Naml surasi
Naml surasi (arabcha: سورة النمل, nomining maʼnosi — Chumoli[9][10]) — Qurʼonning 27-surasi. Makkiy suralardan biri, 93 oyatdan iborat. Bu sura Qurʼonning 377–385-sahifasida va 19-20-juzida joylashgan. 48-boʻlib nozil boʻlgan.
Asosiy mavzusi
Ushbu surada paygʻambarlardan Muso, Solih, Lut alayhis-salomlarning qissalari zikr qilinadi va, xususan, Dovud va Sulaymon paygʻambarlar haqida bir qadar batafsil toʻxtalib, Sulaymon alayhis-salom Alloh taoloning paygʻambari boʻlish bilan birga yana jamiyki insu-jin va parrandayu-darranda olamiga podshoh qilingani toʻgʻrisida hikoya qilinadi hamda u zot bilan Sabaʼ mamlakatining Malikasi Bilqis oʻrtasida boʻlib oʻtgan voqealar ham tasvirlanadi.
Yana bu surada Qurʼondagi pand-nasihat, ibrat-eslatmalardan faqat koʻzi ochiq
kishilargina foydalanishlari mumkinligi ayricha taʼkidlab oʻtiladi.
Shuningdek, qiyomat qoyim boʻlishi oldidan yer yuziga chiqadigan jonivor haqidagi
xabar hamda moʻmin va kofirlarning qiyomat kunidagi ahvoli xususidagi ibratli oyatlar ham shu suradan joy olgandir.
Surada Alloh taoloning eng zaif va zahmatkash maxluqlaridan biri boʻlgan chumoli
haqida ham zikr qilingani sababli uni «Naml — Chumoli» surasi deb atalgandir.
Manbalar
uz.wikipedia.org