Oʻrinboy Rahmonov
Oʻrinboy Rahmonberdiyevich Rahmonov (1910—1980) — Bobur nomli Oʻsh Davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatrining asoschisi, badiiy rahbari, artist va shoir, Qirgʻiziston madaniyati va sanʼati rivojiga katta hissa qoʻshgan.
Hayot yoʻli
Oʻrinboy Rahmonberdiyevich Rahmonov 1910-yili Oʻsh shahrining Shayxlar mahallasida tugʻilgan. Otasi Qirgʻizistonda teatr harakatining asoschisi, Bobur nomli Oʻsh Davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatrining asoschisi va birinchi direktori, badiiy rahbari, rejissori Oʻshda taniqli arbob Rahmonberdi Madazimov boʻlgan. Oʻrinboy Rahmonov 17 yoshga toʻlganda, dadasi tashkil etgan Oʻsh oʻzbek drama teatrida ijodiy faoliyatini 1927-yildan boshladi. Teatrni tashkil etish va tuzish birinchi yillarida qoʻshimcha oʻnta vazifalarini bajargan: artist, rejissor yordamchisi, xonanda, sozanda, dramaturg, grimchi, rassom, suflyor, shoir, kichkina pesalar va qoʻshiqlar uchun sheʼrlar yozgan. Ushbu qoʻshiqlarga oʻsha paytlarda birinchi ayol raqqosa Roziya Moʻminova lapar aytib raqsga tushgan.
1934-yil avgust oyida yetmish kishidan iborat teatr jamoasi safida Oʻrinboy Rahmonov Leningrad shahriga gastrolga bordi. Teatr repertuari „Farhod va Shirin“, „Layli va Majnun“ kabi oʻzbek asarlaridan iborat edi. Ammo leningradlik sanʼat shinavandalari ularni shu qadar qizgʻin, shu qadar samimiy kutib oldilarki, ozgina muddatga moʻljallangan gastrol salkam bir oy davom etdi. Ijodiy jamoa korxonalarda, oʻquv yurtlarida, afsonaviy „Avrora“ kreyserida ijodiy uchrashuvlar oʻtkazishdi, 22 ta konsert berishdi. Gastrol soʻnggida artistlarni Leningrad viloyati partiya qoʻmitasining birinchi kotibi Sergey Kirov qabul qildi va oʻynalgan spektakllar, konsertlar leningradliklarda chuqur taassurot qoldirganini alohida taʼkidladi. Qabul marosimida Oʻrinboy Rahmonov ham ishtirok etdi va suhbat tugagach, teatr jamoasi bilan birga S.M.Kirov bilan rasmga tushdi. 1937-yili S.M.Kirov vafot etgandan soʻng, teatr uning nomi bilan ataldi.
1934-yili Toshkentda ilgʻor paxtakorlarning slyoti oʻtkazildi. Slyotda konsert berish uchun Oʻzbekiston Markaziy ijroiya qoʻmitasining raisi Yoʻldosh Oxunboboyevning taklifi bilan teatri Toshkentga ijodiy safarga ketdi. Slyot qatnashchilari hofiz Abdulla taroq Fayzullayev, artistlar Oʻrinboy Rahmonov, Tojixon Hasanova, Roziyaxon Moʻminova, Laylixon Moidova, Qodirjon Hamidov, Gʻulomjon Isroilovlarning chiqishlarini zoʻr olqishlar bilan kutib oldilar. 1934-yili teatr Moskvaga ham gastrolga borib keldi. 26-may-4-iyun 1939-yili Moskvadagi qirgʻiz sanʼati birinchi dekadasida qatnashib keldi va M.I.Kalinin bilan uchrashdi. 1939 va 1940-yillari Oʻrinboy Rahmonov teatr jamoasi bilan birga Bishkekka (Frunzega) gastrolga bordi. teatr jamoasi bilan birga Bishkekka (Frunzega) gastrolga bordi.
Ikkinchi jahon urushi boshlanganidan soʻng, koʻplab teatr aktyorlari oʻz ixtiyori bilan frontga ketishdi. Oʻrinboy Rahmonov urush maydonida jiddiy yaradorlanib, Oʻshga yuborildi va teatrning badiiy rahbari etib tayinlandi va u 1949-yilgacha teatrga rahbarlik qildi.
Ikkinchi jahon urushi davrida teatr sanʼatkorlari oʻzlarining Vatan oldidagi burchlarini chuqur his etib, frontda boʻlib, soldatlarga madaniy xizmat koʻrsatdilar. Oʻrinboy Rahmonov, Tojixon Hasanova, E.Boʻtayeva, M.Otaboyevlar jangchilarni mardlikka, qaxramonlikka undadilar. Shu yillarda Oʻrinboy Rahmonov tomonidan Komil Yashinning „Boʻron“, „Oʻlim bosqinchilarga!“, Sobir Abdullaning „Qurbon Umarov“, Uygʻunning „Hayot qoʻshigʻi“, Bil-Belotserkovskiyning „Chegarachilar“, Korneychukning „Front“ asarlarini sahnaga qoʻyib, teatr jamoasi mehnatkashlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshdilar.
Ijodiy jamoaning kamolotga erishuvida Oʻrinboy Rahmonov tomonidan Hamzaning „Boy ila xizmatchi“, „Maysaraning ishi“, K.Trenyovning „Lyubov Yarovaya“, Shillerning „Makr va muhabbat“, Sobir Abdullaning „Tohir va Zuhra“, Oʻrdubodiyning „Besh soʻmlik kelin“, Hurshidning „Farhod va Shirin“, Komil Yashinning „Gulsara“, Uygʻunning „Navbahor“, „Oltinkoʻl“ asarlarini sahnalashtirilishi alohida bosqich boʻldi.
Oʻriboy Rahmonov Oʻsh oʻzbek drama teatrida 1927-1949-yillari, 1949-1952-yillari Qizilqishloq qishloq Kengashi masʼul kotibi, raisi vazifasini bajaruvchi, 1952-1965-yillari Qizilqishloqning „Eshonguzar“ masjidi oldidagi eski pochtasida boshliq, 1965-yildan savdo sohasida ishladi. Oʻrinboy Rahmonov 1949-yili teatrdan ketib, boshqa ishga oʻtsada, lekin shtatdan tashqari, ishdan keyin 1958-yilgacha rollar ijro etdi. Tomoshabinlarga va tanqidchilarga nemis ofitseri, „5 soʻmlik kelin“dagi ota va boshqa dramalardagi oʻynagan bosh rollari yoqqan. Abdugʻani Abdugʻofurovning fevral 2010-yilda nashr etilgan „Oʻshning akademik teatri“ kitobining 1 va 3 betlarida Oʻrinboy Rahmonovning Bobur nomli Oʻsh oʻzbek akademik musiqali-drama teatrining tashkil etishda va faoliyat koʻrsatishdagi xizmatlari aks ettirilgan va 1940-yildagi teatr afishasidagi ismi-sharifi aktyorlar roʻyxatida № 19 (42 betda) aks ettirilgan.
Oʻrinboy Rahmonov boʻsh vaqtlarida Oʻsh va Sulaymon togʻi goʻzalligi xaqida koʻplab sheʼrlar yozgan, toʻrttasi roʻznomalardan chiqqan. Oʻrinboy Rahmonovning koʻp urugʻlari sanʼatkor, shoir boʻlishiga asosiy sabab shoir Xoʻjanazar Huvaydo (1704-1780-yillar) qarindoshi boʻlgan. Qariganda Sulaymon togʻidagi Bobur hujrasini qarab yurgan va obod etgan, toqqa har chiqqanida ikki paqir suv olib chiqib, ekkan koʻchatlarini sugʻorgan. Oʻn ikkita farzandni tarbiyalagan. Toʻngʻich farzandi Dildorbek hoji Rahmonov ham Bobur nomli teatrda artist boʻlib ishlagan, uchta kinofilmda epizodik rollar oʻynagan. Yana bir oʻgʻli Darvishbek polvon Rahmonov otasiga oʻxshab oʻzini umrini sanʼatga bagʻishladi. Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumanidagi "Qaldirgʻoch" namunali sirk truppasi asoschisi va badiiy rahbari lavozimida ishlaydi.
Oʻrinboy Rahmonov 5-oktabr 1980-yili vafot etgan, qabri Oʻsh shahrining Sulaymon togʻida joylashgan „Goʻdak mozor“ qabristonida.
Oʻrinboy Rahmonov Oʻsh viloyati, Oʻsh shahar, Qorasuv tumani kengashlari deputati, Qizilqishloq qishloq kengashi deputati boʻlib bir necha marta saylangan.
Oʻrinboy Rahmonovning Oʻsh shahar Bobur nomli teatr sahnasida rollar ijro etgan asarlar roʻyxati
Shuningdek koʻplab konsert dasturlarida ishtirok etgan.
Yozgan kitobi
Teatr sanʼatkorining xotirasi
Oʻrinboy Rahmonovning nomini abadiylashtirish maqsadida uning nomi Oʻsh viloyati, Qorasuv tumani, Qizilqishloq qishlogʻining Beshkapa mavzesi yangi cheklardagi uchta koʻchaga qoʻyildi.
Oilasi
Adabiyotlar
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org