Nusayriylar




Bu maqola asosan Suriyada yashovchi xalq haqida. Asosan Turkiyada yashovchi, aynan shu nom bilan ataluvchi guruh uchun Anatoliya alaviylari maqolasiga qarang.

Nusayriylar , alaviylar , Suriya alaviylari , suriyalik alaviylar yoki arab alaviylari (inglizcha: Alawites; ruscha: Алавиты) — shialikdagi firqalardan birining tarafdorlari. 10-asrda shimoliy Suriyada eng keskin shialar davrasida paydo boʻlgan. Firqaning nomini Muhammad ibn Nusayr an-Numayriy (taxminan 883-yil Basrada vafot etgan) bilan bogʻlaydilar. Oʻzbek tilida „nusayriylar“ atamasi „alaviylar“ atamasidan koʻproq qoʻllanilsa-da, ayrim tillarda, jumladan, ingliz tilida „nusayriylar“ soʻzi baʼzan salbiy maʼnoda ishlatiladi.

2002-yilgi maʼlumotga koʻra, nusayriylarning umumiy soni 2 630 000 kishini tashkil qiladi. Ularning asosiy qismini dehqonlar tashkil etadi. Nusayriylarning yarmidan koʻpi hozirgi vaqtda Suriyada, taxminan uchdan bir qismi Turkiyada, qolganlari shimoliy Livanda yashaydi. Suriya prezidenti Bashshor Asad va umuman al-Assadlar oilasi nusayriylar firqasi vakillaridir.

Etimologiyasi



„Nusayri“ soʻzi Muhammad ibn Nusayr an-Numayriy nomidan kelib chiqqan. Nusayriylarning asosiy aqidasi — Ali ibn Abu Tolibni ilohiylashtirish boʻlgani uchun ular „alaviylar“ deb ham ataladilar. Oʻzbek tilida „nusayriylar“ atamasi „alaviylar“ atamasidan koʻproq qoʻllanilsa-da, ayrim tillarda, jumladan, ingliz tilida „nusayriylar“ soʻzi baʼzan salbiy maʼnoda ishlatiladi. Xususan, Suriya prezidenti Bashshor Asadga qarshi kurashuvchi sunniy guruhlar nusayriylarning diniy qarashlari ilohiy emas, balki „inson tomonidan oʻylab topilgani“ga ishora qilish maqsadida „nusayriy“ atamasidan salbiy maʼnoda foydalanadilar.

Diniy qarashlari



Teologiya va udumlar



Nusayriylarning asosiy aqidasi — Ali ibn Abu Tolibni ilohiylashtirish, unda xudoning oʻzi mujassamlangan deb ishonishdan iborat. Nusayriylar oʻzlarini musulmon hisoblaydilar, ammo ayrim sunniylar ularni musulmon deb bilmaydilar. Ularning diniy taʼlimoti, qarashlari va marosimlariga gnostitsizm, neo-platonizm, islom va xristian dinlari hamda ayrim qadimiy eʼtiqodlar taʼsir etgan.

Zamonaviy nusayriy yetakchilar alaviylar qarashlarini hech qachon rasman tan olmagan. Hukmron diniy oqimlar tomonidan asrlar davomida taʼqib qilingani sababli nusayriylar oʻz eʼtiqodlarini sir tutadi, marosimlarini kechalari, maxfiy ado etadi. Nusayriylikning ayrim qarashlari sir saqlanadi va juda oz odam ularni biladi. Shu sabab nusayriylikni baʼzan mistik firqa oʻlaroq baholaydilar.

Ilohiylik



Xristianlikdagi muqaddas uchlik kabi, nusayriylar ham ilohiy uchlikka eʼtiqod qiladilar. Uchlik bir xudoning uch emanatsiyasini oʻz ichiga oladi: „maʼno“ deb ataluvchi oliy jihat yoki borliq va kichikroq emanatsiya hisoblangan „ism“ (yoki „hijob“) hamda „darvoza“. Nusayriylar bu emanatsiyalar insoniyat tarixida bir necha siklda inson shaklida namoyon boʻlganiga, ularning oxirgisi Ali („maʼno“), Muhammad („ism“) va Salmon al-Forisiy („darvoza“) uchligi boʻlganiga ishonadilar. Nusayriylarning diniy qarashlarini quyidagi formula bilan ifodalash mumnkin: „Men darvozaga qarayman; Ism oldida taʼzim qilaman; Maʼnoni suyaman“.

Reinkarnatsiya



Nusayriylar boshida sarkashliklari sabab jannatdan quvib chiqarilgan yulduz yoki ilohiy yorugʻlik boʻlishganiga va jannatga qaytishdan oldin reinkarnatsiyadan oʻtishlari kerakligiga ishonadilar. Gunohkorlar xristian yoki boshqa guruh vakili sifatida sifatida, dinidan voz kechganlar esa hayvon oʻlaroq reinkarnatsiya qilishi mumkinligiga ishonadilar.

Boshqa qarashlar



Nusayriylarning boshqa qarash va udumlari orasida faqat erkaklar ishtirok etadigan marosimda vino tatish; koʻpincha xristian ism qoʻyish; oʻliklarni yer ustidagi sarkofaglarga koʻmish; navroʻz, rojdestvo bayramlarini nishonlash; diniy inshootlarning faqat qabrlardan iborat ekanligi; aqidalarining asosiy manbasi „Kitab al Majmu“ kitobi ekanligi aytilishi; hamda ayollarda ruh yoʻqligiga ishonish kiradi. Bundan tashqari, ayrim manbalarga koʻra, nusayriylar quyosh, oy va yoritqichlarga sigʻinadi. Ular yana hajni eʼtirof qilmaydi, zakotni boshqa musulmonlar tushungandek belgilamaydi. Bundan tashqari, nusayriylar namoz, roʻza va boshqa islom marosimlarini ado etmaydilar, ularning masjidlari yoʻq.

Demografiyasi




Nusayriylar soni haqida aniq maʼlumot yoʻq. 2002-yilgi hisoblarga koʻra, ularning umumiy soni 2 630 000 kishini tashkil qiladi. Hozirgi kunda nusayriylar Suriya aholisining taxminan 12 foizini tashkil qilishi aytiladi. Turli hisoblarga koʻra, Suriyadagi nusayrilarning soni taqriban 1,5-3 million kishini tashkil qiladi. Bundan tashqari, Turkiyada (taxminan 500 000-750 000) va shimoliy Livanda (taxminan 100 000-120 000) ham yirik nusayriylar guruhlari mavjud. Golan tepaliklarida joylashgan Gʻajar qishlogʻining taxminan 2 100 aholisi ham nusayriylardir.

Al-Assadlar oilasi




Suriya va Livandagi fransuz mandati nusayriylar tarixida muhim ahamiyatga ega. Mandat fransuzlarga suriyalik oddiy aholini cheksiz muddatga oʻz armiyasiga jalb qilish imkoniyatini bergan va ozchiliklar uchun alohida yerlar, jumladan, Alaviylar davlatini yaratgan. Alaviylar davlatiga keyinroq barham berilgan, ammo nusayriylar Suriya armiyasining asosiy qismini tashkil etishda davom etgan.

Hofiz al-Assad 1970-yilda hukumat tepasiga kelganidan beri Suriyaga al-Assadlar oilasi yetakchilik qilib keladi. Surriyada 1970- hamda 1980-yillarda sodir boʻlgan islomiy koʻtarilish davomida al-Assadlar oilasiga bosim kuchaydi. Suriya fuqarolik urushi sabab esa bu bosim yanada keskinlashdi.

Manbalar




Havolalar





uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz