Ohangaronsement aksiyadorlik jamiyati
"OHANGARONSEMENT" AKSIYADORLIK JAMIYATI — qurilish materiallari ishlab chiqaradigan yirik korxona. „Oʻzqurilishmateriallari“ aksiyadorlik kompaniyasi tarkibida. Turli navli va markali sement (yuqori sifatli portlandsement, shlakportlandsement), shifer, mineral tolalar, akustik plitalar, asbest quvurlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi. Korxona 1957-yil aprel oyidagi hukumat qarori bilan 1958-yildan „Ohangaron sement zavodi“ nomi bilan qurila boshlagan. Yillik quvvati 450 ming t boʻlgan 1-texnologik liniya 1961-yil oxirida ishga tushirildi. 1967-yilda 4-texnologik liniya ham ishga tushirildi va korxonaning sement boʻyicha yillik ishlab chiqarish quvvati 1750 ming t sementga yetkazildi. 1963—1965-yillarda shifer ishlab chiqaradigan 6 ta texnologik liniya ishga tushirildi (yillik quvvati 170 mln. shartli taxta). 1970-yildan kombinat, 1980-yildan „Ohangaronsement“ ishlab chiqarish birlashmasi, 1994-yildan ochiq aksiyadorlik jamiyati. 2000-yilda 750 ming t sement, 630 ming t klinker, 36 ming t mineral mahsulotlar ishlab chiqarildi. Korxona mahsulotlari xorijga eksport qilinadi.
Ad: Muratov M., Sement Axangarana, T., 2001.
Manbalar
uz.wikipedia.org