Ogʻoch sardoba
Yogʻochli sardoba (Ogʻoch sardoba, Xudoysera sardobasi) — Oʻzbekistonning Sirdaryo viloyati Sardoba tumani Gumbaz qishlogʻida, Toshkent—Samarqand—Buxoro shaharlarini bog‘lovchi M39 avtomagistral yo‘li yoqasida joylashgan meʼmoriy yodgorlik. U, shuningdek, Mirzachoʻlda mavjud boʻlgan 3 ta sardobadan biri va viloyatda shu turdagi yagona inshootdir[⇨].
Yogʻochli sardoba oʻrta asrlarda „Xudoysera“ deb ham atalgan. Hozirda unga nisbatan „Ogʻoch“ nomi ham qoʻllaniladi[⇨].
Sardoba XVI asrda oʻzbek hukmdori Abdullaxon (1557—1598) davrida bunyod etilgan boʻlib[⇨], uning Amir Temur (1370—1405) davrida qurilishi bilan bogʻliq rivoyat bizgacha yetib kelgan[⇨].
Tarixiy yodgorlik Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan. U Sirdaryo viloyatidagi 4 ta ekoturizm obyektlaridan biri hamdir[⇨].
Sardobaning atrofida sizoq suvlar koʻtarilib ketishi oqibatida hovuz suvi hozirda istemolga yaroqsiz holatga kelib qolgan[⇨].
Nomlari
„Sardoba“ soʻzi forschadan olingan boʻlib, „muzdek suv“ degan maʼnoni anglatadi. Yogʻochli sardoba oʻrta asrlarda Xudoysera deb ham atalgan. Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatida unga nisbatan Ogʻoch atamasi qoʻllanilgan.
Joylashgan oʻrni
Oʻzbekiston va uning atrofida 44 ta sardoba boʻlib, ularning 29 tasi Qarshi choʻlida, 3 tasi Mirzachoʻlda, yana 3 tasi Toshkent — Fargʻona oʻrtasidagi qadimgi savdo yoʻlida hamda bittasi Karmana yaqinida Malikchoʻlda joylashgan.
Tarixda Mirzachoʻlni kesib oʻtuvchi bir nechta karvon yoʻllari boʻlgan. Yogoʻchli sardoba shu yoʻllardan birining yoqasida joylashgan boʻlib, Mirzasardobadan 30 km janubda, Jizzaxdan 35 km shimolda oʻrnashgan. Hozirda bu joy Oʻzbekistonning Sirdaryo viloyati Sardoba tumani Gumbaz qishlogʻi hududiga toʻgʻri keladi.
Tadqiqotchilarning fikricha, Mirzachoʻldagi sardobalarning barpo etilishi Amir Temur va Abdullaxonning bunyodkorlik faoliyati bilan bogʻliqdir.
Tarixi
Yog‘ochli sardoba haqidagi ilk maʼlumotlar Hofiz Tanish al-Buxoriyning „Abdullanoma“ asarida keltirilgan. Unga koʻra oʻzbek xoni Abdullaxon (1557—1598) „Toshkentga harbiy yurishi chog‘ida shu hududda hordiq chiqarish uchun to‘xtab, suvsizlikdan qiynalgan askarlari uchun karvonsaroy va sardoba qurishni buyuradi“.
Manbalarga koʻra Yog‘ochli sardoba XVI asrning 2-yarmida (1580-yilda yoki 1585—1590-yillarda) bunyod etilgan. Taxminlarga koʻra, uning gʻishtlari Samarqand shahrida yoki hozirgi Gʻallaorol tumani hududida quyilib, pishirilib, olib kelingan.
Yon-atrofdagi suvlar insonlar tomonidan qazilgan irmoqchalar yordamida sardobaga quyilgan. Sardobaga suvning kirishi uchun maxsus yassi tarnovlar oʻrnatilgan boʻlib, ular bir-birlari bilan halqasimon tarnov orqali bogʻlangan.
Tarixiy manbalarga asosan ichki hovuzlar 2 ta boʻlgan. Bu hovuzlarda quduq boʻlib doimiy muzday suv bilan taʼminlanib turilgan. Keyinchalik 1 ta hovuz yopilib ketgan va hozirda 1 ta hovuz qolgan. Sardoba hovuzi loyqalanib, inshootni ishdan chiqarmasligi uchun uning oldida kattagina suv tindirgich — ochiq hovuz qurilgan. Atrofdan oqib kelgan qor va yomgʻir suvlari avval suv tindirgichda toʻplanib, undan loyqa hovuz tubiga choʻkkan, soʻngra toza suv sardobaga quyilgan. Suv tindirgichga chorva mollari kirib, ifloslamasligi uchun uning atrofi paxsa devor bilan oʻralgan.
XX asr tarixchilarining yozishicha, sardoba yaqinida karvonsaroy bilan birga bogʻ-rogʻlar boʻlgan. XIX asr tarixchilarining yozishicha, sardobaga kirish qismidagi oʻziga xos yoʻlakning tepasida xizmatchilar va qoʻriqchilar uchun maxsus xona boʻlgan. Unga inshoot tashqarisida qurilgan zinapoya orqali chiqilgan.
SSSR davrida sardoba ichida „yеvropaliklar“ tomonidan quduq qazilgan. Ushbu quduqning dеvorlari yogʻoch bilan oʻralgan.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng Yogʻochli sardoba tarixiy yodgorligida bir necha marta tamirlash ishlari olib borilgan. 2001-yil tarixiy yodgorlikning atrofi toʻliq oʻralgan, oldi qismiga choʻyan panjaralar oʻrnatilgan va kirish qismiga darvoza oʻrnatib kirish yoʻlaklarini va tarixiy yodgorlik atrofida yassi toshlar yotqizilib, yoʻlaklar qilingan.
Tarixiy yodgorlikning ayvon qismiga ganchli darvoza qurilgan va ichki qismi toʻliq tamirlanib maxsus yoritgichlar oʻrnatilgan hamda sardobaning atrofiga koʻchatlar va gullar ekilgan. Lekin, keyinchalik uning rekonstruksiyasi toʻxtatib qoʻyilgan.
2019-yilda sardoba xarobaga aylanib, achinarli holatga kelib qolgan. Obidaning atrofi temir panjaralar bilan to‘sib qoʻyilgan, darvozasi mato bilan bog‘lab qo‘yilgan. Tevarak-atrofi chiqindilar bilan to‘la, yonidagi ikkita binoning qurilishi ham yakuniga yetmagan (2019). Yog‘ochli sardoba joylashgan hududda turistlar uchun deyarli sharoit yo‘q edi. Sardoba 2019-yil tasdiqlangan Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan.
2021-yilda qabul qilingan Xalq deputatlari Sardoba tumani kengashi qarorining mazmuniga koʻra, tumanning bir nechta mansabdor shaxslariga tarixiy yodgorlikni turistik marshrutga kiritish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqib, tasdiqlash va ijrosini taʼminlash maqsadida navbatdagi sessiya kun tartibiga kiritish vazifalari yuklatilgan. Yaʼni, ular navbatdagi sessiyada tashkiliy-amaliy taklif berishlari kerak boʻlgan.
Yogʻochli sardoba tarixiy yodgorligi atrofida sizoq suvlar koʻtarilib ketishi oqibatida hovuz suvlari hozirda istemolga yaroqsiz holatga kelib qolgan. U hozirda Sirdaryo viloyatidagi 4 ta ekoturizm obyektlaridan biridir.
Meʼmorchiligi
Yogʻochli sardoba tarixiy yodgorligi tomonlari 75 metrdan kvadrat holida toʻsilgan va umumiy maydoni 5625 kvadrat metrni tashkil qiladi. Ikki yon tomoni va orqa qismi 3 mertlik balandlikdagi beton toʻsiqlar bilan oʻralgan, oldi qismi choʻyan bezakli toʻsiqlar bilan oʻralgan.
Oʻralgan umumiy maydonning oʻrtasida Yogʻochli sardoba tarixiy yodgorligi joylashgan. Tarixiy yodgorlik diametri 27 metr aylana holda qurilgan, balandligi 8 metr va oldi kirish qismiga 5 metr uzunlikda, 3 metr balandlikda ayvon qurilgan.
Sardobaga kirish qismi inshootning shimolida joylashgan. Kirish darvozasining eni 3 metr, balandligi 2,8 metr. Kirish arksimon bo‘lib, undan g‘ishtli zinapoyalar orqali sardoba ichkarisiga kiriladi.
Yogʻochli sardoba tarixiy yodgorligi ichki qismining oʻrtasida hovuz joylashgan boʻlgan. Uning chuqurligi 10—15 metr, diametri 12—16 metrni tashkil etgan. Uning oʻrnida XX asrda qazilgan quduq saqlanib qolgan. Ushbu quduqning dеvorlari yogʻoch bilan oʻralgan
Inshootning g‘ishtlari kvadrat shaklda bo‘lib, qalinligi 5—5,5 sm, yuzi esa 25, 26 va 27 sm ga teng pishiq gʻishtlardan qurilgan. Devorining qalinligi quyi qismida 1,5 metrni tashkil etsa, yuqoriga qarab yupqalashib boradi va eng yuqori qismida uning qalinligi bir g‘isht ko‘rinishiga keladi. Inshoot gumbazining ichki diametri 15 metr, balandligi 12 metr. Gumbazning uch tomoniga, yerdan 2 metr balandlikda, bir nechta ravoqsimon ventilyatsiyalovchi darchalar yoki tuynuklar va tepasiga bitta moʻri ishlangan. Havoni yangilab turuvchi moʻri va darchalar inshoot ichidagi havoni tozalab, unga salqinlik berib turgan.
Qurilishi bilan bogʻliq rivoyat
Bir rivoyatga koʻra Yogʻochli sardoba Amir Temur buyrugʻi bilan qurilgan ekan, uning bunyod etilishi uchun zarur boʻlgan qurilish materiallarini (gʻisht va boshqalarni) yonma-yon turgan odamlar qoʻlma-qoʻl qilib, Samarqanddan keltirishgan, sardoba hovuzi esa Amir Temur farmoni bilan qurilgan, Sirdaryodan suv oluvchi Oʻrinboyariq tashlamasi yordamida toʻldirilgan ekan.
Galereya
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org