarni qanday qabul qilishi yoki izohlashi ularning orttirilgan nochorlik holatiga va keyinchalik depressiyaga tushish ehtimoli ortishi yoki kamayishiga taʼsir qiladi. Masalan, pessimist odamlar salbiy hodisalarni doimiy („hech qachon oʻzgarmaydi“), shaxsiy („bu mening aybim“) va keng miqyosda („men hech narsani toʻgʻri qilolmayman“) qabul qilishadi. Natijada, orttirilgan nochorlik va tushkunlikdan azob chekish ehtimoli ham oshaveradi.
1978-yilda Lyn Yvonne Abramson, Seligman va Jon D. Teasdale atributsion nazariyadan foydalangan holda Seligmanning tadqiqotini qayta ishlab chiqdilar. Ular odamlar salbiy tajribalarni ichkidan tashqiga, barqarordan beqarorgacha va globaldan oʻziga xosgacha boʻlgan uchta miqyosda tasniflashda farqlanadi, degan fikrni olgʻa surdi. Ular salbiy hodisalarni ichki, barqaror va global sabablarga koʻproq bogʻlaydigan odamlarda boshqalarga qaraganda koʻra tushkunlikka tushish ehtimoli koʻproq ekanligiga ishonishardi.
Bernard Weiner 1986-yilda orttirilgan nochorlikka bogʻliq yondashuvning batafsil tavsifini taklif qildi. Uning atribution nazariyasi globallik / oʻziga xoslik, barqarorlik / beqarorlik va ichkilik / tashqilik oʻlchovlarini oʻz ichiga oladi:
Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, salbiy voqealarga ichki, barqaror va global munosabat bildiruvchilarda muvaffaqiyatsizlikka depressiv munosabatda boʻlish xavfi yuqori boʻlishi mumkin.
Neyrobiologik nuqtayi nazar
Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, dorsal raphe yadrosida 5-HT (serotonin) faolligi oshishi orttirilgan nochorlikda hal qiluvchi rol oʻynaydi. Ojiz xatti-harakat ifodasi bilan bogʻliq boʻlgan boshqa asosiy miya sohalariga bazolateral amigdala, amigdala markaziy yadrosi va stria terminalis yadrosi kiradi. Shuningdek, nochorlik holatlarida medial prefrontal korteks, dorsal hipokampus, septum va gipotalamusda faollik boʻlishi kuzatilgan.
Benjamin N. Greenwood va Monica Fleshner „Exercise, Learned Helplessness, and the Stress-Resistant Brain“ nomli maqolada mashqlar stress bilan bogʻliq tahlika va depressiya kabi kasalliklarni oldini olishga qanday yordam berishi mumkinligini muhokama qiladi. Ular gʻildirakli yugurish mashqlari kalamushlarda orttirilgan nochorlik xatti-harakatlarning oldini olishini dalil sifatida keltirishadi. Shuningdek, ular jismoniy mashqlar miqdori emas, shunchaki mashq qilishning oʻzi muhim ekanligini taʼkidlaydilar. Maqolada, shuningdek, orttirilgan nochorlikning neyrosirkulyatsiyasi, serotonin (yoki 5-HT) ning roli va stressga chidamli boʻlishda miyaga yordam berishi mumkin boʻlgan jismoniy mashqlar bilan bogʻliq nerv moslashuvlari ham muhokama qilinadi. Biroq, mualliflar yakunda shunday xulosaga kelishdi: "Ushbu taʼsirning asosiy neyrobiologik mexanizmlari nomaʼlumligicha qolmoqda. Jismoniy mashqlar orttirilgan nochorlikning oldini olish mexanizmlarini aniqlash depressiya va tashvishning murakkab neyrobiologiyasini yoritishi va stress bilan bogʻliq kayfiyat buzilishlarining oldini olish boʻyicha yangi strategiyalarga yetaklashi mumkin.
Salomatlikka taʼsirlari
Voqea-hodisalarni nazorat qilib boʻlmaydi deb hisoblaydigan odamlarda ruhiy va jismoniy holatga tahdid soladigan turli alomatlarni uchratish mumkin. Ular stressni boshdan kechiradilar, koʻpincha passivlik yoki tajovuzkorlikka sabab boʻladigan asabiylik belgilarini koʻrsatadilar, shuningdek, muammolarni hal qilish kabi kognitiv vazifalarni bajarishda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Ularda nosogʻlom xulq-atvorni oʻzgartirish ehtimoli kamroq, bu ularni, masalan, parhez, jismoniy mashqlar va tibbiy davolanishga koʻpincha jiddiy eʼtibor berishmaydi.
Depressiya
Anormal va kognitiv psixologlar laboratoriya hayvonlarida depressiyaga oʻxshash alomatlar va orttirilgan nochorlik oʻrtasida kuchli bogʻliqlikni topdilar. University of Colorado (Kolorado universiteti) professori Steven Mayerning taʼkidlashicha, ruhiy tushkunlik modeli „stressga javob beruvchi limbik va miya sopi tuzilmalari ustidan medial prefrontal kortikal inhibitiv nazoratning buzilishi“ tufayli yuzaga kelishi mumkin. Psixologik kasalliklar va orttirilgan nochorlik stressli hodisalar tufayli birga kechishi mumkin. Mayer, shuningdek, depressiya boshqa ruhiy kasalliklar bilan bogʻliq boʻlgan yagona ruhiy kasallik boʻlmasligi mumkinligini taʼkidlaydi. Xuddi shunday, 2021-yilda National Institute of Health (Milliy sogʻliqni saqlash instituti) depressiv modellarning keng doirasini koʻrib chiqdi. U orttirilgan nochorlik modeliga urgʻru bergan edi. Ushbu model travmadan keyingi stress va klinik depressiya bilan yuqori darajada oʻxshashligi tufayli depressiv simptomlarni osonroq aniqlash imkonini beradi, bu „Overlapping neurobiology of learned helplessness and conditioned defeat: Implications for PTSD and mood disorders“ maqolasida alohida taʼkidlangan.
(Ushbu maqola haqida qoʻshimcha maʼlumot olish uchun yuqoridagi Neyrobiologik nuqtayi nazar boʻlimiga qarang)
Pessimistik qarashga ega boʻlgan katta yoshlilar va oʻrta yoshli ota-onalar koʻpincha depressiyadan aziyat chekishadi. Ular muammolarni hal qilish va kognitiv restrukturada noʻnoq boʻlib, ishdan va ish joyidagi shaxslararo munosabatlardan qoniqmaydilar. Pessimistlarning immuniteti ham zaif boʻlishi mumkin. Ular oddiy kasalliklarga (masalan, shamollash, isitma) va jiddiy kasalliklarga (masalan, yurak xuruji, saratonga) nisbatan zaif qarshilik koʻrsatadilar. Bu, shuningdek, kasalliklarni yengishda muammolar koʻp boʻlishiga olib keladi.
Ijtimoiy taʼsir
Orttirilgan nochorlik turli xil ijtimoiy vaziyatlarda ham hal qiluvchi omil boʻlishi mumkin.
Orttrilgan nochorlik natijasida yuzaga keladigan ijtimoiy muammolar muqarrar boʻlib tuyulishi mumkin. Biroq, ularni kamaytirish yoki oldini olishning turli usullari mavjud. Eksperimental sharoitlarda oʻrganilganda, orttirilgan nochorlik vaqt oʻtishi bilan oʻz-oʻzidan yechim topishi kuzatilgan. Odamlarga ularning avvalgi tajribalaridan misol keltirgan holda oʻzlari istagan natijaga erishishlari mumkinligi eslatilib borilsa, voqealarni nazorat qilib boʻlmaydi degan tushunchaga barham berish mumkin boʻladi. Kognitiv terapiya orqali odamlarga ularning xatti-harakatlari nimanidir oʻzgartira olishi mumkinligini isbotlashda va oʻziga boʻlgan hurmatni oshirishda qoʻllanilishi mumkin. Ushbu turdagi davolash usullari orttirilgan nochorlik holatidan chiqib ketolmayotgan odamlar uchun juda foydali boʻlishi mumkin. Avvaliga nu vaziyatdan qutilish qiyin boʻlishi mumkin boʻlsa-da, yetarlicha vaqt va qoʻllab-quvvatlash orqali natijaga erishish mumkin.
Kengaytmalar
Kognitiv olim va muhandis Donald Norman nega odamlar odatiy muhitda oddiy obyektlarni ishlatishda qiyinchilikka uchraganlarida ham oʻzlarini ayblayverishlariga orttirilgan nochorlik orqali izoh bergan edi.
Buyuk Britaniyalik pedagog Phil Bagge buni oldingi muvaffaqiyatsizlik tufayli yangi narsalarni oʻrganishdan qochish, oʻqituvchilar yoki tengdoshlaridan nimanidir tushuntirib berishni soʻrashdan tiyilish va natijada zaruriy ishni bajarolmaslik holatlariga sabab qilib koʻrsatadi. Bu holat, ayniqsa, yangi kompyuter dasturlash tilidan foydalanishni oʻrganish kabi masalalarda agressiv nochorlik tarzida koʻrinishi mumkin.
Amerikalik sotsiolog Harrison White oʻzining „Identity and Control“ kitobida orttirilgan nochorlik tushunchasini psixologiyadan tashqari ijtimoiy harakat sohasiga ham kengaytirish mumkinligini taklif qildi. Madaniyat yoki siyosiy nuqtayi nazar istalgan maqsadlarga erishishga olib bormasa, kollektiv layoqatga nisbatan shubha yuzaga keladi.
Siyosiy muhitda paydo boʻlishi
Siyosiy sharoitda, agar saylovchi nomzodga ovoz bersa-yu, u nomzod gʻalaba qozonmasa, orttirilgan nochorlik belgilari yuzaga kelishi kuzatilgan. Agar bu holat bir necha bor takrorlanadigan boʻlsa, bu orttirilgan nochorlikka olib kelishi mumkin. Bu esa, kelajakda saylovchilarning kamayishiga olib kelishi mumkin. Biroq
, Wollman va Stouder (1991) vaziyatga xos samara va ovoz berish oʻrtasida sezilarli topilma yoʻqligini aniqladi.
Qiynoqlar natijasida paydo boʻlish
Orttirilgan nochorlik boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar, qiynoqqa solish deb ham ataladigan kengaytirilgan tergov usullarini ishlab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qildi. CIA interrogation manuals qoʻllanmalarida orttirilgan nochorlik „befarqlik“ sifatida tavsiflanadi, bu esa qiynoq usullarini uzoq vaqt davomida qoʻllash natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan „zaiflik — qaramlik — qoʻrquv“ holatiga olib kelishi mumkin, "Agar zaiflik — qaramlik — qoʻrquv holati asossiz ravishda uzaytirilsa, hibsga olingan odam himoyaviy befarqlikka tushib qolishi mumkin, keyin uni qoʻzgʻatish qiyin boʻladi.
Havolalar
uz.wikipedia.org