Onel Hernández
Onel Ernandes (nemischa va ispancha Onel Hernandez) 1993-yil 1-fevralda Kubada tavallud topgan. Onel Ernandes kubalik va nemis futbolchisi, Angliyaning „Norvich City“ klubi va Kuba terma jamoasi hujumchisi.
Biografiyasi
Onel 1993-yil 1-fevralda Kubaning Moron shahrida tugʻilgan, ammo 6 yoshida onasi va singlisi bilan Germaniyaga koʻchib oʻtgan. Onel Ernandesning yoshligi Gutersloh shahrida oʻtgan. U Germaniyadagi TuS Westfalia Neuenkirchen maktabida futbol oʻynay boshlagan.U yerda nemis oʻgay otasi Evald bilan birga mashgʻulotlar oʻtkazgan.
2007-yildan boshlab Onel „Arminia“ klubida oʻynay boshlagan. U asosiy jamoadagi debyutini 2010-yil 1-oktabr kuni Ikkinchi Bundesliganing „Paderborn 07“ klubiga qarshi oʻyinda oʻtkazgan va u oʻyinda Frank Gela oʻrniga 79-daqiqada zaxiradan maydonga tushirilgan. 2010/11-yilgi mavsum oxirida Arminiya Ikkinchi Bundesligadan tushib ketgan va keyingi mavsumda Ernandes uchinchi Bundesligadagi jamoada oʻynay boshlagan. Shu bilan birga Regional ligada „Arminia farm“ klubi tarkibida maydonga tushgan. 2012-yilning yozida Onel klubni tark etgach, u bir necha yil Regional ligada oʻynagan va u yerda „Verder II“ va „Volfsburg II“ tarkibida toʻp surgan. 2016-yilning yozida u Ikkinchi Bundesliga vakili „Ayntraxt“ (Braunshveyg) bilan shartnoma imzolagan va shu zahotiyoq asosiy futbolchiga aylangan. 2016/17-yilgi mavsum oxirida „Ayntraxt“ ligada uchinchi oʻrinni egallagan va „Volfsburg“ klubi bilan Bundesligaga kirish uchun pley-offga chiqqan. Ernandes ikkala uchrashuvda ham qatnashgan, biroq „Ayntraxt“ har ikki oʻyinda ham 0:1 hisobida magʻlub boʻlgan va Ikkinchi Bundesligada qolishga majbur boʻlgan.
Keyingi mavsumda Ernandes Angliya chempionatining „Norvich City“ klubiga oʻtgan. 2018/19-yilgi mavsumda „Norvich City“ chempionlikni qoʻlga kiritgan va Premer-ligaga yoʻl olgan. Futbolchining oʻzi esa chempionat mavsumida 40 ta oʻyinda qatnashib, 8 ta gol kiritishga muvaffaq boʻlgan. Chempionatdagi muvaffaqiyatli mavsumdan soʻng futbolchining shartnomasi uzaytirilgan. 9-avgust kuni "Liverpool"ga qarshi 1-tur oʻyinida Ernandes 70-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, Premer-ligadagi debyutini oʻtkazgan va shu tariqa turnir tarixidagi asli kubalik birinchi futbolchiga aylangan.
2021-yilning avgustida u „Midlsbro“ga ijaraga berilgan. U klubdagi ilk golini 2021-yil 15-sentabrda „Nottingem Forest“ darvozasiga kiritgan.
2022-yilning yanvarida u „Birmingem City“ klubiga ijaraga berilgan. Ernandesning birinchi oʻyini „Birmingem City“ uchun „Preston North End“ jamoasiga qarshi oʻyinda boshlanib, 83 daqiqa oʻynadi va oʻyinning oʻzi 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan. Birinchi golini 2022-yil 23-yanvarda „Barnsli“ darvozasiga kiritgan.
Terma jamoadagi faoliyati
2010-yilda Onel Ernandes 18 yoshgacha boʻlgan Germaniya terma jamoasi tarkibida ukrainalik tengdoshlariga qarshi maydonga tushgan.
2018-yilning noyabr oyida futbolchi ilk bor Kuba terma jamoasiga 2019/2020-yilgi Millatlar ligasi saralashida Dominikan Respublikasiga qarshi oʻyin uchun chaqirilgan. Biroq, futbolchi ichki siyosiy sabablarga koʻra oʻyinda ishtirok eta olmagan. Kuba terma jamoasida faqat mahalliy oʻyinchilar oʻynashi mumkin deb qaralgan. Ernandesning oʻzi terma jamoada oʻynashdan manfaatdor boʻlishi va kelajakda vaziyat oʻzgarishiga umid qilishini taʼkidlagan.
2021-yilning 25-mart kuni Ernandes Kuba terma jamoasidagi debyutini JCh-2022 birinchi saralash bosqichi doirasida Gvatemala terma jamoasiga qarshi oʻtkazgan.
Yutuqlari
„Norvich City“
Statistika
Oʻyinlar boʻyicha natijalar 2022-yil 6-avgustda holatida:
Manbalar
uz.wikipedia.org