Og'abek Sobirov: Yaxshilikka intilib...
Xorij jurnallaridan birida chop etilgan yangilik e’tiborimni tortdi. Unda aytilishicha, olimlar yurak xastaliklarini davolashning antiqa yo‘lini topishibdi. Mazkur muolajaga ko‘ra, har kuni ikki-uch soat anhor yoki daryo bo‘yida, umuman, suv shildirashi eshitiladigan joyda o‘tirish yurak bezovtaliklarini aritarkan. Suv ovozi yurakka koni foyda ekan.
Bu endi, bir gap, ishonish ham, ishonmaslik ham, har kimning inon-ixtiyorida. Aytmoqchi bo‘lganimiz, yaxshi qo‘shiq, dilbar xonishning ham inson ruhiyatiga ta’siri beqiyos. Asl ashula ne-ne dardlar, dardmandlar qalbiga orom bermagan deysiz?!Yosh xonanda, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Og‘abek Sobirov san’at maydonida o‘z iste’dodi ila ajralib turadi. Uning xonishlari dilga yaqin, ongu shuurga xush yoqadi. Shu bois har bir aytgan qo‘shig‘i ko‘ngillarga beso‘roq kirib boraveradi. Mavlono Jaloliddin Rumiyning shunday misralari bor:...Munavvar bir quyoshmen, dur to‘la to‘lqinli ummonmen,Zamin tegramdadur, dilda yashar osmon, bilmassan.Jahon bo‘stonida bir bolaridek uchganim-uchgan,Asaldek so‘zlarim, lekin, senga pinhon bilmassan...Darhaqiqat, shunday. Zero, qo‘shiq tarbiya. Unda aytilgan so‘z dildan chiqqan bo‘lsa, tarbiyaning ta’sirchanligini oshiradi. Tarbiyalaydigan qo‘shiqda esa “Munavvar quyosh”, “Dur to‘la ummon”, “Asaldek so‘z” mujassam bo‘lmog‘i lozim. Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Komiljon Otaniyozov, Tavakkal Qodirov, Sherali Jo‘raev singari yetuk zotlar asos solgan o‘zbek qo‘shiqchilik maktabida o‘ziga xos tarzda ijod qilayotgan Og‘abek Sobirov ham ana shu haqiqatni yaxshi anglaydi. Ahamiyatli tomoni shundaki, u har doim bachkanalikdan yiroq yurishga intiladi. Xonishlarida insoniylik, muhabbat, tinchlik tarannum etiladi. Darvoqe, tinchlikni tarannum etmoq xususida. Bu kurrai zamin, mushfiq Ona yer asrlar davomida ne-ne ko‘rgiliklarni ko‘rmadi, qanchadan-qancha mudhish voqealarga guvoh bo‘lmadi, deysiz. Ammo har qanday holatda ham ezgulik g‘alaba qozonaverdi, nur zulmatni mahv etaverdi. Va har gal TINChLIK degan bebaho ne’mat har nedan aziz ekanligi isbotlanaverdi. Ammo bu ne’mat har yerda ham barqaror emas. Qaysidir manzillarda tabiat tajovuzi avj olayapti. Odam bolasi muqarrar halokat qarshisida ojiz turgan makonlar ham ko‘p. Buni sizu biz har kuni, har lahzada eshitib, ko‘rib, his qilib turibmiz. Va ana shunday paytlarda mamlakatimizning tinchligi, ozodligi hech narsaga mengzalmasligiga amin bo‘lamiz. Shukr deymiz, ko‘z tegmasin, deymiz.— Siz bilan bizning uyimizda bamaylixotir o‘tirmog‘imiz, avvalo, tinchlik tufaylidir, deya fikrimizga qo‘shiladi Og‘abek Sobirov. — Farzandlarimizning gulgun chehrasi, yaqinlarimizning xush-xandonligi xotirjamlikdan ekan, demak uning qadriga yetmoq, nafaqat qadriga yetmoq, shu bilan birga uni madh etmoq ham muhim yumushimizga aylanmog‘i lozim. Men ham ana shunday g‘oyalarni targ‘ib etish yo‘lida bir nechta qo‘shiqlarni tayyorlayapman. Inshoolloh, ularni yaqin kunlarda muxlislar hukmiga havola etaman. Kezi kelganda bir narsani ta’kidlamoq joiz. U ham bo‘lsa, mumtoz adabiyot, ulardagi ma’no-mazmun, mantiq haqida. — Biz ko‘p hollarda Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Bedil, Mashrab va shunday ulug‘ zotlarning g‘azallaridagi ma’noni tushunmaslikdan noliymiz, deydi xonanda. — Tili “og‘ir”, deymiz. Lekin biz ming marta o‘qigan g‘azal kuyga solinib, ijro etilganda tan bermaslikdan o‘zga iloj yo‘q. Chunki g‘azal kuyga solinsa tinglovchiga tez yetib borar va ta’sir qilar ekan. Mumtoz qo‘shiqlar mahorat bilan ijro etilganda hech bir so‘z mavhum qolmaydi. Hammasi tushuniladi. Demak, ustozlarimiz, xususan, Komiljon Otaniyozovdek zabardast san’atkorlar ijro etgan ashulalar bizdek yosh ijrochilar uchun har doim maktab vazifasini o‘taydi. To‘g‘ri, Komiljon Otaniyozovdek bo‘lish oson emas, ammo, fikrimcha, bu hayotda faqat cho‘qqiga intilib yashash kerak. Shunday. Yosh xonandani biz mazkur fikrlariga muvofiq bir qator mumtoz ashulalarning mohir ijrochisi sifatida bilamiz. Garchi ular ustoz san’atkorlar tomonidan munosib tarzda kuylangan bo‘lsa-da, Og‘abek ham tinglovchining dilini zabt etishga harakat qiladi. Bu esa har bir bulbulning o‘z navosi bor, degan gapga yana bir hayotiy misoldir.
Birovdan ko‘nglim qolganda ham, yuragimga shodlik mo‘ralasa ham qo‘shiq tinglayman. Ishonganim, suyanganim munofiqlik qilgan chog‘larda ham suyanchim deb ulug‘ hofizlarimizning mumtoz ashulalaridan bahra olaman. Xom sut emgan bandaman-da — ba’zan tug‘ishganlarimdan ortiq ko‘rganim, do‘st deb bilganim dushman ishin qilgan paytlarda unga nisbatan kek saqlamayman. Axir, yaxshiligu yomonlikning, oliyjanobligu pastkashlikning, suyukligu kuyuklikning, hamma narsaning jazosi, javobi bor. Bu dunyoda bo‘lmasa, u dunyoda. Insof bo‘lmasa, iymon oldida, iymon bo‘lmasa, vujud oldida har bir qilmish uchun javob bor ekan, nechuk kerak birovdan g‘arazu kin?! Ammo yon-atrofingda uchrab turadigan ayrim nohaqliklarga, pastligu pastkashliklarga befarq bo‘lmasdan ham o‘tib ketolmaysan. Chunki ular sening har kuningda, har damingu har qadamingda hamla qilishi mumkin. Shundan O‘zi asrasin. Men bolalikdan mana shunday balolardan asranish uchun Xudodan ko‘p so‘raganim boismi, Ul zot mening ko‘nglimga bir oshnoni hamdard etgan bo‘lsa, ne ajab! U dardkashning nomi SO‘Z. So‘zki, mening butun band-bandimni, vujudimni, jigar-bag‘rimni mahv etdi. Va men shu ondan to hozirga qadar SO‘Zning sehrini, mehrini, taftini his qilaman. Nafaqat his qilaman, balki undan mastu hayron, oshiqu lol bo‘lib yuraman. Men shu so‘zning ta’siridan o‘zimni, yaqinlarimni, do‘stu dushmanni, eng muhimi, haqiqatni, HAQni — ALLOHni tanish yo‘lidaman. Demakki, Hazrat Yassaviy aytmish miskinlik yo‘lidaman, faqirlik manzilidaman! Yo, Xoliqi A’lam, Yo ismi A’zam! Biz bilamiz, anglaymiz —18 ming olamning yaralishi ham birgina SO‘Z tufaylidir! So‘zki, bizga — hayvondan farqlanuvchi jonzotga, odamzotga berilgan ekan, umr bo‘yi uni anglab bormog‘imiz kerak emasmi? Undan bahra olib, bir-birimizni tushunmog‘imiz, hidoyat sari undamog‘imiz kerak emasmi? Ha, xuddi shunday qilish kerak.Men Xudo bergan beqiyos ovoz sohiblari Komiljon Otaniyozov, Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Fattohxon Mamadaliev, Sherali Jo‘raevdek ulug‘ zotlarning qo‘shiqlarini tinglaganimda, ana shunday xulosaga kelaveraman, ana shunday deb o‘ylayveraman. Aqlimni taniganimda, ota-onam menga, avvalo, biz — Alloh Taolo yaratgan Odam Ato va Momo Havvo zurriyodlari ekanligimizni, eng qutlug‘ kalom Qur’oni karim, eng mo‘’tabar zot Muhammad payg‘ambarligini (sallollohi alayhi vasallam), eng haq kalom “Lo ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh”ligini uqtirishdi. Esimni anglabmanki, bu uqtirishlarni bir dam unutmayman. Shu bilan birga o‘zimni tanibmanki, yuqorida muborak nomlari tilgan olingan san’atkorlarimiz va ularning bugungi shogirdlari, xususan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Og‘abek Sobirovning qo‘shiqlarini hamrohim deb bildim. Shu hofizlarni biladiganlar, sevadiganlar, eshitadiganlar, qo‘llaydiganlar, tinglaydiganlar bilan oshno tutinishni asosiy yumushlarim qatoriga qo‘shdim. Qo‘yida yozganlarim, dilbar xonishlarga azbaroyi muxlislikdan dunyoga kelgan. Yosh bo‘lsa-da, mumtoz ashulalarni maromiga yetkazib ijro etayotgan Og‘abek Sobirovning ijodi, mening nazdimda ummon qadar bepoyon, ufq yanglig‘ besarhad. Bu “dunyo”ga kirish, uni anglash mushkul. Bas, shunday ekan, kamina bunday ulkan ijod olamiga o‘zimning ojizgina, miskingina nazarim ila boqib, ko‘nglimdan kechgan hayajonu tuyg‘ularni qog‘ozga tushirdim.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Og‘abek Sobirovni yosh bo‘lishiga qaramay, mumtoz qo‘shiqchilik san’atini mukammal egallagan, Komiljon Otaniyozov yaratgan Xorazm ashulachilik maktabida saboq olgan xonanda, dedik. Shu tufayli uning xonishlarida so‘z va mantiqning uyg‘unligi, ustozlar an’anasiga sadoqat va hurmat ila qarash yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ulug‘ hofizlar tomonidan kuylangan “Suvora” va boshqa katta ashulalar Og‘abekning shirali ovozida yanada mahobat kasb etib, dillarimizga beso‘roq kirib boradi. Qo‘yida Og‘abek Sobirovning yuksak mahorat ila ijro etgan qo‘shiqlaridan biri, hazrat Maxtumquli qalamiga mansub ash’orni imkon qadar tahlil etmoqqa harakat qilamiz. Sog‘liq qadrini bil, xasta bo‘lmasdan burun,Xastalik shukrini qil, toki o‘lmasdan burun,Bo‘z yer qadrini bil, daryoga to‘lmasdan burun,Kemada hushyor o‘tir, girdobga kelmasdan burun,Yoshlik qadrini bil, toki ulg‘aymasdan burun.Ulg‘ayding ko‘nglingdadur, yolg‘on jahonning qayg‘usi,Tillaring g‘iybat kasb, rost, yolg‘on so‘z aytgusi,Ko‘zlaring go‘zal ko‘rib, seni gunohga qo‘ygusi, Xotirang yuz ming parishon katxudolik qayg‘usi,Ne ajab, xushhol eding, o‘zingni bilmasdan burun. Yaratgan yodingdadur, boshing yomon holda ekan,Yuz kun o‘tsa yodingga kelmas, balli-xush holda ekan,Umringni behuda tutma, fursating qo‘lda ekan,Keksa bir bodi qazo cho‘ldur sara gulday ekan,Gulni yodingdan chiqarma, toki so‘lmasdan burun.Aqlu hushingga yetishding, aylading sayrona san,Istading, jam aylading, bu kunni ham vayrona san,Hech xabaring bormidi, bu dunyoning mehmoni san,Qilmading, bir dam qanoat, Tangri bergan nonga san,Ozig‘ing tayyor qil, karvon ko‘chmasdan burun.Qolmamish bu ko‘hna dunyo istagu ming zoringga Ko‘p quvonma, ikki kunlik yegan-ichgan noningga,Tur, sahar Maxtumquli, yig‘la bugun o‘z holingga,Erta ul Mahshar kuni derlar uyg‘onmasdan burun.Odamzot baribir xom sut emgan banda-da. Bor narsani borida qadrlamaydi-yu, ammo vaqt o‘tgach, qo‘ldagi imkonu imdod boy berilgach, pushaymon bo‘ladi. Boringda qadringni bilmadim, yo‘g‘ingda izlab topmadim, deya nadomat chekadi. So‘nggi pushaymon esa o‘zingga dushman. Qo‘shiqda ana shu falsafa har bir narsani o‘z vaqtida qadrlash g‘oyasi ilgari surilmoqda.Lekin, agar sanaydigan bo‘lsak, biz juda ko‘p narsaning qadriga yetmas ekanmiz. Ma’lum fursat tashna qolib musaffo suvni no‘sh etsak, ikki kun ovqat yemay, so‘ngra to‘kin dasturxonga duch kelsak, o‘zimizda yo‘q xursand bo‘lamiz. Ha, faqat xursand bo‘lamizu shukronani unutgandek bo‘lamiz. Aslida esa berilgan ne’matlarga har doim shukr deb, olayotgan nafaslarimiz uchun Yaratganning madhiga zikr aytsak, birimizga ming, borimizga baraka kiradi. Holbuki, bizning yonimizda tirgak bo‘lgan, har yaxshi-yomon kunimizda suyanchiq ota-onamiz, aka-ukalarimiz, do‘stu birodaru xesh-aqrabolarimiz bo‘la turib, ko‘p hollarda ularning qadriga yetmaymiz. Aksincha, besh begonalarga, yetti yotlarga suyanamiz, ularga dardu hasratimizni aytamiz. Bir kun kelib, ular bizning dardlarimizni boshqalarga dasturxon qilganlarida esa barmog‘imizni tishlab qolamiz. Yot kishilardan jabr ko‘rganlar hayotda ko‘p uchraydi. Ammo o‘z yaqinlaridan qattiq ranjiganlarga duch kelish og‘ir ekan… Bekzod bilan (ism o‘zgartirildi) tasodifan, poezdda Toshkentga kelayotib tanishib qoldim. Ko‘rinishidan ancha toliqqan, biroz asabiylashayotgan yigitni suhbatga tortdim. U temir yo‘lning “taqa-taqi”ni eshitmoqchiday vagon darchasidan tashqariga ancha tikilib turdi-da, chuqur “uh” tortgach, nihoyat men tomon o‘girildi: Aka… Darvoqe, yoshingiz nechchida? Aytdim.Unda, aka, desam bo‘laverarkan. To‘g‘risi, meni gapga solib yaxshi qildingiz. Yo‘qsa, nihoyatda dilim xufton edi. O‘zimni biror kori-holga duch qilishim tayin edi. Buning sababi, balki, siz uchun oddiy ko‘rinar, lekin men uchun esa bu xafagarchilikning boisini aytish o‘ta og‘ir va azob. Ha, ishonsangiz, atigi birgina narsadan yuragim yaralandi hasad… O‘zim Toshkent Moliya institutida o‘qiganman. O‘z bilimim bilan kirib, birovga sarg‘aymasdan, muhtaram ustozlarimning ko‘magida o‘qishni tugatdim. Hozir, savdo bilan shug‘ullanayapman. Nufuzli idorada faoliyat ko‘rsataman. O‘tgan kuni qishloqqa boray, mening yo‘limga nigoron ota-onamni, aka-ukalarimni ko‘rib kelay, deya safarga otlandim. Yo‘lga chiqishdan yana bir murodim, amakilarimnikiga kirib, ozroq moddiy yordam bermoq edi. Chunki ular bizning oilamizga qaraganda, ancha yupun. Qishloqqa yetib borgach, uydagilar bilan hol-ahvol so‘rashib, amakimnikiga o‘tdim. Amakimning ikkinchi o‘g‘li qirqlardan oshgan, bir paytlar o‘qishni tugatgan, ammo hech qaerda ishlamagan. Uning meni ko‘riboq xushlamaganini sezdim. Avvallari ham uning bunday ichiqoralik odati borligini bilar edimu parvo qilmasdim. Shunday bo‘lsa-da, sir boy bermadim. U ishlarim haqida nomigagina so‘radi. Men hammasi yaxshi ekanini aytib, rahmat, dedim. Unga mening turish-turmushim joyida ekanligini aytganim yoqmaganligi yaqqol ko‘rinib turardi. Dabdurustdan u sinfdoshim Rasulni maqtay ketdi: “Ana o‘sha Rasul ham sen bilan o‘qigan. Uni qara, chet ellarga borib kelibdi. Sen bo‘lsang, sen bo‘lsang…” Uning meni ayblashga, pastga urish uchun aytarli bahona topolmayotganidan ham kulgim, ham alamim keldi. Nahotki, mening ozmi-ko‘pmi muvaffaqiyatlarim uni quvontirmasa?! Axir, u mening jigarim-ku! Men nima yomonlik qilib edimki, amakivachcham bu gaplar bilan mening dilimga qilich solsa. Meni qiynagan yana bir jihat shundaki, qarindoshim o‘zimning oldimda meni shunchalik badnom qilmoqchi bo‘layapti, begonalarga qanday “ma’lumot”larni berar ekan?! Xullas, aka, avval “O‘zagingni o‘zingniki o‘zadi” degan gaplarni eshitsam, kular edim. Endi esa boshimga tushgani uchun kuyib o‘tiribman. Bu yog‘ini so‘rasangiz, shunchalik ko‘nglim qoldiki, endi ularning ma’rakasiga ham bormayman!!!Bekzodning oxirgi gapidan titrab ketdim. Yosh yigitning ko‘nglida uyg‘ongan nafratni bosmoqchi bo‘lib, o‘zimcha nasihat ham qilmoqqa tutindim. Ammo uning ko‘ngli sinib bo‘lgan edi va u bir tarafdan haq edi. Suhbatdoshim boshini iztirob ila changallarkan, men Og‘abek Sobirovning qo‘shig‘idagi mana bu misralarni esladim: Ulg‘ayding ko‘nglingdadur, yolg‘on jahonning qayg‘usi,Tillaring g‘iybat kasb, rost, yolg‘on so‘z aytgusi…Ha, mening ulg‘aygan ukam, Bekzod! Sen murg‘akligingda balki ota-onang ham g‘iybatu hasadning jabrini tortgandir. Ular ham seningdek aftoda holga tushishgandir. Ammo aniqki, ular hasad oxir-oqibat o‘sha hasad qilayotgan kasning qalbini yemirishini, g‘iybat esa o‘sha til egasini Oxiratda qattiq jazo kutayotganini bilganlari uchun tushkunlikdan yiroq bo‘lganlar. Yaxshi niyatlar ila seningdek qalbi pokiza farzandni voyaga yetkazgandirlar. Bas, shunday ekan, ota-onangning, aka-ukalaringning dillaridagi pokizalik senga ham ko‘chgan ekanki, ko‘nglingdagi ezgu niyat chilparchin bo‘lganiga ozurdasan. Lekin, balki bilarsan yoki yo‘q, shundaylar ham borki, ularning vujudida mutlaqo ezgulik yo‘q, ular toshdirlar, balchiqdirlar. Ularga nafaqat shirin so‘zing, balki oddiy nigohing ham hayf. Demak, ey ukam, ey do‘stim, bunday qalbi toshlardan yiroq yur. Ular senu menga qarindosh emas, balki QALIN TOShdir! Yana bir narsani bilginki, sen endi ulg‘ayding. Bu hayot shunchalar qiziq ekanki, voyaga yetganing sari g‘amu anduhlarining ko‘payib, kuchayib boraverarkan. Ulg‘ayish davri mung‘ayish davri, aslida. Demak, har uchragan nokasu nomardning g‘iybatlaridan xafa bo‘laverma, o‘ksima! Undan ko‘ra, Xudo bergan pok qalbingni asra, do‘stim. Yon-atrofingga boq. Dardingni olay, degan yaxshi insonlar bor. Go‘zal misralar, joningga jon bo‘lg‘uchi satrlar bor, ularni tingla, maza qil: Yaratgan yodingdadur, boshing yomon holda ekan,Yuz kun o‘tsa yodingga kelmas, balli-xush holda ekan…Kamina ushbu qo‘shiq bahona Bekzod ismli bir miskin ukamning dardlarini bekorga yozganim yo‘q. Chindanam, oramizda o‘z qarindoshi u yoqda tursin, tug‘ishganini ham yomon ko‘radigan, o‘z otasining qadamini yomon niyatda poylaydiganlar yo‘q emas. Ana o‘shalar Xudodan qo‘rqishini istardim. Bu dunyoda jaholat bo‘lmasligini, har bir kishining ezgu ishlaru solih amallar payida bo‘lishini istardim. Allomalar deydilarki: “Ka’ba emas, ko‘ngil ziyorati muhimdir”. Ya’ni, biror kimsaning ko‘nglini shod etmoq Ka’batullohni tavof etmoqlik saodatidan kam emas. Zero, bir insonning ko‘nglini qoldirish nihoyatda oson, ammo dilni shodonlik saltanatiga eltmoq dushvor. Demak, inson bir-birini qadrlamog‘i, asramog‘i, avaylamog‘i, yaxshi kishilarning poyini o‘pmog‘i muhimdan muhim vazifamizga aylansa qani edi! Yana dillarimizga Ollohning inoyati ila so‘z solayotgan Og‘abek Sobirovning qo‘shig‘iga qaytsak:Aqlu hushingga yetishding, aylading sayrona san,Istading, jam aylading, bu kunni ham vayrona san,Hech xabaring bormidi, bu dunyoning mehmoni san,Qilmading, bir dam qanoat, Tangri bergan nonga san,Ozig‘ing tayyor qil, karvon ko‘chmasdan burun.Ayrimlarga demayman, sizu bizga ozgina amal, tagimizga kursi tegsa, bas, otamizni ham tanimaymiz. Ustozlarni, piru komillarni unutamiz. Parvardigorni unutamiz. Dushmanlarimizga qazayotgan chohlarimizni yanada kengaytirishni boshlaymiz. Ulardan qasd olish yo‘llarini izlaymiz. Oxir-oqibatda esa qora niyatlarimizning kasriga qolamiz: amaldan ham, kursidan ham mosuvo bo‘lamiz. El-yurt o‘rtasida sharmandayi-sharmisor bo‘lganlar qancha. Haliyam Mehribon va Rahmlining bir zarrasi odam bolasining ko‘ngliga-da esh. Yo‘qsa, burnidan ko‘ra bugunini yaxshiroq ko‘radigan amaldorlarni, munofiqlarni shu zahotiyoq toshbo‘ron qilish kerak. Toki boshqalarga ibrat bo‘lsin. Negaki, Tangri bergan nonni bu umrni, omonat nafasni, amalu mansabni, ongu shuurni unutib qo‘yganimizdan, ularga shukrona keltirmaganimizdan botqoqqa botayotirmiz. Yo‘qlikka inayotirmiz. Bas, yetar, degan bir hayqiriq qalbimizdan qachon otilib chiqadi, qachon?!Javob shuki, Allohning kalomini unutmasak, o‘zligimizni unutmasak, avliyo-anbiyolarning merosini xotiradan faromush etmasak, boy san’atimizni allaqanday qalang‘i-qasang‘ilardan toza tutib, “dod” deb yuborishga arziydigan dilbar qo‘shiqlarni eshitsak, vujudimizdan ozoda bir nido, bokira bir sado “labbay” deya bo‘y ko‘rsatgay. O‘shanday saodat fursatlariga hammamizni yetkazgin, Xudoyim!
Shukr ayla, Qodir Xudoga, har dam g‘animat, g‘animat,Yo‘liqsa boshing balog‘a, bir dam g‘animat, g‘animat.Umr tila ayolingga, dardkash bo‘lgan hayotingga,Keksaysang, g‘arib joningga mahram g‘animat, g‘animat.Yoshlikning go‘zal namg‘asi, yaxshi kunlarning nash’asi,Aziz umringning har lahzasi chandon g‘animat, g‘animat.Gar kim bo‘lsang, boy yo faqir, o‘lim haqdir, bir kun, oxir, Sog‘-salomat, bexavotir har on g‘animat, g‘animat.Mansab yetsa, bos o‘zingni, o‘ylab so‘yla, har so‘zingni,Yog‘ga bostirma ko‘zingni, imkon g‘animat, g‘animat.Shukr ayla, Qodir Xudoga, har dam g‘animat, g‘animat,Yo‘liqsa boshing balog‘a, bir dam g‘animat, g‘animat.Og‘abek Sobirovning bu qo‘shig‘i ham nihoyatda ta’sirlidir. Uni faqat tosh yurak va kesak dillargina befarq tinglashi mumkin. Mana shu qo‘shiqni tinglaganimda ongu shuurimga daf’atan ushbu fikr egalik qildi: Hayot – odam bolasiga berilgan beqiyos ne’mat. Beqiyosligi shundaki, ko‘zimiz ochiqligi chog‘ida har birimiz boshqa mavjudotlardan farqli o‘laroq fikrlaydigan tarzda yaralganimiz uchun Yaratganga hamdu sano va shukurlar aytmoqqa imkonimiz bor. Ana shu imkonni qo‘ldan bermaslikning eng maqbul yo‘li bu, qo‘shiqda ilgari surilayotganidek, har bir damni g‘animat bilishdir. Zero, loqaydlik, beparvolik barcha xatolarning sababchisi ekan, tashlayotgan qadamlarimiz ham omonatligini unutmaslik bandalik burchi, ummatlik udumidir. Demakki, Og‘abek Sobirov yonib kuylagan bu qo‘shiqning ilk misrasi sizu bizni fikr va shukr qilmoqqa, zikr va takbir aytmoqqa undaydi. Qo‘shiqni qayta-qayta tinglash mobaynida bir suhbat esimga tushdi. Bahonada shu muloqotni eslamoqchiman. …Xizmat safari bilan, Yaratganning inoyati ila Buxoroyi Sharifni ko‘rish nasib etganida, bir piru badavlat otaxonning uylarida mehmon bo‘lgan edim. Va bu kun hech qachon xotiramdan ko‘tarilmasa kerak. O‘shanda ish yuzasidan Komron (ism o‘zgartirildi) aka bilan kun bo‘yi bir nechta joylarga bordik. Kech kirgach, esa mehmonxonaga boraman, deganimda u kishi qat’iy qarshilik bildirdilar: “Yo‘q, bugun biznikida mehmon bo‘lasiz!” Qarshilik ko‘rsatmadim va bunga haqqim ham yo‘q, deb o‘yladim. Zero, mehmonlikka chaqirilish ham, mening fikri ojizimcha, bir martaba, saodat bo‘lsa kerak. Axir, umrimda birinchi bora ko‘rib turgan kishim hurmat va azbaroyi mehr ila uyiga chorlayapti ekan, bunday izzatni rad qilmoqni farosatsizlik bo‘ladi, deb ta’bir qildim. Xullas, Komron aka meni uylariga olib borgach, keksa ota-onasi bilan tanishtirdi-yu, o‘zi uch-to‘rtta tanishlarini aytib kelish uchun mahallaga chiqib ketdi. Bu orada men, tabiiyki, xonadon ustunlari nuroniy otaxonu onaxon bilan gurunglasha ketdim. “O‘n ikki yildan beri oyoqlarim ishlamaydi, deya gap boshladilar otaxon. Hozir sakson sakkizga kirdim (2002 yil). Kampirim, u kishi dahlizda ko‘ymalanib yurgan onaxonga ishora qildilar, mendan uch yosh kichik, har doim yonimda parvona. Bir narsaga hojatmand bo‘lsam, ko‘zimga qarab anglaydi. Bundan tashqari, mahalla-kuyga chiqib, ma’raka-mavridlarda bosh bo‘ladi, yoshu qaridan maslahatini ayamaydi. Beadad shukur, o‘g‘il-qizlarim hayotda o‘z o‘rinlarini topishgan. Barchasi birdek mehribon, ammo har kim qariganda, jufti haloli omon bo‘lsin ekan. Bolangiz ming farosatli bo‘lsa-da, ulardan iymanarkansan, kishi… Hozir yosh-yosh oilalarning ajrashayotganini eshitsam, ko‘nglim eziladi. Bu dunyo o‘zining nomiga ko‘ra foniy ekan, nega biz bundan ibrat olib, bir-birimizga vafo qilmayiz. Oila qurayotganda Xudodan baxt bilan birga vafo, sadoqat, iymonu tavfiq so‘rashni ham unutmasligimiz kerak. Hozirgilarga biz, keksalar, boshimizdan o‘tgan qiyinchiliklar haqida gapirsak, kulishadi. Mayli, iloyo kulib yurishsin, ammo shukronani unutmaslik kerak. Har kimga sodiq do‘st, vafoli yor, mustahkam iymon tilayman. Shular qatori umr yo‘ldoshimning ham iloyo joni sog‘, iymoni salomat bo‘lsin”.Shu gaplardan keyin Og‘abekning dilni o‘rtovchi nolasi o‘tdi ko‘nglimdan: Umr tila ayolingga, dardkash bo‘lgan hayotingga,Keksaysang, g‘arib joningga mahram g‘animat, g‘animat.Otaxonning gaplari menga qattiq ta’sir qildi. Nega ta’sir qilmasin? Bugun yon-atrofimizda keksaygan ota-onasini qarovsiz tashlab qo‘yayotganlar istagancha topiladi. Yoki bundan or qilib, qarib qolgan padari buzrukvori va volidayi muhtaramasini uyda saqlab, bir burda nonni ham ming minnat bilan beradiganlar borligidan kim ko‘z yumadi, kim? O‘z jigarporalarining zahar til, ta’nayu malomatga to‘la gaplari keksalar qalbiga qanchalar o‘tkir tig‘ bo‘lib qadalishini esa har kim ham, afsuski, tasavvur qila olmaydi, tanasiga hazm qilmaydi. Shu haqda o‘ylar ekanman, Og‘abek Sobirovning “G‘animat” qo‘shig‘ini har kuni bir karra tinglab, xulosa chiqarmog‘iz shart, deb o‘ylayman. Darvoqe, buxorolik otaxonning gaplarini yozib, u kishining hamrohi — yuz-ko‘zlaridan mehr quyoshi balqib turguvchi onaxonning dilidan tiliga ko‘chganlarini bayon qilishni unutayozibman.“U kishining, deya gap boshladilar onaxon yostiqdoshlarini nazarda tutib (Buxoro, Samarqand, umuman voha tomonlarda ayollar erini orqavorotdan, hurmat bilan “U kishi” deyishadi. Hoy Aktam qaerdasiz, menga qarang Tursunboy, deb erining ismini aytib, chaqirgandan ko‘ra, yarim pir deb atalmish jufti halolini “U kishi” deb ataganlarga har doim boshim yerga tekkunchalik ta’zimdamanmuallif), har bir gaplarini umr bo‘yi qonundek bildim (!), ba’zan jahllari chiqib, menga qo‘pol gapirganlarida ham zahrimni yutdim. Hech qachon ko‘zlariga tik qaramadim (!), so‘zlarini yerda qoldirmadim (!). Buning ikkita sababi bor. Birinchi sababi shuki, bolam, u kishini Alloh menga jufti halol qildi. Yaratgan Egamki, meni yaroqli bandalari qatorida ko‘rib, erni buyurgan ekan, u kishiga beg‘uborlik bilan xizmat qilishni oliy burchim, yuksak vazifam deb bilaman. Endi o‘g‘lim, ibrat bo‘larli jihati borligi uchun ikkinchi sababini ham aytaman. Sen ham yaxshilab eshit va umr bo‘yi bu gaplarni unutma… O‘shanda endigina turmush qurgan edik. Tinch-totuv hayotimiz bir maromda kechmoqda edi. Dala ishlaridan qo‘lim bo‘shagan zahoti uyga yuguraman. Uy yumushlarini ado qilganimcha esa yarim kech bo‘ladi. Bir kuni daladan endigina qaytib ro‘zg‘orga qarayotgandim, kolxozimizdan odam keldi-yu, tezda idoraga borishimni tayinladi. Beshigimda chaqalog‘im, uyda keksa qaynonam bor. U kishi har kuni yarim kechasi ishdan qaytadilar. Bir ko‘nglim borma, ro‘zg‘oringga qara, dedi. Lekin biror zarur topshiriq bordir, deya raisning qahridan qo‘rqib, idoraga bordim. Hech kim yo‘qligini ko‘rib endi orqaga qaytmoqchi bo‘lib turgandim, idoraning chiqaverishdagi eshigi yonidagi xonadan kimdir qo‘limdan qattiq tortdi. Qarasam, rais. Ko‘zimdan olov chiqib ketdi, qattiq qo‘rqdim. U menga: “Hoziroq sening vaslingdan qonishim kerak. Tezda yechin, yo‘qsa, so‘yib tashlayman”, dedi. Xudoning zorini qildim, yalindim-yolvordim, ko‘nmadi. Ko‘zi vahsh va fahshga botgan u iflos tobora suykalanavergach, shunchalik qattiq faryod soldimki, yon-atrofdan odamlar yugurib kelishdi. Yo, tovba ularning birortasi ham meni emas, qaytanga raisning yonini olishdi. Kim bilsin, balki qo‘rqishgandir, ammo bir ayolning: “G‘unajin ko‘zini suzmasa, buqa zanjirini uzmaydi” degan gapi jon-jonimdan o‘tib ketdi. Boshim tuhmat va malomatdan qotib qoldi. Bir parcha etni go‘dagimni o‘rtaga qo‘yib, qasam ham ichdim, biroq, bu odamzot deganining ko‘ngli toshdan-da qattiq bo‘lar ekan, ishonishmadi. Butun qishloqqa gap tarqatishdi. U kishim esa barcha gap-so‘zlarni yengib, ko‘zimga qattiq tikildilar-da: “Sen farishtasan, farishtalarni hech kim yo‘ldan urolmaydi. G‘iybatlardan ezilma, ulardan baland bo‘l!” deya cho‘kib yotgan ko‘nglimni osmon qadar ko‘tardilar. Keyin eshitdimki, u kishi o‘sha kunning o‘zidayoq hamma gapdan xabar topib, raisning ikki qo‘lini kesib tashlagan ekanlar. Endi o‘zing o‘yla, o‘g‘lim, agar u kishi tuhmatlarga ishonib meni badnom qilishlari ham mumkin edi-ku. Yo‘q, u kishining qalbidagi iymon bunga yo‘l bermadi. Bir umr meni ardoqlab yashadilar. Shuning uchun ham u kishining hayotimni bir umr pokizalikka olib chiqqanlari oldida mening hozirgi xizmatlarim arzimasdir. Illo, inson bir-birini asramog‘i, oila atalmish qo‘rg‘onni mustahkamlamog‘ida katta hikmat bor ekan…”Mana saboq, mana ibrat. Sochlari qalbidek oppoq onaxonning bu so‘zlari, darhaqiqat, yuragimda o‘chmas iz bo‘lib qoldi.Bu so‘zlardan keyin bir-birini huda-behuda ranjitadigan, hech sababsiz bir-birini kamsitadigan, yerga uradigan, xotini yo eriga qasdma-qasd ish tutadiganlarni ko‘z o‘ngimga keltirdim. Va ularga insof tiladim. Bu so‘zlardan keyin Uhud g‘azotida kofirlar tomonidan tosh bilan muborak tishlari sindirilgan Muhammad payg‘ambarimizni quchoqlab yig‘lagan qizlari, onamiz bibi Fotimaning faryodlarini, har doim hazrati Amir Temurga mushtoq Bibixonimning sadoqatini, qalbining qat-qatida tahba-tah qon (Zahiriddin Bobur) bo‘lsa-da, bir og‘iz nolimagan Kumushbibining ma’sum chehrasini esga oldim va ularga Xudoyimdan Oxiratda saodat tiladim. Onaxonning bu so‘zlarini tinglab yana Og‘abek hofizning ovozini eshitdim: Yoshlikning go‘zal namg‘asi, yaxshi kunlarning nash’asi,Aziz umringning har lahzasi chandon g‘animat, g‘animat.Yana shu onda ashuladagi mana bu misralardan ta’sirlandim: Mansab yetsa, bos o‘zingni, o‘ylab so‘yla, har so‘zingni,Yog‘ga bostirma ko‘zingni, imkon g‘animat, g‘animat.Yuqorida onaxonning shirin turmushiga rahna solmoqchi bo‘lgan rais ana shunday ko‘zini yog‘ bosgan kishilar toifasidan. Bundaylar har qanday davrda, har qanday muhitda yo‘lini qilib, o‘ziga o‘xshagan katta IFLOSlarning ketini yalab-yulqab amaldor bo‘ladilar. O‘z havoyi nafslari yo‘lida har qanday razolatdan qaytmaydilar. O‘zgalar halovatini buzish, boshqalarning farovonligiga hasad bilan qarash mana shunday gazandasifat kursidorlarning “burchi”dir. Afsuski, mana shunaqa razillar kasriga ko‘p hollarda pokiza, halol, o‘z burchiga vijdonan yondoshadigan rahbarlar ham qolib ketadilar. Alal-oqibat ularning ham nomlari, amalga oshirgan ezguliklari badnomlik qurboniga aylanishadi. Shundan asrasin! Shundan asranish uchun esa Hidoyatdan adashmaylik. Hidoyatdan adashmay, ko‘nglida ezguliklar tug‘ilayotgan, xususan, elu yurtni xushnud aylamoqqa Og‘abekdek bel bog‘laganlarning nasihat qo‘shiqlari bizga yor bo‘lsin: Shukr ayla, Qodir Xudoga, har dam g‘animat, g‘animat,Yo‘liqsa boshing balog‘a, bir dam g‘animat, g‘animat.
Kech, ko‘ngil, dunyodan, aylama havas,Foniydir, hech kimga poyoni bo‘lmas!Jon qushi bulbuldir, taning bir qafas,Bir kun uchar, doim turgoni bo‘lmas. Bir nechani shohlik bilan shod etib, Shahriyor deb, alam ichra yod etib, Ajalning dastidan bir kun dod etib,Ketdilar barisi, yurgoni bo‘lmas. Insu jinga shohlik etgan Sulaymon, Jamshidu Iskandar, qani Nushirvon?Qani Haq habibi ul faxri jahon?Ketdi bari, hargiz gumoni bo‘lmas. Necha mursal kechdi, necha ming nabiy,Necha bolig‘ kechdi, necha ming sabiy,Hosil bo‘lib har birining matlabi,Foniy ichra boqiy qolg‘oni bo‘lmas... ...Oqil uldir, mayl etmasa dunyoga Sidq ila sig‘insa qodir Xudoga,Maxtumquli, bir surati zebogaBoqmagil, ularning poyoni bo‘lmas!.. Donishmandlarning falsafasicha, inson o‘z hayotining avvalida qanday yo‘lni ixtiyor etgan bo‘lsa, bu yo‘l umrning oxiriga qadar davom etar ekan. Ya’nikim, go‘daklikda fe’l-atvorimiz, yurish-turishimiz qanday shakllansa, ushbu holatdan ayro tushib bo‘lmas ekan. Fe’li tor odamning vaqt o‘tib xushxulq bo‘lib qolishi mumkin emas. Janobi Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom aytgan ekanlarki, agar bir joydagi tog‘ boshqa joyga ko‘chibdi, desalar ishonish mumkin, ammo falonchining fe’l-atvori o‘zgaribdi, degan gapga aql bovar qilib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Og‘abek Sobirovning repertuarida ham qator dilrabo xonishlar borki, ularning avvaliyu oxiri, matlasiyu maqtasi boy mazmun-mohiyatga yo‘g‘rilgan. Qolaversa, Og‘abekning ijodida bunday xonishlarning mavjudligi, yosh hofizning ustozlar yo‘liga sadoqat va bu hayotdan har doim ma’no qidirishida bo‘lsa kerak. Baayni shu izlanishlar samarasi o‘laroq ijro etilgan “Poyoni bo‘lmas” xonishi esa har jihatdan ibratlidir. Ashulada eng muhim, ammo ko‘p hollarda aksariyatimiz qo‘l siltab e’tibor bermaydigan haqiqat boylik, molu dunyo ketidan quvishning behudaligi yodga solinmoqda. Axir, bu dunyoga kelgan har bir bandaning-ku o‘zi, joni omonat, lekin biz go‘yo yuragimiz hech qachon to‘xtamaydiganday, go‘yo bu dunyo bizga xatlab berilganday tutamiz o‘zimizni. Va ayni shu kaltabinligimiz bois o‘tkinchi hoyu-havaslarga, hashamlarga ko‘ngil qo‘yamiz. Xo‘sh, aslida ko‘ngillarimiz nimaga tobe va mahliyo bo‘lishi kerak? Bu savol dunyo yaralibdiki, takrorlanaveradi. Garchi uning javobi aniq, ya’ni, suyanchimiz Alloh, kalomimiz Qur’on, yo‘limiz Islom, yo‘lboshchimiz Muhammad sallollohi alayhi vasallam ekanligini bilsak-da, savol aylanib kelaveradi. Demak, biz bu kabi savollarni dilimizdan o‘tkazamiz-u, biroq, o‘zimizni qiynamasdan javob beraveramiz. Aslida esa Hazrat Maxtumqulining dilida tug‘ilib tiliga ko‘chgan satrlardagi birgina “poyoni bo‘lmas” so‘zini har doim esga olib yursak ham ezgulikka yuz bura olamiz. Balki to‘plangan molu dunyoning poyoni yo‘qdir, biroq shu narsa ravshanki, umrning omonat damlarning cheki bor, chegarasi mavjud. Ashulaning dastlabki misralaridan anglash mumkinki, Alloh bandalarini har xil yo‘llar bilan sinaydi. Turfa ko‘rinishlarda imtihondan o‘tkazadi. Kimgadur boylik, kimgadur baxt qushi, yana kimgadir amalu mansab, yana boshqa birovga esa hech narsa bermaydi... umrdan bo‘lak. Bu taqsimlanishning indallosi shu bo‘ladiki, boy odam manmanlikka berilib, iymonidan ajraladi, baxt qushini tutgan kishi xudbinlik kasaliga yo‘liqadi, mansabu amaldorlarning aksariyati esa qorni och bilan ishi bo‘lmaydi. Hayratlanarli joyi shundaki, Yaratganning inoyati ila faqatgina nafas olib turgan odam esa boshqalardan farqli o‘laroq tilidan shukronani tushirmaydi. Bunga hayotdan ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Maxtumqulining satrlarini o‘qib ushbu mulohazalarni o‘ylab turganimda esa beixtiyor So‘fi Olloyorning mana bu misralari yodimga tushdi: Dengizda bo‘lsa ham gar yashash joying, Bir sabab ila rizqing yetkazur xudoying! Qarangki, orifu valiylarning nafaqat yashash tarzi, balki fikrlarida ham mutanosiblik mavjudki, bundan faqat biz ibrat olishimiz kerak. 33 yoshida jahonni zir titratgan fotih Iskandar Zulqarnayn, odamlarni o‘ldirishdan lazzat topadigan Chingizxon, yer yuzini egallayman, deya be’mani falsafasini suqqan Adolf Gitler va yana boshqa ko‘plab do‘ng peshonayu sho‘r manglaylarning birortasi ham, ko‘ringki, bugun yo‘q. Ularning o‘zlari bir kun kelib tuproqqa jo bo‘lishlarini bilgan, ammo kibru havo bor edi. Manmanlik ularni ko‘r qildi, xor qildi. Ularga shayton hamroh bo‘ldi, amalga intil, bir kun bo‘lsa ham rohatda yasha, maza qil, quvon, yayra, shodlan, kul, o‘yna, zavqlan, dedi. Bu aldovlarga tanda qo‘yganlardan biri bo‘lmish Gitler itlarcha o‘lim topdi. Chingizxonga birov rahmat degani yo‘q. Ammo Fotih Iskandar o‘limidan oldin aytdiki: “Mening ikkala qo‘limni tobutdan chiqarib xaloyiqqa ko‘rsatinglar. Toki ular mendek hukmdorning ham bu dunyodan loaqal bir siqim tuproq olib ketishga qurbi yetmasligini ko‘rib qo‘ysinlar!!!” Sarkardaning bu gapi afsonaga aylanib ketdi, tillarda doston, bu so‘z mag‘zini anglamaganlarga esa armon bo‘lib qoldi. Umri davomida lafzi faqat odamiylikka xizmat qilgan shoirimiz Muhammad Yusuf esa bu haqda shunday deb yozdi:...Kiprikdan ham qisqadir, Molu dunyo yo‘llari.Ibrat bo‘lsin Iskandar,Ochiq ketgan qo‘llari...Ha, bu dunyoda hech kim ustun emas. So‘zimiz avvalida Yaratgan Egam bandalarini har xil yo‘llar ila sinovdan o‘tkazadi, dedik. Bu yo‘llardan yana biri shuki, o‘n sakkiz ming olam Sarvari bandalarini haq yo‘lga boshlash va faqat O‘zigagina ibodat qilishlari uchun elchilarini yubordi. Muqaddas bitiklarda keltirilishicha: Dunyo yaralgandan to hozirga qadar,O‘tdi jami bir yuz yigirma to‘rt ming payg‘ambar.Shulardan Muso, Iso, Yahyo, xullasi kalom,Oxirgisi Muhammad alayhissalom.Allohning G‘affor va Qodirligini ko‘ringki, U bandalariga yanada namuna bo‘lish uchun hatto dunyo azizlari payg‘ambarlarga ham mangu umrni ravo ko‘rmadi. Aksincha, ularning boshiga oddiy bandasidan ko‘ra ko‘proq jabru jafo yog‘ildi, tuhmatlar, inson aqli qosirlik qiladigan darajada hiyla-nayranglar keldi. Mana shu holat Og‘abek Sobirovning biz so‘z yuritayotgan xonishida ham yaqqol o‘z aksini topgan:Qani Haq habibi ul faxri jahon?Ketdi bari, hargiz gumoni bo‘lmas.Shu o‘rinda anglash kerak: mana-man degan zotlaru miskinu boyonlar ham ajalning dastidan qochib keta olmaydi. Ham yaxshiyu yomonning mangu qolmasligini yozayotgan kamina ham, bularni o‘qiguvchi ham bir kuni Xudoyimning hukmi ila o‘limga bosh egamiz. Ammo bir haqiqat borki, u minbad o‘lmaydi. Uning nomi HIDOYAT. HIDOYATning manguligi shundaki unga tobe bo‘lganlar qalbida g‘arazga joy qolmaydi. HIDOYATning afzalligi shundaki bu yo‘ldagilar soxta niqob ostida fikrlashmaydilar. HIDOYATning qudrati shundaki bu yo‘ldagilar Allohdan mudom tinchlikni, xotirjamlikni tilaydilar. HIDOYATning buyukligi shundaki bunda yomonlarga ham HIDOYaTtilaydilar. Bizning ham peshonamizga ana shu saodatni ravo ko‘rgin Yo, RABBIM!
Do‘stlar bir dilbari joni jahonim bor maning,Orazi gul qomati sarvi ravonim bor maning,Furqatinda ro‘zicha bog‘u fig‘onim bor maning,Ohkim oshufta holu notavonim bor maning…Esladingiz-a?! Darhaqiqat, ulug‘ san’atkor, o‘zbek san’atining betakror darg‘asi Komiljon Otaniyozov ijrosidagi bu qo‘shiq har gal yangraganda dil-dildan berilib tinglaymiz. Shuningdek, bu ashula Xorazm qo‘shiqchilik maktabining ulug‘ darg‘asi ortidan ergashib kelayotgan Og‘abek Sobirov tomonidan ham munosib ijro etilgan. Yosh hofiz yuragidan otilib chiqqan nolalar hamohangligida bu xonish yanada jozibali tuyuladi. “Oshiq G‘arib va Shohsanam” dostonidan olingan bu misralar zamirida esa olam-olam ma’no bor. Bu ma’no-mantiqni teran tushungan, his etgan Komiljon hofiz esa hayotda ham o‘zi aytgan qo‘shiqlaridek umrguzaronlik qilgan deyishadi. Ashulaning har bir satri qatida olam-olam ma’no mavjud, dedik. Keling, eng ta’sirchan jumlalarga to‘xtalaylik: Har qiyo boqquncha jonimg‘a o‘tlarni solar…Odamzot o‘zi xush ko‘rgan kishisining kamchiliklarini ko‘rmaydi, uni bus-butun, qanday bo‘lsa shunday holicha, boringki, biroz bo‘rttirgan holda ko‘rsatishga odatlangan. Shuning uchun ham biror kishidan uning yaxshi ko‘rgan narsasi haqida fikr so‘rasak, maqtanishga tushadi. Uning beqiyos ekanini bot-bot ta’kidlaydi. Shu ma’noda, qo‘shiqning bu satrini yuzaki tinglagan kishi hofiz biror huriliqoni rosa madh etibdi-da, degan o‘y-xayolga bormog‘i mumkin. Ammo qo‘shiqning asl mohiyatiga chuqurroq yondoshsak, bunday maqtovu sanolar zamirida ma’shuqni emas, aksincha, 18 ming olamni yo‘qdan bor etgan Alloh taolo sifatlari tilga olinganligini tushunamiz. Axir, sizu bizni, tabiatni, ummonlaru tog‘u toshni, parranda-yu darrandani olti kunda bunyod etgan Qudrat sohibi tufayli emasmi borliqning mudom tovlanib turishi?! Ha, shunday. Aynan shuning uchun ham ashuladagi biz yuqorida keltirgan misra fikrlarimizga hamohangdir. Qishu bahorda, yozu kuzda tabiatga boqqan kishi, mislsiz mo‘’jizaning guvohiga aylanadi: chor-atrof yastangan, borliq o‘z go‘zalligini namoyon etgan. Shunday ekan, yaratganning BORligi va BIRligiga shubha bilan qarash mumkinmi? O‘z ismiga yarasha komil inson bo‘lgan hofiz shu bois ham bu qo‘shiqni yonib ko‘ylagan va millionlab muxlislarga havola etgan. Endi mana bu jumlaga e’tibor qarataylik: Pardadin ko‘rsatdi yuz olamga ul shohi jahon,Tushdi oshiqlarga yuz ming dod ila ohu fig‘on…Muqaddas kitoblarda bayon etilishicha, Muso payg‘ambarning qavmida shirk botqog‘iga botgan ayrimlar: “Ey, Muso, payg‘ambar bo‘lsang, Xudoyingga ayt, bizga o‘z jamolini ko‘rsatsin!” deyishganda ul muborak zot ruhan ezilgan ekanlar. Shu lahzada Parvardigori olam o‘zining benazir bandasi, ya’nikim Muso alayhissalomga dalda ma’nosida shunday deydi: “Ey, Muso, sen boshingni yerga egma, aksincha qaddingni baland tutib, qavmingga aytgil, ular toqqa qarasinlar!” Shul hukmga ko‘ra, qavm toqqa qarab, hayratdan tosh qotishadi: ulkan tog‘ ularning ko‘z o‘ngida parcha-parcha bo‘lib ketadi. Nega? Chunki, Parvardigori olam o‘z jamolini toqqa qadagan edi. Agar U bandalarga tomon nigoh tashlaganda aniqki, bunda halokat ro‘y berardi. Demak, bu o‘rinda anglash o‘rinliki, bandalar har qancha osiy bo‘lmasin, Sarvari olam baribir mehribonlikda mutlaqdir.Demak, o‘z-o‘zimizga aytishimiz kerakki: “Ey, inson sen har qancha boy-badavlat, obro‘li-amalli bo‘lsang ham, ularning barchasi Yaratgan tufaylidir. Shunday ekan, manmanlikka berilma, hech bir kimsaning dilini nohaq og‘ritma. Zero, kibru havoga berilib, o‘zgalar qalbiga tosh otsang, buning albatta javobi bor. Axir, ko‘zingni och, sen oddiy bandasan. Sen-ku bir oddiy bandasan, kimsan Odam Ato-yu Momo Havvo Tangri Taoloning irodasiga qarshi borishgani uchun jannatdan quvildilar. Bu, biz bandalar uchun bir umrga saboq bo‘lmog‘i lozim. Demak, bandasan, Xudolikni da’vo qilma. Mehribon va Rahmlining inoyati ila yaraldingki, yana Undan mo‘’jiza qidirmog‘ing kulgili-ku!..”Yana ashulaga, undagi eng ta’sirchan misralarga qaytsak: Toyiro bilmam nadandur zori hayronlig‘ sanga, Ne sababdin bo‘ldi, bilmam chashmi giryonlig‘ sanga,Bilsang endi yaqin bu banda farmonlig‘ sangaDunyoda yetmasmu endi ushbu sultonlig‘ sangaHar zamon yodimda hayyu jovidonim bor maning.Barchamizga ma’lumu ravshanki, o‘lim haq. Undan qochib ketib bo‘lmaydi… Jaloliddin Rumiyning “Ma’naviy masnaviysi”da shunday hikoyat bor: bir odam tirikchilik kuyida ko‘chaga chiqib ketayotib, o‘lim farishtasi Azroil alayhissalomga ko‘zi tushibdi. Qo‘rqqanidan Sulaymon payg‘ambar huzurlariga yo‘l olibdi.Muddaong ne? so‘rabdilar payg‘ambar boyagi odamning arzini eshitgach.Yo, hazratim, bugun ertalab Azroilni ko‘rdim, debdi faqir banda dag‘-dag‘ titrab. Avzoyi buzuq, menga qarab xumraydi. Karomatda benazirsiz, iltimos, shamolga buyuring, meni Hindistonga eltib tashlasin, kambag‘alman, hali bola-chaqamni oyoqqa turg‘izolganim yo‘q, debdi. Uning iltimosini qondirgan payg‘ambar kechqurun Azroilni uchratibdilar. Qarasalar, o‘lim farishtasi xomush ekan. Ha, ne bo‘ldi? so‘rabdilar Sulaymon payg‘ambar. Bugun ertalab bir kishining jonini olmoq uchun kelgandim. Shundoq ro‘paramda turuvdi. Keyin ko‘rinmay qoldi. Bilsam, birpasda Hindistonga qochib ketibdi. Hozir o‘shaning jonini egasiga topshirib kelayapman, degan ekan. Hissa shuki, qazodan qochish mumkin emas. Bir boshga bir o‘lim. Shuning uchun ham qo‘shiqning oxirgi misralarida tug‘ilmoq borki, o‘lim haq ekani yana bir karra ta’kidlanayapti. Tirikliging senga berilgan imkoniyat, bu imtiyozdan foydalanib yaxshi va ezgu amallar payida bo‘l, degan falsafa ilgari surilayapti. Ongu shuurimizda “Hayyu jovidon” dunyoning o‘tkinchi ekanligi mudom turishi diyonat sari yuz burishimizda muhim omildir. Benazir san’atkor, o‘zbek san’atida o‘chmas iz qoldirgan hofiz Komiljon Otaniyozov va uning g‘oyibona shogirdi Og‘abek Sobirovning mazkur qo‘shig‘ining mashhurligi va ko‘plab xonandalar tomonidan tinmay ijro etilayotganligining siri, ushbu xonishning yuqoridagi haqiqatlarni mujassam etganidan bo‘lsa, ajab emas.
Muhammad ummati molsiz bo‘lmasin,Molsiz bo‘lsa, tuqqan qardosh yot bo‘lar.Qochar og‘a-ining, bo‘lmas xotiring,Quvonar dushmaning, do‘sting mot bo‘lar.G‘arib, oyoqyalang xordir, xashakdir,Bir ma’raka bo‘lsa, o‘rni poygakdir.G‘ariblar ot minsa, oti eshakdir,Davlatlilar eshak minsa, ot bo‘lar.Bir tilak tilasang, hojating bitmas,Do‘sting ixlos bilan marhamat etmas, Ma’rakada aytgan so‘zing joy tutmas,Tinglamaslar, quruq so‘zing bod bo‘lar.Kurash bir obro‘ydir, urush bir dastdir,Kishini kamsitgan o‘zi nokasdir,Bir mo‘minni g‘iybat etmoq abasdir,G‘iybatchining qozongani o‘t bo‘lar.Maxtumquli, shukr aylagil Xudoga,O‘lim barobardir shohu gadoga.Besabr qul tez yo‘liqar baloga,Sabrli qul bora-bora shod bo‘lar.O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Og‘abek Sobirovning mazkur qo‘shig‘ini birinchi tinglaganimdayoq odamzotning, odamiylikning azaliy dushmani bo‘lmish manmanlik yodimga tushdi. Va, bu illatni beixtiyor qoraladim. Dillarga rahna solgan, do‘stni dushmanga, mehrni qahrga aylantirgan kibru havoni la’natladim. Hazrat Maxtumquli qalbini o‘rtagan bu misralarda dard bor, og‘riq zohir, iztirob mujassam. Bu bejiz emas, axir, dunyo omonat ekan, nega kerak, manmanlik? Aziz jonimiz, bir-birimizga bo‘lgan mehrimiz g‘animat ekan, nega kerak, birovni kamsitish? Puldor odam kambag‘alni xo‘rlasin, degan qonun-qoida hech qaysi mamlakatda yo‘q, ammo KIBR degan jirkanch illat ayrimlarning ichiga mahkam o‘rnashib olganki, shu bois, g‘azalda aytilganidek, davlatsiz odamga ayrim ma’rakalarda kimlardir o‘rin berishmaydi. Ha, mol-dunyosi yo‘q odamning tili yo‘q. Pulsiz qolgandan ko‘ra, kafansiz qolgan ma’qul, deya achchiq, ammo ochiq gaplarni bejiz aytmagan ota-bobolarimiz. To‘yu hashamlarda kambag‘alga past nazar bilan qaraydigan juda ko‘p kishilarni ko‘rganmiz. Ularning ko‘zi burnidan narini ko‘rmaydi, faqat o‘zini o‘ylaydi. Ular kun ko‘rishsa bo‘ldi, yashashning qizig‘i yo‘q ularga. Bundaylarga qarata: “Sen o‘zing kimsanu, nega miskinlarga hurmatsizlik bilan qaraysan?” deging keladi. To‘g‘ri-da, kambag‘allik ayb emas. Hatto payg‘ambarimiz ham faqirlik faxrimdur, deya aytgan ekanlar. Haq Habibiki, shunday degan bo‘lsalar, sizu biz — oddiy bandalarda nechun bunchalar manmanligu kibr?! Bir odamni bilaman. Qo‘pol qilib aytganda, ustidagi kiyimidan bo‘lak hech vaqosi yo‘q. Ammo men shu kishiga har doim havas bilan qarayman. Nega deysizmi? Chunki uning yuragi toza, mard odam. Anavi odam otangni o‘ldirmoqchi, desangiz ham, o‘sha kishiga yaxshilik qilishdan tonmaydiganlar toifasidan u. To‘y va ma’rakalarga kam boradi, ammo janozaga birinchilardan bo‘lib yetib boradi. Marhumning yaqinlariga qo‘shilib iztirob chekadi. To isu chiroq marosimlari o‘tgunga qadar, aziyat chekkanlarning yonida bo‘ladi. Xizmatini qiladi: suv tashiydi, hovlini supuradi, o‘tin yoradi. Mabodo qilgan yumushlari evaziga pul bermoqchi bo‘lsangiz, qattiq ranjiydi: “Yaratgan Egam meni yo‘qdan bor etdi, toza havo, qo‘lu oyoq berdi, nechuk endi buning shukronasi uchun men odamlarga yaxshilik qilmasligim kerak?!” deya hikmatomuz gaplarni aytadiki, yig‘lab yuborgingiz keladi. Men pul deb ko‘zini yog‘ bosganlarni, odamiyligini yo‘qotayotganlarni ana shunday miskinlarning jirkanib uloqtirgan narsasiga ham alishmayman...Qo‘shiqdagi mana bu misralar yanada ta’sirlidir: Bir tilak tilasang, hojating bitmas,Do‘sting ixlos bilan marhamat etmas, Ma’rakada aytgan so‘zing joy tutmas,Tinglamaslar, quruq so‘zing bod bo‘lar.Bugun ko‘pchilik poraxo‘rlikdan noliydi, oddiy bir ishni ham pulsiz bitirib bo‘lmaydi, deya zorlanadi. Chindanam, bu gaplarda jon bor. Axir, yon-atrofingizga qarang, bir umrlik do‘st bo‘laylik, deb ont ichganlar ham o‘sha do‘stining goh oshkora, goh pinhona pulini shilayapti. Ota boladan, farzand o‘z padaridan ta’ma qilayapti. Yaqinda bir holatning ustidan chiqib qotib qoldim. Yon-atrofda tadbirkor, ishbilarmon deya nom chiqargan puldor o‘g‘il otasiga qarab: “Mana bu pulga yaxshiroq kiyim-kechak oling, kir kiyimlarda sizni boshqa ko‘rmay. Nafaqangiz kelganidan keyin qarzni qaytarib bering” dedi. Rosti, nobakor o‘g‘ilning bu gapini eshitib titrab ketdim. Dil-dilimdan unga norozilik bildirdim: “Hoy, inson (aslida hayvon deyishim kerak edi), bu odam sening otangmi yoki ko‘chadan topgan bir matohingmidiki, bunchalik qurs gapirasan?! Shu odam bo‘lmaganda, sen bo‘lmasding, shu odamning duolari ijobat bo‘lmaganda, sen bugun bunaqa g‘uddayib yurmasding. Tiz cho‘k! Oyoqlarini o‘p! Sen kir deb atagan kiyimlarini ko‘z yoshing bilan yuv! Toki erta bir kun g‘aflatda qolma, gunohga botma, behuda yotma!!!”Yana bir odamni bilaman. Har so‘zida olam-olam ma’no-mantiq mujassam. Bir soat gapirsa, bir hafta gapirgan gapingizdan o‘tkazib qo‘yadi. Ammo alam qiladigani shundaki, uning so‘zlarini har kim ham qadrlamaydi. Chunki uning amali yo‘q, mustahkam kursisi yo‘q. Uning birgina tayanchi bor ilmu urfon. Aynan shu tayanch orqaligina u hech narsadan tap tortmaydi. Manaman degan og‘zi kattalarni ham bir gap bilan qochiradi. Og‘abek hofizning mazkur qo‘shig‘idagi “Muhammad ummati molsiz bo‘lmasin” misrasini eshitib men, bu so‘zlar, hozirgina tilga olingan odamlarga qarata aytilmaganmikan, deb o‘ylab qolaman. Axir, Xudo nazar qilsa, davlatsiz ham barchaning nazdida, e’tiborida yurganlar ko‘p-ku!!!Shunday deyman-u ko‘z o‘ngimdan yana qalbni seskantiradigan holatlar jonlanaveradi. Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi. Balki kimgadir ibrat bo‘lar, deya ularni ham qalamga oldim. ***G‘ariblar ot minsa, oti eshakdir,Davlatlilar eshak minsa, ot bo‘lar.Og‘abek hofiz qo‘shiqning shu misrasini o‘zgacha ohangda aytgani e’tiborimni tortdi. Hofiz bot-bot shu so‘zlarni takrorlaydi. Har takrorlaganda, yurak o‘ynaydi, ovozda iztirob seziladi. Nafasdagi bu xo‘rsiniq bejiz emas. Nega degan savolga quyida, uchta manzara orqali javob topishga harakat qilamiz.Birinchi manzara. Hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Bir to‘yga - boy-badavlat odamning oshiga bordik. Oldindan aytib qo‘yay, haqiqiy ahvol ma’lum bo‘lmasdan ilgari men to‘y sohibini qo‘li ochiq, hotamtoy kishi deb eshitgandim. To‘yda esa... Odam shunchalik ko‘pki, aqling shoshadi. Biringizga ming bersin boy aka, davlatingiz bor, imkoningiz yetarliki, shunday to‘y qilayapsiz, Olloh baraka bersin, deb niyat qilib turgandim. Nima bo‘ldi-yu, davrada egni boshi juldur, boshidagi do‘ppisining kiri yaltiragan, 50-55 yoshlar chamasidagi bir kishi choynak ko‘targancha paydo bo‘ldi. U choyni biror dasturxonga olib borishi kerakmidi yoki boshqa yumush bilan chiqdimi bilmadim, ammo to‘y egasi yugurib keldi-da, g‘azab bilan unga o‘shqira ketdi: “Uv, menga qara, o‘rtada dovdiramay, chetga chiqsang, o‘lasanmi? E, sasimay, o‘l. Yo‘qol, borib samovaringni qaynat!..” Tushunaman, to‘y sohibida tashvish ko‘p bo‘ladi, xayolida mingta o‘y-xayol: to‘yim qanday o‘tarkin, mehmonlar nima derkin? Lekin men bilgan odamda bunday tashvish nima qilsin, yon-atrofida bizga nima xizmat, deb yaltoqlanayotganlar son mingta! Mayli, Amir Temur bobomiz aytganidek, buyam o‘tadi, deya dasturxonga fotiha qildik. To‘yxonadan qaytayotib, boyagi voqeani esga oldim. Sherigim shunday dedi: “Davraga choynak ko‘tarib chiqqan odam, to‘y egasining akasi bo‘ladi. Bundan ancha yillar ilgari daraxtdan yiqilib, sal merovsirab qolgan. Vaqtida tuzatsa bo‘lardi. Mana shu ukasining o‘sha payti ham qo‘li uzun, tili burro edi. Yo‘q, akasiga, bir qorindan talashib tushgan jigariga mehr ko‘rsatmadi. Oqibatda, akaning oilasi barbod bo‘ldi, bola-chaqasi tashlab ketdi. Hozir u kishi to‘ylarda mana shunaqa qilib samovar qaynatib yuradi...” Hamrohimning keyingi gaplari qulog‘imga kirmadi. Miyamda qo‘shiq g‘ujg‘on o‘ynardi: “G‘ariblar ot minsa eshakdur, eshakdur...”Ikkinchi manzara. Qishloqdagi bir yig‘inga ellik-oltmish chog‘li odam yig‘ilgan. Ular orasida ikki opa-singil ham bor. Singil Toshkentda, nufuzli joyda ishlaydi. Qishloqdoshlari uning gaplarini e’tibor bilan tinglashayapti. Singil rosa maqtandi: ishim yaxshi, erim toparman-tutarman, bolalarimga alohida o‘qituvchilar yollaganman. Ammo u bir og‘iz opasi haqida gapirmadi. O‘qishga borish uchun bola-chaqasining rizqini qiyib, singlisiga yo‘lkira bergan mushtipar opa haqida gapirmadi. Rahmatli onam sening bu kunlarga yetganingni ko‘ra olmadilar, deya armonda yig‘lagan nuridiydasiga bir og‘iz rahmat demadi, bir og‘iz!Uchinchi manzara.Bir qishloqda bir kunda ikkita janoza bo‘ldi. Biri boy edi, ikkinchisi haminqadar kun ko‘rardi. Biroq, ikkalasi ham el-yurtning xizmatini qilgan yaxshi odamlar edi. Faqat tobut ko‘tarar mahali dilim og‘ridi: boynikida oyoq bosishga joy yo‘q, faqirnikida esa cho‘bin otni yetaklashga odam kam. “Yo, Olloh, deya xo‘rsiniq keldi ich-ichimdan, nahot biz bandalar oxirgi manzilda ham odam ajratsak?!” Shunda, butun vujudim bilan, Maxtumqulining zoriga, Og‘abekning nolasiga qo‘shildim: “Muhammad ummati molsiz bo‘lmasin!..”
G‘amingda, ey pari, ruxsori jonu notavonim bor,Qilurga rangi hijronim qilichda qatra qonim bor,Uzorim bog‘ida bulbul kabi yuz dostonim bor,Yuzingni ko‘rmagach, ey gul uzorim yuz fig‘onim bor,Jahon bog‘ida istarman, seni, to tanda jonim bor.Tutashdi ishq o‘ti ko‘nglim aro tadbir etolmayman,Guli ruxsori serobin anga tayir etolmayman,Muhabbat sharhini jon o‘rtanur tayir etolmayman, Junun maktubining mazmunini ta’rif etolmayman,Eshitgan xalq yig‘lar nolayu ohu fig‘onim bor.Qadam qo‘ygan muhabbat kuyiga afsona bo‘lmasmu? Parilar birla suhbat aylagan devona bo‘lmasmu?Ani yor istagan ag‘yordin begona bo‘lmasmu?Junun bari sarosar oqibat vayrona bo‘lmasmu?Ko‘zim yoshi, chu daryo, har taraf obi ravonim bor.Parirular yuzini moh, derman, ayb qilmanglar,Shahid qadlar g‘amidin, oh derman, ayb qilmanglar,Parining tilin ayturga, oh derman, ayb qilmanglar,Ko‘ngilning poytaxtin shoh derman ayb qilmanglar,Vujudim shahrida lashkarkashi sohibqironim bor.Amiro manga o‘xshab g‘amda muhtoj o‘lmasin hech kim,Asiru jilvayi ul sarvi ozod o‘lmasin hech kim,Mani ma’zur tutib beishq jallod o‘lmasin hech kim,Yiqildi deb Zaliliyni adlu shod bo‘lmasin hech kim, Madadkorim mani, sultonu sodiq buyra xolim bor. Bu misralar turkman shoiri Zaliliy qalamiga mansub bo‘lib, unda azaliy va abadiy, ammo saodat istovchi ko‘ngillarning muhabbati tarannum etilgan. Dunyodagi jamiki tiriklikni — odamzotni, nabototu hayvonotni yo‘qdan bor etgan Zot haqidadir bu qo‘shiq. Tabiiyki, bu misralar ilohiyotga oshufta, haqni va haqiqatni sevuvchi va madh etuvchi Og‘abek Sobirovning go‘zal qo‘shiqlaridan biriga aylangan. Zo‘r mahorat bilan ijro etilgan mazkur xonishning har bir misrasiga chuqurroq yondoshmoq lozim. To‘g‘ri, bu misralardagi mazmun-mohiyatni anglamoq uchun ko‘ngilda Yaratganga nisbatan ishq jilva qilishi lozim. Xuddi shuningdek, yana bir narsa a’yonki, qovun qovundan rang olganidek, oqilu fozillarning da’vati orqali ham boshqalar ezgulik tomon yo‘l buradilar. Zaliliy yozgan ushbu baytni chiroyli tarzda kuylab kelayotgan Og‘abek Sobirovning ham maqsadi shu: tinglovchiga yengil-elpi emas, mazmunan boy qo‘shiqlar, bugungi kunda, ayniqsa, nihoyatda zarur. Biz esa qo‘limizdan kelgancha ashuladagi misralardan ta’sirlangan holda dilimizga qo‘yilgan hayajonlarni qog‘ozga tushiramiz. Olam yaralibdiki, odamzot o‘z g‘amini yeydi. Goh tirikchilik tashvishlari, mol-dunyo g‘ami va bunday narsalarga ega bo‘lmaganlarning iztirobi. Bular endi, tanaga libos kerak bo‘lganday bir ehtiyoj. Ammo Tangrim sizu bizni ne maqsadda yaratdi? Nima uchun odamizotni boshqa mavjudotlardan ko‘ra ustun qo‘ydi? Nega bizga ongu tafakkur, aqlu zabon berdi?Shuning uchunki, biz bu ne’matlar orqali Ma’vo va Samoning Sarvarini tanishimiz, uning zikru hamdida bo‘lishimiz lozim. Bir zum bo‘lsin, mana shu haqiqatni unutmagan kishi borki, saodatga loyiqdir. Ana shu ulug‘ yo‘lda yurganlarning qutlug‘ g‘ami, muborak iztirobi, shirin anduhi buldir: Alloh Taoloning marhamatiga munosib bo‘lmoq, Oxiratda Uning jamolini ko‘rmoq. Qo‘shiqning: “G‘amingda, ey pari, ruxsori joni notavonim bor” deya boshlangani ham ayni fikrimiz dalilidir. Foniy dunyodan mazmun qidirganlar, albatta, Allohning aytganiga amal qiladi, dini Islomning ahkomlariga itoatda bo‘ladi, Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohi alayhi vasallamning haqiqiy ummatiga aylanadi. Bu yo‘lda, mana dunyo yaralibdiki, ne-ne zotlar zahmat chekib o‘tdilar. Avom xalqni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga yuborilgan bir yuz yigirma to‘rt ming payg‘ambarning iztiroblarini bu o‘rinda gapirmoqchi emasmiz, ammo ayrim qavmlar to‘g‘ri so‘zga quloq solmay balo-qazoga duchor bo‘lganlari tarixiy haqiqat. Ana shu dahshatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, oxir zamon payg‘ambaridan keyin necha yuzlab allomai davronlar, sohibi kiromlar odamlarni ezgulikka undab keldilar. Aziz avliyolar, anbiyolar dunyoga hikmat urug‘ini sochib o‘tdilarki, ul totlig‘ mevalarni kimdir ko‘rayapti, kimdir esa yo‘q. Haq yo‘linda javlon urib yashagan shunday ulug‘ zotlardan biri Jaloliddin Rumiyning mana bu misralariga e’tibor beraylik: Tingla, nay andoq hikoyatlar qilur,Ayriliqlardan shikoyatlar qilur.Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, mutafakkirning bu lafzi xuddi biz tilga olayotgan xonishdagi misralarga hamohang. Rumiy nayning, Zaliliy esa ko‘ngil nolasini aytayapti. Aslida, har ikkisining mohiyati bitta: Parvardigor qahriga duchor bo‘lmaslik fig‘oni. Tanasi boshqa dard bilmas, degan naql bor xalqimizda. Ya’nikim, birovning tortayotgan tashvishi begonaga a’yon bo‘lsa-da, u bundan o‘sha dard egasichalik iztirob chekmaydi. Ammo bu olamda faqat o‘zingni o‘ylab yashash emas, qutlug‘ g‘amni — Allohning ajriga intilib umrguzaron etmoqlikni anglash muhimdir. Ana shu haqiqatdan uzoqlashmaganlar bir-birlarining dardlarini izhor etilmasidanoq anglaydilar, biladilar, tushunadilar, his qiladilar. Og‘abek Sobirovning mumtoz qo‘shiqlarini diqqat-e’tibor bilan tinglaydiganlardan biri sifatida aytamanki, xonandaning ham dardu iztirobi azizdir. Ya’ni, uning nafasi bekorga dardli emas — Haq Taolo suygan bandasinigina shunday aziz qiladi. Bundaylar el-yurt orasida ham ardoqdadirlar. Ulug‘ hofizimiz Sherali Jo‘raev bir qo‘shiqlarida aytganlaridek: “Tangri aziz etganlar ikki dunyo xor bo‘lmas!..”Keling, yana qo‘shiqdagi misralarga qaytaylik:…Muhabbat sharhini jon o‘rtanur tayir etolmayman, Junun maktubining mazmunini ta’rif etolmayman…Aziz avliyolar, anbiyolar haqidagi gapimizni davom ettiradigan bo‘lsak, ularning hayotlari va faoliyatlarida so‘z bilan amalning uyg‘unligini ko‘ramiz. Masalan, Xoja Ahmad Yassaviyning hikmatlarida kishining botinan va zohiran poklikka erishishi haq yo‘llardan biri ekanligi uqtiriladi. Yassaviy “Biru borim diydoringni ko‘rarmanmu?” deya iltijo qiladi va bu iltijoga yarasha bo‘lish lozimligini o‘zining hayotiyu hikmatlari orqali isbotlab o‘tgan. Butun umrini Haq yo‘lga baxshida etgan bul zot, payg‘ambar yoshidan keyin yorug‘likda yurishni to‘xtatib, tarki dunyo qilgani hamda buni izohlab: “Shul sababdin yer ostig‘a kirdim mano” deganlari sizu bizga yaxshi ma’lum. Kubraviya tariqatining asoschisi Najmiddin Kubro esa hayotning mazmunini halol va foydali mehnatda, shu yo‘l bilan Yaratganning ne’matlariga shukur qilishda degan g‘oyani ilgari suradi. Shu bilan birga u nafs balosi barcha illatlarning ildizi ekanligini aytib, unga qarshi kurashgan, oxir-oqibatda bu kurashda g‘olib bo‘lgan kishini ardoqlaydi. Uning mana bu satrlari ana shu yo‘ldagi anduhlar bois tug‘ilgan bo‘lsa ne, ajab: Bir dev bor ichimda, asti pinhon bo‘lmas, Boshini egmak aning oson ermas.Iymon ne ekanligin anglatsam ham,Kofir u ashaddiy zinhor musulmon bo‘lmas!Og‘abek Sobirovning talqinida yangragan, Zaliliyning dilini vayron etgan misralarda Allohga intilish jarayonidagi dardning mana bu tarzda izhor etilishini qarang: …Ko‘ngilning poytaxtini shoh derman (!) ayb qilmanglar,Vujudim shahrida lashkarkashi (!) sohibqironim bor.Zaliliyning nafsni qoralashi bu! Biz bu qo‘shiq haqida to‘xtalayotib, ba’zi joylarda boshqa allomalarning satrlarini bejiz keltirmayapmiz. Zero, boya ta’kidlaganimizdek, ularda uyg‘unlik mavjud. Najmiddin Kubrodan keltirilgan baytda nafsning dushman ekanligi ochiq-oydin aytilayotgan bo‘lsa, Zaliliyda bu holat boshqacha talqin qilinayapti. Ya’niki, shoir fikricha, nafsning aldovi shirin, aldagani achchiq. To‘g‘ri-da, Odam bolasi ayrim hollarda ko‘ngil mayliga berilib, gunoh ishlarga qo‘l uradi. Nojoiz, nosha’riy yo‘llardan yuradi. Eng yomoni, bundan uyalmay yana qing‘irliklardan o‘zini tiymaydi. Chunki, aytildiki, nafs aldovi shirin. Zaliliy mana shu jarayonni ta’riflab, ko‘ngilni, ya’nikim, nafs makrini shoh amridek biladiganlar ham bor, ularni ayblamanglar, deyapti. Ayblamanglar, deyishini esa shu baytning daomida bayon etib, odam bolasi astoydil tavba qilsa, Rabbimiz kechiradi deya, lashkarkashi Xudo bor degan falsafani aytib o‘tgan. Qanchalik go‘zal baytlar-a!Bunday misralarning qalblarimizga beso‘roq kirib borishi uchun qo‘liga tor olgan Og‘abek Sobirovning mahoratiga, ijro uslubiga tahsin aytmoq lozim…
Mening uchun hech buyuk zot, onamga teng bo‘la olmas,Jonli jonsiz hech mavjudot onamga teng bo‘la olmas,Do‘sti yorim, og‘a-inim, hatto ikki qora ko‘zim,Boshimga ish tushgan kunim onamga teng bo‘la olmas,Behishtdagi hur sanamlar, shonu shuhrat tillo damlar,Hatto farzand boshga toj zar onamga teng bo‘la olmas.Boshqalardan kam bo‘lma, deb, o‘zi kam yeb, ham kam debSarpo yiqqan to‘y qilay, deb, onamga teng bo‘la olmas.Yutuqlarimdan suyungan, farzand, deb yashab, ovungan,Tashvishim ko‘rsa kuyungan onamga teng bo‘la olmas. Naqorat:Olamga teng bo‘lar lekin, onamga teng bo‘la olmas,Olamga teng bo‘lar lekin, onamga teng bo‘la olmas.Azizu mukarram onalarimiz haqida ko‘plab she’r bitilgan, qo‘shiq kuylangan, surat chizilgan, kinolar yaratilganki, ularning son-sanog‘i yo‘q. Aslida ular qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha kam. Zero, onaizorning farzand beshigini tebratib, bir kechagina tortgan zahmatlarini ham hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Og‘abek Sobirovning ushbu qo‘shig‘i ham volidayu muhtaramalarimiz haqidadurki, uning nihoyatda katta dard bilan aytilganligi, ayniqsa, tahsinga sazovor. Payg‘ambarimizning “Jannat onalar oyog‘i ostidadur” deb aytgan so‘zlarini hammamiz bilamiz. Ammo ko‘p hollarda bu hadisni ayrimlar tushunib-tushunmay ishlatadilar. Keling, avvalo ana shu so‘zning mohiyatini anglaylik. Jannat — Allohning mo‘min musulmon, o‘zini anglagan, haq yo‘ldan toymagan bandalari uchun oxiratdagi saodat manzilidir. Jannatning betakrorligini bildirish uchun esa Xudoyim Do‘zaxni ham yaratgandirki, SAVOL-JAVOB kunida har birimiz qilmishimizga yarasha ularning birida bo‘lamiz. Har bir tirik jon borki, jannatni istaydi, shu ezu istagi yo‘lida solih amallarni bajaradi, qo‘lidan kelgancha miskin-nochorlarga yordam qo‘lini cho‘zadi. Oddiygina bir gunoh ish bilan do‘zaxi bo‘lish qanchalik oson bo‘lsa, ming bir ezgu niyat ila jannati bo‘lish shunchalik mashaqqatdir. Axir, bu saodatga erishish uchun odamizot saxovatda Hotamitoy, adolatda No‘shiravondek bo‘lmog‘i lozim. Shuningdek, boshqa xislatlarda ham komillikka erishishi shart. Ammo umrimiz davomida yon-atrofda ko‘rayapmizki, aksariyat boy, sarmoyador odamlarning ham xayollarida o‘zgaga yordam qo‘lini cho‘zish fikri yo‘q. Bundaylar faqat o‘zlari uchun yashaydilar va, afsuski, mana shunday ko‘r-ko‘ronalik bois oxirat saodatidan bebahra qoladilar. Shunchalik ekan, endi o‘zimiz his qilaylikki, Parvardigorning suyukli habibi, payg‘ambarimiz bejiz “Jannat onalar oyog‘i ostidadur” demadilar. Onasini hurmat qilgan, keksayganda tashlab qo‘ymagan, har doim unga mehr bilan qarab duosini olganlarga jannat va’da qilindi. Qo‘shiqning “Mening uchun hech buyuk zot, onamga teng bo‘la olmas” deb boshlanishi ham ayni shu lafzni anglaganlikdan tug‘ilgan desak yanglishmaymiz.Tan olib, to‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, xalqimiz, umuman, Sharq mamlakatlarida ota-onaga munosabat boshqa irq va elat vakillariga ibrat bo‘lgulikdir. Qaysidir mamlakatda farzand ulg‘ayib, ota-onasidan alohida yashashni afzal ko‘rsa, bizda hech bir farzand o‘z azizlarini yolg‘izlatib qo‘ymaydi. Xorijda keksa ota-onasini boqishdan or qilib, ularni “Muhtojlar uyi”ga (Mehribonlik uylari faqat bizda!) tashlab qo‘yishadi. O‘zimizda esa… Darvoqe, bizda ham, afsuski, shunday nonko‘rlar bor. Bundaylar hech vaqt saodat topmasligi aniq. Chunki ular ota-onadan ko‘ra bevafo yoru do‘stlarini, molu dunyoga o‘chib birodar tutinganlarni afzal biladilar. Ammo bilmaydilarki, soxta kishilarning do‘stligi ham omonat bo‘ladi: salgina shamol essa yoxud “puf” deyilsa havoga uchadi bularning munosabati. Boshga ish tushgan kunda esa bularni na yerdan, na ko‘kdan topib bo‘ladi. Xudo ishi yurishib turgan kishining boshiga avvalo, og‘ir damlarni solmasin-u, baribir issiq-sovuq kun barchaning boshida bor. Ana shunday chog‘da esa kechagina: “Sen uchun jonimni ham beraman, o‘lsak ham birgamiz” deguvchi oshnolar-da ota-onamizdek g‘amxo‘rlik qilolmaydi. G‘amxo‘rlik ko‘rsatish u yoqda tursin, hatto ko‘ngil so‘rashni-da unutadiganlar ham istagancha topiladi. Bu achchiq, ammo ochiq haqiqatni anglagan hofiz esa yonib-yonib kuylaveradi: Do‘sti yorim og‘a-inim, hatto ikki qora ko‘zim,Boshimga ish tushgan kunim onamga teng bo‘la olmas,Inson hayotda har doim birovdan o‘rnak olishi lozim. Kimnidir ustoz, kimnidir do‘st bilmog‘i kerak. Ammo har bir ishda bizga maslakdosh, mehribon, bu shak-shubhasiz onalarimizdir. Men mana shunday benazir kishisidan oylab xabar olmaydigan kishilarni ko‘rsam, ularga onasiz katta bo‘lganlardan, ONA degan zotning bir og‘iz mehriga tashna o‘tganlardan ibrat olishlarini, ularning suhbatlarini olishlarini istardim. Shuningdek, volidasining xizmatini qilib, uning har bir so‘zini jon qadar qulog‘ida tutgan kishilar ham borki, ularga ota-onamga ta’zim qilgandek jonim fido bo‘lsin. Keling, ona duosini olganlardan biri haqida gapiraylik. Qurbon Eshmatov ana shunday inson! U kim deysizmi? U jurnalist. Uzoq yillardan beri turli nashrlarda ishlab, nihoyatda boyib ketgan odam. Uning “sarm
Uzpedia.uz