Nodira Saidaxmedova
Nodira Ilxomovna Saidaxmedova (1974-yil 29-noyabr, Jizzax, Jizzax viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olima, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Biografiyasi
Nodira Saidaxmedova 1974-yil 29-noyabr Jizzax shahrida ziyoli oilasida tugʻilgan. 1996-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tugatgan, 2009—2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olgan. 1996—2022-yillarda Jizzax politexnika institutida assistent oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, dotsent, ichki nazorat va monitoring boʻlimi boshligʻi, ilmiy ishlar boʻyicha prorektor, dekan, 2007—2011-yillarda Jizzax tumani ijtimoiy iqtisodiyot kasb-hunar kolleji direktori lavozimida ishlagan. Hozirgi kunda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida „Taʼlim menejmenti“ kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Ilmiy faoliyati
2006-yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida „Isteʼmol tovarlari marketingi tizimida tovar siyosatini shakllanishi“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2020-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida „Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning nazariy jihatlari va ustuvor yoʻnalishlari“ mavzusida doktorlik (DSc) dissertatsiyasini himoya qildi. 150 dan ortiq ilmiy maqola, 20 dan ortiq oʻquv adabiyotlar, 4 ta monografiya, 3 ta patent guvohnomasi muallifi. Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligi esdalik nishoni bilan taqdirlangan.
Manbalar
uz.wikipedia.org