Niginaxon Shermuhamedova
Niginaxon Arslonovna Shermuhamedova (1962-yil 26-mart, Qorakolʻ tumani, Buxoro viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olima, faylasuf, metodologi, taʼlim sohasidagi mutaxassis va bir qancha xalqaro konferensiyalar ishtirokchisi, Falsafa fanlari doktori, professor, Mirzo Ulugʻbek nomidagi O'zbekiston Milliy Universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti „Falsafa va maʼnaviyat asoslari“ kafedrasi mudiri, Rossiya falsafa jamiyatining Faxriy aʼzosi, Rossiya falsafa jamiyati Oʻzbekiston boʻlinmasi raisi. Oʻzbekiston-Ozarbayjon Doʻstlik jamiyati Prezidiumi aʼzosi. „Falsafa va Hayot“ xalqaro jurnalining Bosh muharriri, „Adam Alami“ („Odam olami“), „Al Farabi“ (Qozogʻiston), „Tarixiy psixologiya va sotsiologiya tarixi“ („Istoricheskaya psixologiya i sotsiologiya istorii“, Rossiya) va Rossiya Falsafa jamiyati Xabarnomasi („Vestnik RFO“) kabi bir qator jurnallar tahririyati aʼzosi. 2008-yilda Seul (Janubiy Koreya) shahrida oʻtkazilgan 22-Butunjahon Falsafa Kongressi, 2013-yilda Afina (Gretsiya) shahrida oʻtkazilgan 23-Butunjahon Falsafa Kongressi hamda 2018-yilda Pekin (Xitoy Xalq Respublikasi) shahrida oʻtkazilgan 23-Butunjahon Falsafa Kongresslari qatnashchisi. Hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti „Falsafa va maʼnaviyat asoslari“ kafedrasi mudiri va mazkur universitetda „Ontologiya va bilish nazariyasi“, „Taʼlim falsafasi“, „Texnika falsafasi“ va „Fan falsafasi“ kabi fanlardan maʼruzalar oʻqiydi. 1988-yilda „Dialektik-materialistik dunyoqarashning olim fikrlash tarziga taʼsiri“ („Vliyanie dialektiko-materialisticheskogo mirovozzreniya na stil mishleniya uchenogo“) mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2002-yilda „Olim fikrlash tarzining shakllanishining ijtimoiy-falsafiy jihatlari“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Ilmiy faoliyati
Professor Nigina Shermuhamedova asosan oʻzining fan metodologiyasi, fan falsafasi, gnoseologiya va taʼlim falsafasi sohasidagi ishlari bilan tanilgan. Olima oʻz faoliyati davomida Falsafa bakalavr yoʻnalishi va magistratura mutaxassisliklari uchun 15 dan ortiq darsliklar yaratgan va ulardan 5 tasi Oʻzbekiston Respublikasi „Eng yaxshi darslik va oʻquv adabiyoti“ konkursida 1, 2, 3 darajali diplomlar va mukofotlar bilan taqdirlangan. Qolaversa, N. Shermuhamedova 300 dan ortiq maqolalar va 4 ta xalqaro darajadagi monografiyalar muallifidir. Uning „Falsafa“ (bakalavr yoʻnalishlari talabalari uchun) darsligi Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida bakalavr taʼlim yoʻnalishlari talabalari uchun darslik sifatida qoʻllaniladi.
Nashr qilingan baʼzi ishlari
Mahalliy va xalqaro jamoatchilik ishlarida faolligi
Professor Shermuhamedova Oʻzbekiston va umuman MDH mamlakatlarining eng koʻzga koʻringan faylasuflaridan biri hisoblanadi va bu boradagi xalqaro bahs-munozaralarda faol ishtirok etib kelgan. Olima soʻnggi 15 yil davomida 10 dan ortiq fan nomzodlari tadqiqot ishlariga rahbarlik qilgan. „Fan falsafasi va metodologiyasi“ ilmiy maktabining asoschisi, „Bilimlar ontologiyasi va nazariyasi“ 12 nafar talaba ilmiy rahbari.
Shuningdek, Qozogʻistonning Ostona shahridagi Oʻzbek etno-madaniyat markazi Direktori oʻrinbosari vazifasida ham faoliyat yuritgan.
2009—2012-yillarda Shvetsiyaning Sida jamg‘armasi ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishida ilmiy tadqiqot ishlari tanlovi bo‘yicha xalqaro ekspert kengashi a’zosi.
Shermuhamedova Qozogʻistonda al-Farobiy tavalludining 1150 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarda faol ishtirok etdi, xususan, 2020-yil 14—15-may kunlari Olmaotada „Al-Farobiy hayoti va ijodi“ mavzusida onlayn konferensiyada oʻtkazilgan yalpi majlisda nutq soʻzlagan.
2020-yil 8-dekabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Qozoq Milliy universitetida Al-Farobiy markazi tomonidan o‘tkazilgan „Xayrullayev va Kobesovlar hayoti va faoliyati“ onlayn konferensiyasining yalpi majlisida professor Shermuhamedova soʻzga chiqqan.
2020-yil 7-8-dekabr kunlari O‘zbekiston jamoat huquqi tadqiqotlari markazi va Konrad Adenauer jamg‘armasi hamkorligida o‘tkazilgan „Madaniyat, taʼlim va fan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar tizimida“ mavzusidagi onlayn konferensiyada nutq soʻzlagan.
Rossiyaning Boshqirdiston universiteti tomonidan o‘tkazilgan UNPO tashkil etilganining 75 yilligiga bag‘ishlangan „Zamonaviy dunyo va huquq“ mavzusidagi xalqaro konferensiyada yalpi majlisda so‘zga chiqdi.
2020-yil 29-may kuni Toshkent shahrida „Yevroosiyo makonida taʼlimning zamonaviy paradigmatik muammolari“ mavzusidagi xalqaro ilmiy onlayn konferensiya va 2020-yil 24-oktabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan „Global sheriklik barqaror rivojlanish sharti va kafolati sifatida“ xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya tashkilotchisi. Bu saʼy-harakatlarning barchasi O‘zbekiston Milliy universitetining xalqaro universitetlar reytingiga kiritilishida o‘z ifodasini topdi.
Professor Shermuhammedova ozarbayjonlik publitsist, tarixchi Teymur Atayevning „Amir Temur fenomeni“ kitobiga bag‘ishlangan onlayn taqdimotda ishtirok etdi. Uning kitob haqidagi sharhida Amir Temur shaxsining tashqi yoki mashhurroq jihatlariga emas, balki shaxsiyatiga eʼtibor qaratildi.
2021-yilning 11-mart kuni Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Falsafa instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan „National and Universal specifity of spiritual values: epistemological problems“ nomli xalqaro konferensiyada maʼruza bilan ishtirok etgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org