Og'abek Sobirov
Og'abek Sobirov — 1972-yil 24-iyun kuni Xorazm viloyati, Urganch shahrida tug`ilgan. 1978-yil Urganch shahar Alisher Navoiy nomli 9-son o`rta maktabning birinchi sinfiga borgan. 1983-yil 2-son Bolalar musiqa maktabiga o`qishga boradi. 1988-yili tugatib Urganch shahar M. Xarratov nomidagi san`at kollejiga o`qishga kirdi. O`qish faoliyatida 4 yil Qashqar rubob mutahassisligi bo`yicha tahsil oldi.
O`qish jarayonida Urganch yog`-moy kombinati qoshidagi “Soqili navo” ansambliga ishga kirdi. O`qishni tugatgach Komiljon Otaniyozov nomidagi Davlat filarmoniyasiga ishga qabul qilindi. O`qib yurgan paytlarida ko`pgina Davlat tadbirlarida faol ishtirok etdi. Bir qancha diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Shu bilan birga Toshkentda o`tkazilgan O`rta Osiyo mintaqaviy maqomchilar ko`rik-tanlovida qatnashdi va rag`batlantiruvchi diplomga ega bo`ldi.
1990-yil Kamolot ko`rik-tanlovida ishtirok etdi. Xonanda ilk bor 1993-yili filarmoniya binosida yakkaxon konsertini o`tkazdi.
1996-yili Ogahiy nomidagi komediya va drama teatrida navbatdagi konsert dasturini berdi. 1997-yili Komiljon Otaniyozov xotirasining 80 yilligiga bag`ishlangan Respublika ko`rik-tanlovida ikkinchi o`rin sohibi bo`ldi.
1998-yil ilk bor Toshkentdagi Turkiston saroyining yozgi binosida yakkaxon konsert dasturini o`tkazdi. Shu yilda boshlab xonanda “Istiqlol” konsert saroyida konsertlarini o`tkazib kelmoqda. 2008-yil 19-20-21-22-iyun kunlari “Istiqlol” saroyida navbatdagi konsert dasturini o`tkazdi.
2002-yil xonanda uchun juda omadli keldi. U shu yili Prezidentimiz tomonidan O`zbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvoniga sazovor bo`ldi.
2007-yil xonanda aktyorlik mahoratini ko`rsatish uchun “Qizg`aldoq” filmida bosh rolni ijro etdi. Xonanda ko`pgina horijiy davlatlarda gastrolda bo`ldi. Jumladan Turkiya, Fransiya, Malayziya, Janubiy Koreya, Vengriya, Rossiya va Eronda o`zbek san`atini targ`ib qildi.
2020-yil mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlandi.
Manbalar
uz.wikipedia.org