NIgora Allayeva




Nigora Ashirovna Allayeva — (1972-yil, 23-dekabr, Toshkent, Oʻzbekiston SSR, SSSR) — taniqli oʻzbekistonlik tarixchi olima. Tarix fanlari doktori (2019). Hozirda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti „Tarixshunoslik va manbashunoslik markazi“ boshligʻi. Nigora Allayeva „XVI—XIX asr 70-yillarida Xiva xonligining tashqi aloqalari tarixi“ mavzusida dastlabki monografik tadqiqot olib borgan.

Tarjimayi holi



Nigora Allayeva 1972-yil 23-dekabr Toshkent shahrida shifokorlar oilasida tugʻilgan. U 1990—1995-yillarda Termiz davlat universitetining Tarix fakultetida taʼlim oldi. Universitetda tahsil olish bilan birga, 1992-yildan Hakim at-Termiziy nomidagi 93-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida tarix fanidan dars berishni boshladi. 1999-yildan TerDU qoshidagi 1-son akdemik litseyda tarix fani oʻqituvchisi sifatida faoliyatini davom ettirdi. Shu bilan birga, Nigora Allayeva akademik litseyning „ijtimoiy-gumanitar fanlari“ kafedrasining mudiri, 2002—2003-yillarda litseyning oʻquv ishlari boʻyicha direktor muovini sifatida faoliyat yuritdi. Nigora Allayeva oʻzining ilmiy faoliyatini 2003-yilda OʻzR FA Tarix institutining „Oʻrta asrlar tarixi“ boʻlimi aspiranti sifatida boshlab, t.f.d., prof. Roziya Mukminova rahbarligida ilmiy tadqiqot olib bordi. Aspiranturadan soʻng, u fors va turkiy (chagʻatoy) tildagi qoʻlyozma manbalar hamda rus va ingliz tilidagi birlamchi manbalar bilan ishlay oladigan tadqiqotchi sifatida „Oʻrta asrlar tarixi“ boʻlimiga kichik ilmiy xodim vazifasiga ishga olindi. 2007-yilda Nigora Allayeva „XVI—XVIII asrda Xiva xonligi va Eron oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar“ mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 2009-yilda u katta ilmiy xodimlikka oʻtkazildi va 2010—2012-yillar mobaynida institutning „Oʻrta asrlar tarixi“ boʻlimi boshligʻi sifatida ish olib bordi.

Ilmiy faoliyati



Nigora Allayeva 2007-yildan buyon Tarix institutidagi bir nechta fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarga rahbarlik qilib keladi. U 2009-yilda OʻzR FA Tarix institutida tashkil etilgan professor Roziya Mukminova nomidagi tarixchilar Respublika seminarining tashkilotchilaridan hisoblanadi.
Nigora Allayeva oʻrta asrlarning eng murakkab jarayonlari ustida tadqiqot olib borib, 2019-yilning 11-martida „XVI—XIX asr 70-yillarida Xiva xonligining tashqi aloqalari tarixi“ mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Nigora Allayeva Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlarda, shuningdek Tarix institutining barcha ilmiy tadbirlarida faol ishtirok etish bilan birga, xalqaro miqyosda ham oʻz malakasini oshirib bordi. U Germaniyaning xalqaro „Gerda Xenkel“ hamda „DAAD“ grantlari doirasida Rossiya FA Qoʻlyozmalar instituti, Eron Islom Respublikasining milliy kutubxona va arxivlari, Germaniyaning Bonn va Bamberg Universitetlari hamda Avstriya FA Eronshunoslik instituti kabi yirik tadqiqot markazlarida ish olib borib, Markaziy Osiyo tarixi boʻyicha xorijlik mutaxassislar bilan tajriba almashinish imkoniga ega boʻldi.
Nigora Allayeva bir qancha kollektiv monografiyalar muallifi va tuzuvchisi boʻlib, uning „Xiva xonligi diplomatiyasi tarixi (XVI—XIX asrlar)“ (2019) nomli monografiyasi Oʻzbekiston davlatchiligi tarixining eng murakkab va kam oʻrganilgan davrini ochib berishi bilan ahamiyatli. Uning 70 dan ortiq ilmiy maqolalari boʻlib, shu jumladan, xalqaro Scopus va Web of science bazasiga kiruvchi „Journal of Persianate Studies“, „Central Asiatic Journal“ hamda „Bulletin of National Academy of sciences of the Republic of Kazakhstan“ jurnallarida ham maqolalar chop ettirib boradi. Nigora Allayeva koʻplab xalqaro konferensiyalarda (Germaniya-Gottenxeym, 2009; Avstriya-Badgashteyn, 2010; Buyuk Britaniya-Kembridj, 2011; Avstriya-Vena, 2012; Germaniya-Berlin, 2014; Shveysariya-Tsyurix, 2015; Xitoy-Pekin, 2017; Rossiya-Moskva, 2018, 2021; Tojikiston-Panjikent, 2018, 2019; Eron-Tehron, 2019) oʻz ilmiy ishi yuzasidan maʼruzalar qilgan. Nigora Allayeva bevosita oʻrta asr qoʻlyozmalari, arxiv hujjatlari hamda turli yoʻnalishdagi birlamchi manbalar bilan ishlovchi mutaxassis, qolaversa, talabchan va zamonaviy ilmiy-nazariy qarashlarga ega olima sifatida 2020-yilda OʻzR FA Tarix institutida shakllantirilgan „Tarixshunoslik va manbashunoslik“ markazining boshligʻi etib tayinlandi. Hozirda Nigora Allayeva institutda manbashunoslik yoʻnalishini chuqurlashtirish va tarixshunoslik tadqiqotlarini yanada rivojlantirish borasida istiqbolli rejalar ustida ish olib bormoqda. Shu bilan birga, u ilmiy darajalar beruvchi Ixtisoslashgan ilmiy kengashning ilmiy seminar raisi sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Qoʻlga kiritilgan ilmiy natijalarni keng jamoatchilikka etkazish borasida ham oʻz hissasini qoʻshayotgan Nigora Allayeva doimiy ravishda „Oʻzbekiston tarixi“ telekanalidagi koʻrsatuvlarda ishtirok etib keladi. Olima Oʻzbekiston tarixini birlamchi manbalar asosida yanada chuqur yoritish va manbashunoslik yoʻnalishida yirik fundamental tadqiqotlarni davom ettirish hamda bu sohaning kelajagi uchun yosh kadrlarni tayyorlash maqsadi yoʻlida tinmay izlanishdadir.

Asosiy ilmiy ishlari



Monografiya va risolalar




Maqolalar




Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz