Nikolay Ivanov (tadbirkor)
Nikolay Ivanovich Ivanov – (1836-yil 8-aprel – 1906-yil 13-fevral, Toshkent) yirik toshkentlik tadbirkor, savdo maslahatchisi, Toshkent va Turkistonning boshqa shaharlaridagi spirtli ichimliklar va pivo zavodlari egasi.
Biografiyasi
Nikolay Ivanovich Ivanov Turkistondagi zavodlari toʻliq ishlab chiqarish siklini amalga oshirgan eng yirik yuqori sifatli aroq ishlab chiqaruvchisi sifatida tanilgan.
Uning faoliyati koʻp tarmoqli boʻlgan. N.I.Ivanov Toshkent va Turkiston oʻlkasi hududida koʻmir qazib olish, „quruq muz“, mineral suvlar ishlab chiqarish korxonalari, „mevali suvlar“ (limonad) zavodi, vino va aroq ishlab chiqaruvchi korxona tashkil qilgan. U yaratgan „Sulton“, „Muskat“, „Semilion“ kabi vino turlari har doim dunyoning turli burchaklaridan kelgan degustatorlar tomonidan yuksak e’tiroflarni qoʻlga kiritgan. Ivanov pivo ishlab chiqarish sohasida ham samarali faoliyat olib borgan. Toshkentdagi 6-sonli pivo zavodi tarixi muvaffaqiyatli tadbirkor hayotining bir qismidir.
N.I.Ivanov Chimkentda Qozogʻiston Respublikasidagi yetakchi santonin ishlab chiqaruvchi farmatsevtika korxonasi – hozirgi „Ximfarm“ OAJ zavodini qurgan. Zavod 1884-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. U nemis kimyogari Vilgelm Pfaff tashabbusi va tijorat maslahatchisi N.I.Ivanovning moliyaviy yordami asosida yaratilgan. Ushbu zavod farmasevtikada muhim dori vositasi hisoblanuvchi santonin moddasini ishlab chiqaradi.
Turkiston viloyatida N.I.Ivanov firmasiga qarashli korxonalarda 2700 nafar ishchi va xizmatchilar ishlagan.
1881-yilda N.I.Ivanov Oʻrta Osiyo tijorat bankini tuzgan.
N.I.Ivanov bir necha oʻn yillar davomida Toshkent ishbilarmonlarining oqsoqoli boʻlgan. Tijorat maslahatchisi faxriy unvoni va bir qancha ordenlar bilan taqdirlangan.
N.I.Ivanov rus pravoslav cherkovi foydasiga cherkovlarni qurish va obodonlashtirish, shuningdek, xayriya uylari, boshpana va boshqa xayriya faoliyatlari uchun koʻp xayr-ehson qilgani bilan ham mashhur.
Turmush oʻrtogʻi – Ivanova Aleksandra Petrovna (1845-yil 14-dekabr – 1913-yil 13-avgust, Toshkent). Ivan, Vasiliy, Aleksandr, Nikolay ismli toʻrt oʻgʻli va Olga, Anna va Aleksandra ismli uch qizi bor. Farzandlari keyinchalik „Maslahatchi N. I. Ivanovning tijorat merosxoʻrlari“ savdo-sanoat uyining egalari boʻlgan.
Qizi – Ivanova Olga Nikolayevna (Orenburglik savdogar Nikifor Prokofyevich Savinkovning rafiqasi) (1915-yil 27-oktabrda vafot etgan) Turkiston viloyatidagi birinchi kimyo-texnolog va farmatsevt ayol. U Chimkentdagi Santonin zavodining ham egasi boʻlgan.
Bir vaqtlar Toshkent yaqinidagi „savdogar Ivanovning dachasi“ deb atalgan hududda rus, pravoslav qabristoni qurilgan boʻlib, u hozirda „Botkin qabristoni“ deb ataladi va Toshkentning eng yirik madaniy-tarixiy yodgorlik majmuasi hisoblanadi.
Botkin qabristonidagi Aleksandr Nevskiy ibodatxonasidan unchalik uzoq boʻlmagan hududda Nikolay Ivanovich Ivanovning qabri joylashgan.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org