Nosir Buxoriy
Nosir Buxoriy (1300, Buxoro – 1371, Tehron) – forsigoʻy shoir. Shohdarvesh va Darvesh Nosir nomlari bilan mashhur boʻlgan. Buxoroda tahsil olib, Xuroson, Ozarbayjon va Iroqqa safar qilgan. Taniqli fors-tojik shoiri Salmon Sovajiy bilan doʻstona munosabatda boʻlgan. Tazkiralarda ularning oʻzaro mushoiralari keltiriladi. Hofiz Sheroziyga ergashib, iroqiy uslubda gʻazallar bitgan. Shoir kulliyoti bizgacha yetib kelgan boʻlib, undan taxminan 7 ming baytlik qasida-yu gʻazallar hamda orifona mazmundagi “Hidoyatnoma” masnaviysi oʻrin olgan.
Davlatshoh Samarqandiyning maʼlumot berishicha, N. Buxoriy fozil va darvesh kishi boʻlib, sheʼrlari holdan xoli emas va soʻzlaridan dilga faqr hidi yetadi. Darveshlik xirqasida sayohat qilgan, kigizdan tikilgan kuloh va boʻz toʻndan boʻlak hech vaqosi yoʻq edi. Abdurahmon Jomiy “Bahoriston”da N. Buxoriy Movarounnahrdan ekani, sheʼrlarida tas. ruhi mavjudligini qayd etadi. Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub”da uni sheʼrlarida majoziy maʼno ustuvor boʻlgan shoirlar toifasiga kiritadi.
N. Buxoriy hayoti va ijodi yuzasidan S. Qurbonov, Sadriddin Salim Buxoriy kabi olimlar ilmiy tadqiqot olib borganlar.
Manbalar
uz.wikipedia.org