Oʻktam Haitov
Aktam Ahmadovich Haitov (1974-yil 12-mart, Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani) — oʻzbek siyosatchisi, 2018-yil 3-avgustdan Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi yetakchisi, 2019-yil dekabridan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati. Iqtisod fanlari nomzodi.
Tarjimai hol
Taʼlim
1994-yilda Samarqand iqtisodiyot va servis institutini „Iqtisodiyot va menejment“ mutaxassisligi boʻyicha tugatgan.
Mehnat faoliyati
1994—2000-yillarda Samarqand iqtisodiyot va servis institutida, shuningdek, Samarqand viloyati hokimligi axborot-tahlil guruhida ishlagan. 2000—2002-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi axborot-tahlil boʻlimi yetakchi mutaxassisi, 2002—2005-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar yigʻma axborot-tahlil boʻlimi boshligʻi, 2005-yilda qisqa muddat Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi huzuridagi iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, 2005—2006-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, 2006—2014-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri, 2014—2016-yillarda „Biokimyo“ AJ Boshqaruv raisi oʻrinbosari, 2016—2017-yillarda Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori, 2017—2018-yillarda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimlarida ishlagan.
2018-yil 3-avgustda Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashining oʻninchi yigʻilishida partiya rahbari (siyosiy kengash ijroiya qoʻmitasi raisi) etib saylandi. Shuningdek, u Oʻzbekiston fermerlar, dehqon xoʻjaliklari va yer egalari kengashi kengashining raisi.
2019-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, spiker oʻrinbosari lavozimlarida ishlab kelmoqda.
Tanqidlar
2019-yilgi Oliy Majlis deputatligi uchun saylov kompaniyasi davrida Aktam Hayitovning „koʻp goʻsht yeyapmiz“ mazmunidagi gaplari koʻplab memlar va muhokamalarga sabab boʻlgan edi.
Go‘sht narxi nega qimmatlab ketyapti deb o‘ylaysizlar? To‘g‘ri, ozuqa yetishmasligi birinchi sabab, ikkinchidan, bugun biz juda ko‘p go‘sht iste'mol qilyapmiz. Shunchalik ko‘p go‘sht yemoqdamizki, buning natijasida ko‘pgina kasalliklar paydo bo‘lyapti...
— Aktam Hayitov, [7]
Manbalar
uz.wikipedia.org