Oq boshli burgut




Oq boshli burgut (lotincha: Haliaéetus leucocéphalus) — Shimoliy Amerikada yashovchi qirgʻiylar oilasiga mansub yirtqich qush. Qitʼaning eng yirik vakillaridan biri boʻlgan bu qush burgut bilan birga mahalliy xalqlarning madaniyati va urf-odatlarida katta oʻrin tutadi. U odatdagi burgutlarning tashqi koʻrinishiga oʻxshash, lekin ulardan farqli oʻlaroq, koʻproq baliq bilan oziqlanadi. Shu sababli, bu turdagi qush dengiz qirgʻoqlari va yirik suv havzalari qirgʻoqlarida koʻp uchraydi. Bu burgut qardoshi baliqqiygʻir kabi baliqni tutish uchun shoʻngʻimaydi, balki, baliqlarni suv yuzasiga yaqin kelganida ushlab oladi. Asosiy oziq-ovqati boʻlgan baliqdan tashqari, oq boshli burgut suvda suzuvchi qushlar va kichik sutemizuvchilarni ham ovlaydi. Oq boshli burgut boshqa yirtqich qush tomonidan tutilgan oʻljani tortib olishi ham mumkin. Shuningdek, Burgut suv yuzasiga chiqib qolgan oʻlik baliqlar yoki quruqlik hayvonlarining jasadlari bilan ham oziqlanadi.

Odatda oq boshli burgut odamlarga yaqin yoʻlamaydi va aholi punktlaridan uzoqda joylashadi. Juftlari umr boʻyi bir-biriga sodiq qoladilar. Ular yiliga bir marta koʻpayib, birdan uchtagacha tuhum qoʻyadi. Ularning shoxlardan yasalgan inlari Ginnesning rekordlar kitobiga „Dunyodagi eng ulkan qush uyalari“ sifatida kiritilgan. Oʻrtacha 15-20 yil umr koʻradi, tutqunlikda esa bu koʻrsatkich ancha koʻproq.

1782-yilda burgut AQShning milliy qushi sifatida rasman tan olingan, uning tasvirlari ushbu mamlakatning gerbida, prezident shtandartida (bayrogʻi), banknotlarda va boshqa davlat atributlarida, shuningdek milliy korporatsiyalarning logotiplarida ham tasvirlanadi. XX asr oxirida qush Amerika Qoʻshma Shtatlarida yoʻq boʻlib ketish arafasida edi. Tabiatni muhofaza qilish choralari va insektitsidlarni taqiqlash ularning sonining asta-sekin tiklanishiga olib kelgan. Shundan kegin qushning populyatsiyasi tiklana boshlagan va tur 1995-yil 12-iyulda AQSh hukumatining yoʻq boʻlib ketayotgan turlar roʻyxatidan chiqarilgan va yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlar roʻyxatiga kirgizilgan va 2007-yil 28-iyunda ikkala roʻyxatdan olib tashlangan. Shunga qaramay, AQShda ushbu qushni ruxsatsiz ovlash va tutqunlikda saqlashni taqiqlovchi qonunlar mavjud.

Tipologiyasi



Oq boshli burgut shved shifokori va tabiatshunos Carl Linnaeus tomonidan 1766-yilda oʻzining „Tabiat tizimi“ asarida tasvirlangan. Muallif burgutni lochinlar bilan bir qatorga qo‘yib, lotincha „Falco leucosephalus“ deb nomlagan. Dastlab, turkumga faqat oq dumli suvburgut (Haliaeetus nisus nomi bilan) kiritilgan, ammo keyinchalik xuddi shu guruhga kal burgut ham qoʻshilgan. Umumiy nomlanishi (Haliaeetus) qadimgi yunoncha: ἁλιάετος, „dengiz burguti“, ehtimol, baliqqirgʻiy degan maʼnoni anglatadi. Tur nomlanishi (leucocephalus) — qadimgi yunoncha: λευκοκέφᾰλος, „oq boshli“ degan maʼnoni anglatadi. Soʻzlarning butun birikmasini „oq boshli burgut“ deb tarjima qilish mumkin. Shunisi eʼtiborga loyiqki, zamonaviy ingliz tilida qush „bald eagle“ (kal burgut) deb nom olgan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, „kal“ soʻzi patlarning yoʻqligi bilan bogʻliq emas, balki morfologik jihatdan inglizcha „piebald“ soʻzidan oʻzlashtirilgan, oʻzbek tilida „olachipor“ sifatida tarjima qilinishi mumkin.

Oq boshli burgutning eng yaqin qardoshiga — Shimoliy Yevrosiyo va Grenlandiyada oq boshli burgut singari bir xil ekologik hududda yashovchi oq dumli suvburgutni misol tariqasida keltirish mumkin. Oq boshli burgut turining eng qadimiy qazilma qoldiqlari AQShning Kolorado shtatidagi gʻorda topilgan, ularning yoshi 670-780 ming yil deya taxmin qilingan.

Tavsifi



Tashqi koʻrinishi



Oq boshli burgut Shimoliy Amerikadagi eng yirik yirtqich qushlardan biri, lekin ayni paytda oq dumli burgutning hajmi jihatidan ancha kichik. Umumiy uzunligi 70-120 sm, qanotlari 180-230 sm, vazni 3-6,3 kg ga etadi. Moda qushlar narlarnikiga qaraganda taxminan 25 % koʻproq vaznga ega. Arealning shimoliy chekkasida tarqalgan qushlar arealning janubiy qismida yashovchi qushlarga qaraganda sezilarli darajada kattaroqdir: agar Janubiy Karolinada oʻrtacha vazn 3,27 kgni tashkil qilsa, xuddi shunday koʻrsatkich Alyaskada makiyonlarda 6,3 kg, narlarda esa 4,3 kg. Jinsiy dimorfizm faqat oʻlchamlarda namoyon boʻladi.

Tumshugʻi katta, ilgak shaklida, katta qushlarda u oltin sariq rangga ega. Bosh suyagining koʻz qismi qirrali boʻlib, bu qushni qovogʻini solib turgandek koʻrsatadi. Oyoqlari tumshugʻi bilan bir xil rangda, patlarsiz. Barmoqlar uzunligi 15 sm gacha, kuchli, oʻtkir tirnoqli. Qush oldingi barmoqlari bilan oʻljani ushlab turadi, nisbatan yaxshi rivojlangan orqa tirnogʻi bilan esa uning hayotiy organlarini teshib oladi. Tovoni, burgutlardan farqli oʻlaroq, patsiz. Yoysimon pardasi sariq rangda. Qanotlari keng va yoysimon; dumi oʻrta uzunlikdagi, xanjar shaklida.

Burgut patlarining oʻzgarishi hayotining oltinchi yilining boshlanishida yuz beradi. Ushbu yillarda uning boshi oq, dumi toʻq jigarrang qolgan barcha tana qismi esa qora rangga aylanadi. Tuhumlarni endigina ochib chiqqan polaponlar qisman kulrang-oq tuklar bilan qoplangan, terisi pushti rangga boʻyalgan, tirnoqlari tana rangida boʻladi. Taxminan 3 hafta oʻtgach, teri koʻkish rangga aylanadi, oyoqlari sargʻayadi. Hayotning ikkinchi va uchinchi yillarida oq dogʻlar paydo boʻlishi bilan patlarda yanada rang-baranglik aks etadi; kulrang rangga ega boʻlgan koʻzlar, sariq rangga aylanadi. Ushbu davrning oxiriga kelib, tumshugʻida ham sargʻishlik paydo boʻladi.

Parvozda qanotlari bilan bir xil tempda, shoshilmasdan uchadi.

Ovozi




Haybatli koʻrinishiga qaramay, oq boshli burgutning ovozi nisbatan zaif. Koʻproq „Kvik-kik-kik-kik“ tarzida baland qichqiriq yoki hushtakni eshitishingiz mumkin. Baland qichqiriqdan tashqari, past ovozda, „kak-kak-kak-ak-kak“ tarzida chugʻurlash holatlari kuztiladi. Yosh qushlarning ovozi keskinroq, qoʻpolroq. Vokalizatsiya koʻpincha uyada „qoʻriqchini almashtirish“ paytida, shuningdek qishda qushlarning ommaviy toʻplanishi joylarida paydo boʻladi.

Oʻxshash turlar



Oq boshli burgutga yaqin turlar Amerikadan tashqarida tarqalgan. Ulardan faqat afrikalik qichqiriq burgut oq boshli burgutga oʻxshash rangga ega. Biroq, undagi oq rang yuqori orqa va koʻkrak qafasini egallaydi. Burgut esa balogʻatga yetmagan oq boshli burgutga oʻxshaydi, shuningdek burgutning boʻyni qisqaroq, oyoqlari esa tovonigacha par bilan qoplangan boʻladi. Bundan tashqari, burgutning patlari yengilroq, baʼzan esa oltin rangda tuslanadi. Uchayotgan oq boshli burgut qanotlarini gorizontal tekislikda tutib turadi, burgut esa qanotlarini yuqoriga koʻtargan holda parvoz qiladi.

Tarqalishi



Areal



Oq boshli burgut asosan Kanada va AQShda yashaydi, Meksikaning shimoliy shtatlarida ham uchraydi. Mamlakatlardan tashqari, bu qush Fransiyaning Sen-Pyer va Mikelon orollarida ham in quradi. Qushning uyalari dengiz qirgʻoqlarida va yirik daryolar hamda koʻllar yaqinida qayd etilgan. Burgut Tinch okeani sohilida Alyaskadan Oregongacha, shuningdek, Aleut orollarida keng tarqalgan. Aydaho, Montana, Vayoming va Kolorado shtatlaridagi qoyali togʻlarda maʼlum miqdorda dengiz burgutlari mavjud. Amerika Qoʻshma Shtatlarining sharqiy qismining Florida shtatida (Alaskadan keyin ikkinchi oʻrinda turadi), Chesapeake koʻrfazi qirgʻoqlarida va Buyuk koʻllar mintaqasida eng koʻp tarqalgan. Kichik toʻdalari Quyi Kaliforniya, Arizona, Nyu-Meksiko, Rod-Aylend va Vermontda qayd etilgan. Tasodifiy parvozlar Bermuda, AQSh Virjiniya orollari, Puerto-Riko, Beliz va Irlandiyada kuzatilgan.

Migratsiya




Migratsiya tartibi bir qancha omillarga, jumladan, iqlim sharoitiga, oziq-ovqat mavjudligiga, tuhum qoʻyish uchun uyaning joylashuviga va qushning yoshiga bogʻliq. Agar suvning yuzasi butunlay muz bilan qoplangan boʻlsa, u yerda yashovchi barcha burgutlar hududni tark etib, dengiz qirgʻoqlariga yoki janubga iliqroq iqlimli kengliklarga koʻchib oʻtadi. Boshqa tomondan, oziq-ovqat sharoitlari yetarlicha boʻlsa (masalan, dengiz qirgʻoqlarida), katta qushlarning kamida bir qismi qishlash uchun hududni tark etmaydi. Michigan shtatidagi kuzatuvlar shuni koʻrsatdiki, qushlar issiq oʻlkalarga uchib ketmaydilar, balki keng va ochiq suv hududlari hamda kerakli miqdordagi oʻlja mavjud boʻlgan joylarda oʻrnashish uchun shunchaki yashab turgan joyini tark etishadi.

Garchi oʻlja toʻplangan joyda kichik toʻda boʻlib toʻplanishi mumkin boʻlsada, ular yakka koʻchib yurishadi deb ishoniladi. Juflar bir-biridan alohida uchishlariga qaramay, erkaklar va urgʻochilar qishlash paytida uchrashadilar va yana juftlik hosil qiladilar, yaʼni qishlash uchun burgutlar yangi uya quradilar va sheriklari bilan uchrashadilar, ammo qish tugashi bilan, shimolga, oʻz uylalariga uchib ketishadi. Oq bosh burgut ommaviy yigʻilishlarni hosil qila oladigan kam sonli yirtqich qushlardan biridir. Oziq-ovqatlar koʻp boʻlgan joylarda, masalan, hayvonlarning nobud boʻlgan hududlarida yoki qish faslida gidroelektrostantsiyalar yaqinida oʻnlab, yuzlab va hatto minglab qushlar toʻdasi toʻplanishi mumkin. Bunday mavsumiy toʻplanishlar Missisipi va Missuri daryolari vodiylarida, janubiy Alyaska va Britaniya Kolumbiyasidan janubiy Vashingtongacha boʻlgan Tinch okeani sohilida, shuningdek, Chesapeake Bay mintaqasida maʼlum.

Koʻpayishi



Juftlikning shakllanishi




Jinsiy yetuklik odatda toʻrt yoki besh yoshda, baʼzan olti yoki yetti yoshda sodir boʻladi. Koʻpchilik qirgʻiylar singari, oq boshli burgutlar ham monogamdir: har bir erkak bitta urgʻochi bilan juftlashadi. Anʼanaga koʻra, sheriklar hayotlari davomida „turmush oʻrtoq“ sodiqligini saqlab qolishadi. Biroq, bu unday emas: agar qushlardan biri qishlashdan keyin uyaga qaytmasa, ikkinchisi yangi sherik qidira boshlaydi. Shuningdek, juftlik naslni koʻpaytirishga qodir boʻlmaganda ajraladi.

Tuhumni yorish va polaponlar




Tuxum uya qurish boshlanganidan 1-3 oy oʻtgach qoʻyiladi. Tabiatda 4 ta tuxumli uyalari juda kam uchraydi. Tuxumlari oq, naqshsiz, keng oval shaklga ega. Ularning oʻlchamlari 58-85x47-63 mm. Tuxumlarning hajmi va vazni janubdan shimolga qarab qushlarning oʻz oʻlchamiga mos ravishda ortib boradi. Alyaskadagi oʻlchovlar oʻrtacha massani taxminan 130 g ni, Kanadaning Saskachevan provinsiyasida taxminan 114,4 g ni koʻrsatadi.

Tuhumni bosish muddati taxminan 35 kun. Urgʻochi polaponni oziqlantiradi, erkak esa baʼzi hollarda vaqti-vaqti bilan jufti bilan oʻrin almashadi. Erkakning asosiy vazifasi yem-xashak yigʻishdir. Joʻjalar tuxum qachon qoʻyilgan boʻlsa, shu tartibda tuxumni yorib chiqadi, shuning uchun ular hajmi jihatidan bir-biridan sezilarli darajada farqlanadi. Dastlabki ikki yoki uch haftada ota-onalardan biri doimiy ravishda uyada boʻladi — asosan urgʻochi, erkak esa uya uchun oziq-ovqat qidirish yoki yigʻish bilan shugʻullanadi. Polaponlar oziq-ovqat yeyish uchun bir-biri bilan raqobatlashadi va koʻpincha nimjonlari ochlikdan oʻlib ketishadi. Beshinchi yoki oltinchi haftada ota-onalar uyani tark etadi va odatda yaqin atrofdagi hududda joylashadi. Bu davrning oxiriga kelib, polaponlar ovqat boʻlaklarini maydalab tashlashni va shoxdan shoxga sakrashni oʻrganadilar, 10-12,5 haftadan soʻng ular birinchi parvozni amalga oshiradilar. Uchishni oʻrgangan joʻjalar mustaqil hayotga qadam qoʻygunga qadar ota-onalari yonida yana 2-11 hafta vaqt oʻtkazadilar.

AQSh milliy qushi




1782-yil 20-iyunda, Amerika davlat gerbi boʻlmish Buyuk muhrning zamonaviy qiyofasi uchun Kontinental Kongressda ovoz berishdagi olti yillik qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, oq boshli burgut rasman Amerika Qo‘shma Shtatlarining milliy ramziga aylangan. Gerbning markazida qanotlarini cho‘zilgan burgut tasvirlangan bo‘lib, uning tumshug‘ida lotincha „E pluribus unum“ yozuvi bo‘lgan tasma bor, uni "Ko‘pdan - bir " deb tarjima qilish mumkin va bu soʻzlar millatni birlashtirish uchun mo‘ljallangan shior sifatida qabul qilinadi. Burgutning bir panjasida 13 ta nayza, ikkinchisida zaytun novdasi bor. Biroq, gerb tasdiqlanishidan oldin burgut tasviri 1776-yilda Massachusets shtatining 1 sent tangalarida ham paydo boʻlgan.

Hozirgi vaqtda burgutning stilizatsiya qilingan tasviri turli davlat atributlarida, jumladan, prezidentlik va vitse-prezidentlik shtandartlarida, Vakillar palatasining tayoqchasida, armiya ranglarida, bir dollarlik banknot va 25 sentlik tangalarda keng qoʻllaniladi. Xususiy korxonalar ham oʻzlarining Amerika kelib chiqishini taʼkidlashni xohlaganlarida oq boshli burgutdan foydalanishadi. Misol uchun, uning tasvirini American Airlines va samolyot dvigatellarini ishlab chiqaruvchi Pratt & Whitney logotiplarida koʻrish mumkin.

Yana qarang




Manbalar




Adabiyotlar




Havolalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz