Muʼtasim
Abū Isʼḥoq Muḥammad ibn Horūn ar-Rashīd (arabcha: أبو إسحاق محمد بن هارون الرشيد; 796-yil oktyabr — 842-yil 5-yanvar), laqabi
al-Muʿtaṣim biʾllāh (المعتصم بالله, soʻzma-soʻz 'Allohdan panoh soʻragan' bilan mashhur), sakkizinchi Abbosiy xalifa. 833-yildan 842-yil vafotiga qadar hokimiyatda boʻlgan. Xalifa Horun ar-Rashidning (h. 786–809) kenja oʻgʻli. Asosan turkiy qul askarlardan (gʻilmon yoki gʻulom) tashkil topgan shaxsiy qoʻshin tuzib, shuhrat qozongan. Bu qoʻshin oʻgay akasi xalifa Maʼmun uchun foydali boʻldi. Maʼmun Muʼtasim va turk qoʻriqchi guruhidan davlatdagi boshqa kuchli manfaatdor guruhlarini muvozanatda saqlash uchun foydalandi. Shuningdek ulardan isyonchilar va Vizantiya imperiyasiga qarshi yurishlarda ham foydalangan. 833-yil avgustida yurish vaqtida Maʼmun kutilmaganda vafot etgach, Maʼmunning oʻgʻli Abbosning daʼvolaridan ustunlikka erisha olgan Muʼtasim xalifa boʻlish uchun qulay imkoniyatni qoʻlga kiritdi.
Muʼtasim akasining ko‘plab siyosatlarini davom ettirdi. Masalan, Abbosiylar nomidan Xuroson va Bag‘dodni boshqarayotgan Tohiriylar bilan hamkorlikni davom ettirdi. Muʼtasim kuchli qozi Ahmad ibn Abu Duvadning koʻmagi bilan moʻtazilizm haqidagi ratsionalistik islom taʼlimotini rivojlantirish va taʼlimot muxoliflarini inkvizitsiya (mihna) orqali taʼqib qilishni davom ettirdi. Shaxsan adabiy izlanishlarga qiziqmasa ham, Maʼmun davrida boshlangan ilmiy renessansni Moʻtasim ham qoʻllab-quvvatlagan. Boshqa ma'noda, uning hukmronligi islom tarixida harbiylar, xususan, turk qoʻshinlariga asoslangan yangi rejimning yaratilishi bilan oʻtgan davr hisoblanadi. 836-yilda Samarrada yangi rejim ramzi hamda poytaxtni Bagʻdodning notinch aholisidan uzoqlatish uchun yangi poytaxt barpo etildi. Xalifa hukumatining hokimiyati markazlashtirish chora-tadbirlari orqali amalga oshirildi. Bu esa viloyat noiblarining vakolatlarini Samarradagi kichik bir guruh yuqori martabali fuqaroviy va harbiy amaldorlar foydasiga qisqartirib, davlatning fiskal apparati turkiylar hukmronlik qilgan professional armiyani saqlashga tobora koʻproq yoʻnaltirila boshladi. Abbosiylar davlatining dastlabki davrida katta rol oʻynagan arab va eron elitalari tobora cheklanib bordi. 838-yilda Abbos foydasiga Muʼtasimga qarshi uyushtirilgan muvaffaqiyatsiz fitna ularning saflarini keng miqyosda tozalash uchun imkon yaratib berdi. Bu voqea turklar va ularning asosiy yoʻlboshchilari Ashinalar, Vosif, Itax va Bugʻalarning mavqeini mustahkamladi. Muʼtasim yaqinlarining yana bir koʻzga koʻringan aʼzosi, Osrushana shahzodasi Afshin saroyda oʻz dushmanlari bilan kelisha olmay, 840/1-yilda taxtdan agʻdarilib, oʻldirilgan. Turklarning yuksalishi oxir-oqibat „Samarradagi anarxiya“ kabi muammolarni yuzaga keltirib, 10-asr oʻrtalarida Abbosiylar hokimiyatining qulashiga olib keldi. Keyinchalik ham Muʼtasim asos solgan gʻulomga asoslangan tizim butun musulmon olamida keng qoʻllanilgan.
Muʼtasim hukmronlik davri tinimsiz urushlar bilan oʻtdi. Hukmronlik davrining ikki yirik ichki yurishi 835—837-yillarda Ozarbayjonda uzoq davom etgan va Afshin tomonidan bostirilgan Bobak Xurramdin boshchiligidagi Xurramiylar qoʻzgʻoloniga va Xuroson hukmdori Tohiriylar bilan toʻqnashgach, qoʻzgʻolon koʻtargan Mozandaron muxtoriyati hukmdori Mozyorga qarshi boʻlgan. Sarkardalari ichki qoʻzgʻolonlarga qarshi kurashga boshchilik qilgan boʻlsa, Muʼtasimning oʻzi 838-yilda Vizantiya imperiyasiga qarshi oʻsha davrdagi yagona yirik tashqi yurishni boshqargan. Xalifalik qoʻshinlari imperator Theophilosni magʻlub etib, Amoriy shahrini talon-taroj qilishdi. Amoriy yurishi keng miqyosda nishonlanib, xalifalik tashviqotining tamal toshiga aylandi. Shuningdek, mazkur yurish Muʼtasimning jangchi-xalifa sifatidagi obroʻsini ham mustahkamladi.
Yoshlik davri
Muʼtasim nomi bilan xalifalik qilgan Muhammad Bagʻdoddagi Xuld („Abadiyat“) saroyida tugʻilgan, aniq tugʻilgan sanasi nomaʼlum. Tarixchi Tabariy (839–923) maʼlumotlariga koʻra, uning tugʻilishi maʼmurlar tomonidan hijriy 180-yil (milodiy 796-yil oktyabr) yoki hijriy 179-yilda (milodiy 796-yil bahori yoki undan oldinroq) shaʼbon sanalarida yozilgan. Uning ota-onasi Abbosiylarning beshinchi xalifasi Horun ar-Rashid (h. 786–809) va qul kanizak Marida binti Shabib (arabcha: ماريدا بنت شبيب) edi. Marida Kufada tugʻilgan, lekin uning oilasi Soʻgʻddan kelgan boʻlib, u odatda turkiy boʻlgan deb hisoblanadi.
Shahzodaning yoshlik davri Abbosiylar xalifaligining oltin davriga toʻgʻri keldi. Hukumatda hukmronlik qilgan qudratli Barmakiylar oilasining 803-yilda keskin qulashi oʻtgan oʻn yilliklarda hukumatning eng yuqori darajalarida siyosiy beqarorlikka ishora qildi. Shu bilan birga qiyinchilik bilan bostirilgan mahalliy qoʻzgʻolonlar sulolaning imperiya ustidan hukmronligi borasida ogohlantiruvchi signallar berdi. Shunga qaramay, Horun vafotidan keyin bir necha oʻn yilliklar ichida sodir boʻlgan nizo va boʻlinish bilan taqqoslaganda, Abbosiylar imperiyasi oʻzining yaxshi kunlarini boshdan kechirayotgan edi. Horun oʻz davri islom olamining katta qismini, sharqda Oʻrta Osiyo va Sinddan tortib, gʻarbda Magʻribgacha boʻlgan hududda bevosita hukmronlik qilgan. Tan Xitoyi va Hind okeanini Yevropa va Afrika bilan bogʻlaydigan jonli savdo tarmoqlari xalifalik orqali oʻtib, Bagʻdod bilan bogʻlanishi ham ulkan farovonlik manbai boʻldi. Viloyatlarning daromadlari xazinani toʻliq ushlab tura oldi. Bu Horunga Vizantiya imperiyasiga qarshi yirik harbiy ekspeditsiyalarni boshlash va kuchli diplomatiya bilan shugʻullanish imkonini berdi. Horunning elchilari hatto olis Buyuk Karl saroyiga ham yetib bordi. Mazkur boyliklar katta homiylik qilishga ham imkon berdi. Musulmonlarning muqaddas Makka va Madina shaharlariga xayriya vaqflari, saroyda din ulamolari va zohidlarning kutib olinishi kabi harakatlar diniy tabaqalarning sulolaga xayrixohligini taʼminladi, shoirlarga sarflangan mablagʻlar esa Horun uchun abadiy shon-shuhratni kafolatladi; xalifa saroyining ulugʻvorligi Ming bir kechaning dastlabki hikoyalari uchun ilhom manbai boʻlgan.
Maʼmun hukmronligi davridagi faoliyati
Voyaga yetgan Muhammad asosan Abu Isʼhoq kunyasi bilan atalgan. Tabariy voyaga yetgan Abu Isʼhoqni „qora soqolli, sochlarining uchi qizil, uchi to‘rtburchak, qizil chiziqli, ko‘zlari chiroyli“ deb ta’riflagan. Boshqa mualliflar uning jismoniy kuchi va jismoniy faoliyatga boʻlgan muhabbatini taʼkidlashgan. Bir hikoyada Amoriy yurishi paytida xachirga minib, qoʻshindan oldin borib, daryo boʻylab oʻtish joyini shaxsan qidirgani eslatib oʻtilgan. Shaxsiy fazilatlari bilan Muʼtasim oʻzidan oldingi va keyingi xalifalardan keskin farq qilgan. Keyingi mualliflar uning deyarli savodsiz boʻlganini yozadilar. Tarixchi Hugh Kennedy taʻkidlaganidek, bu holat „abbosiy shahzodasi uchun eng qiyin boʻlib“, va, ehtimol, uning intellektual faoliyatga qiziqishi yoʻqligini aks ettiradi.
Fuqarolik urushi davomidagi harakatlari
Horunning kenja oʻgʻillaridan biri Abu Isʼhoq dastlab unchalik ahamiyatli boʻlmay, merosxoʻr ham boʻlmagan. 809-yilda Horun vafot etganidan koʻp oʻtmay, katta oʻgay akalar Amin (h. 809–813) va Maʼmun (h. 813–833) oʻrtasida shafqatsiz fuqarolar urushi boshlandi. Aminni Bagʻdoddagi anʼanaviy abbosiy elitasi (abna al-davla) qoʻllab-quvvatlangan boʻlsa, Maʼmunni esa abnoning boshqa guruhlari qoʻllab-quvvatlagan edi. Maʼmun 813-yilda Bagʻdodning uzoq qamaldan soʻng taslim boʻlishi va Aminning oʻlimi bilan gʻalaba qozondi. Islom olamining shimoli-sharqiy qismida joylashgan Xurosondagi oʻz qalʼasida qolishni xohlagan Maʼmun Iroqda hukmronlik qilish uchun oʻzining bosh leytenantlariga ruxsat berdi. Bu esa Bag‘doddagi Abbosiy elitasida ham, umuman xalifalikning g‘arbiy hududlarida ham Ma’mun va uning „fors“ leytenantlariga nisbatan antipatiya to‘lqiniga sabab bo‘lib, 817-yilda Horun ar-Rashidning ukasi Ibrohimning Bagʻdodda xalifaga qarshi nomzod sifatida ko‘rsatilishi bilan yakunlandi. Bu voqea Maʼmunning uzoqdan hukmronlik qilishga qodir emasligini koʻrsatib berdi. Xalq reaksiyasiga amal qilib, o‘zining eng yaqin leytenantlarini ishdan bo‘shatdi yoki qatl qildi. 819-yilda shaxsan Bag‘dodga qaytib, davlatni tiklashdek murakkab vazifani amalga oshira boshladi.
Butun mojaro va undan keyingi davrda Abu Isʼhoq Bag‘dodda boʻldi. Tabariy 816-yilda Abu Isʼhoq koʻplab lashkar va amaldorlar hamrohligidagi Haj ziyoratiga rahbarlik qilgani, ular orasida Yaman hokimligiga endigina tayinlangan va u yerga ketayotgan Hamdavayh ibn Ali ibn Iso ibn Mahon ham boʻlganini qayd etgan. Makkada boʻlganida uning qoʻshinlari ziyoratchilar karvonlariga hujum qilgan Alilar tarafdori rahbarini magʻlub etib, asirga oldilar. Muʼtasim keyingi yili ham haj ziyoratiga rahbarlik qilgan, ammo batafsil tafsilotlar maʼlum emas. Koʻrinib turibdiki, bu davrda Abu Isʼhoq Maʼmun va uning Iroqdagi noibi Hasan ibn Sahlga sodiq boʻlgan. Biroq, 817—819-yillarda Ibrohimning Maʼmunga qarshi harakatlarida sulolaning koʻplab aʼzolari va Bagʻdod abnosi kabi Muʼtasim ham amakisini qoʻllab-quvvatlagan.
Turk gvardiyasining shakllanishi
tax. 814/5-yildan Abu Isʼhoq turk qoʻshinlaridan iborat korpus tuza boshladi. Korpusning dastlabki aʼzolari Bagʻdoddan sotib olingan uy qullari edi (taniqli general Itax asli oshpaz edi). Ularga urush sanʼati oʻrgatilgan. Tez orada korpus mahalliy Somoniy hukmdorlari bilan tuzilgan kelishuv asosida bevosita Oʻrta Osiyodagi musulmon dunyosining chekkalaridan yuborilgan turk qullari bilan toʻldirilgan. Ushbu shaxsiy qoʻshin kichik edi. Muʼtasim taxtga oʻtirgan vaqtda qoʻshinning umumiy soni uch-toʻrt ming orasida boʻlgan edi. Shunday boʻlsa-da, qoʻshinda yuqori tayyorgarlik va intizom mavjud edi. Ushbu qoʻshin Abu Isʼhoqni oʻziga xos qudratli odamga aylantirib, Maʼmun koʻproq yordam soʻrab ushbu qoʻshinga murojaat qila boshladi.
Uzoq davom etgan fuqarolar urushi ilk Abbosiylar davlatining ijtimoiy va siyosiy tuzumini buzdi. Ilk Abbosiylar davlatining asosiy siyosiy va harbiy ustuni boʻlgan abnaʼ al-davla fuqarolar urushi tufayli ancha zaiflashgan edi. Musulmonlar istilosi davridan buyon viloyatlarda abno bilan bir qatorda eski arab oilalari ham joylashgan edilar. Keng miqyosdagi Abbosiylar sulolasi aʼzolari anʼanaviy elitaning oʻzagini tashkil etib, asosan Aminni qoʻllab-quvvatladilar. Maʼmun hukmronligining qolgan davrida ular maʼmuriy va harbiy boshqaruvdagi oʻz mavqelarini va ular bilan birga oʻz taʼsiri va kuchini ham yoʻqotdilar. Bundan tashqari, xalifalikning sharqiy qismida va Iroqda fuqarolar urushi davom etar ekan, gʻarbiy viloyatlar bir qator qoʻzgʻolonlar matijasida Bagʻdod nazoratidan chiqib ketishdi. Natijada mahalliy kuchlar turli darajadagi muxtoriyatlar daʼvosi bilan chiqishdi yoki hatto xalifalikdan butunlay ajralib chiqishga harakat qilishdi. Garchi eski elitani agʻdargan boʻlsa-da, Maʼmunda yirik va sodiq kuch va armiya mavjud emas edi. Shuning uchun oʻz harbiy xizmatchilariga qoʻmondonlik qilayotgan „yangi odamlar“ga murojaat qildi. Bular Abdulloh ibn Tohir boshchiligidagi Tohiriylar va Maʼmunning ukasi Abu Isʼhoqlar edi. Abu Isʼhoqning turk korpusi Maʼmun uchun siyosiy jihatdan foydali boʻlib, ushbu qoʻshin fuqarolar urushida uni qoʻllab-quvvatlagan Tohiriylar kabi asosan sharqiy Eron rahbarlariga qaramlikni kamaytirishga harakat qilgan va yangi rejim davrida yuqori lavozimlarni egallagan. Ularning taʼsirini muvozanatlash uchun Maʼmun ukasi va uning turk korpusini rasman tan oldi. Xuddi shu sababdan Mashriqdagi (Levant va Iroq mintaqasi) arab qabilaviy yigʻimlarini oʻgʻli Abbos qoʻliga topshirdi.
„Turk qul askarlar“ning tabiati va oziga xosligi manbalarda taʼkidlangaidek, bahsli mavzudir. Askarlarning etnik belgisi va qullik maqomi ham bahsli. Korpusning asosiy qismi urushda asirga olingan yoki qul sifatida sotib olinganligi aniq boʻlsa-da, arab tarixiy manbalarida ular mutlaqo qullar (mamluk yoki obid) deb atalmagan. Aksincha mavoli (mijozlar yoki ozod qilinganlar) yoki gʻilmon deb atalgan. Bu esa ularning ozod qilinib, xizmat qilishlari ish haqi toʻlash bilan mustahkamlanganini bildiradi. Korpus aʼzolari umumiy maʼnoda oddiygina „turklar“, atrak deb atalsa-da, manbalarda koʻzga koʻringan ilk aʼzolar turklar ham, qullar ham emas, balki Oʻrta Osiyodan kelgan Osrushana shahzodasi Afshin kabi Eron vassal shahzodalari, ularning ortidan kelgan mulozimlar (forscha chokar, arabcha shakiriyya) ekani qayd etilgan. Xuddi shunday, turk qoʻriqchilari harakatining shakllanishidagi motivlar va Abu Isʼhoqning yoshligidan kelib chiqqan holda, harakat tashkil etish uchun mavjud moliyaviy imkoniyatlar ham noaniq. Turklar Abu Isʼhoq bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, odatda shaxsiy harbiy xizmatchilari sifatida talqin qilinadi. Mazkur holat oʻsha davr islom olamida kam uchraydigan hodisa emas edi. Tarixchi Metyu Gordon taʼkidlaganidek, manbalarda turklarning asl askarlikka jalb etilishi Maʼmun davridan boshlangan yoki ragʻbatlantirilgan boʻlishi mumkinligi haqida baʼzi maʼlumotlar bor. Bu holat Maʼmunning Markaziy Osiyo shahzodalari va ularning harbiy mulozimlarini hukumat ishlariga yollash boʻyicha yuritilgan umumiy siyosatining bir qismi boʻlishi mumkin. Demak, qorovul dastlab Abu Isʼhoq tashabbusi bilan tuzilgan boʻlsa-da, Maʼmun xizmatiga oʻtish evaziga tezda xalifalik ruxsati va qoʻllovini olgan boʻlishi mumkin.
Maʼmun qoʻl ostidagi faoliyati
819-yilda Abu Isʼhoq turk soqchilari va boshqa sarkardalar hamrohligida Bagʻdod shimolidagi Buzurj-Sabur atrofida Mahdiy ibn Alvon al-Haruriy boshchiligidagi xorijiylar qoʻzgʻolonini bostirish uchun yuboriladi. 10-asr yilnomachisi Tabariy taqdim etgan hikoyaga koʻra, keyingi yillarda turkiy yetakchilardan biri boʻlgan Ashinas boʻlajak xalifaga hujum qilmoqchi boʻlgan xorijiy nayzalini toʻsib qolib, „Meni tani!“ (forscha „ashinas ma-ra“) maʼnosini anglatuvchi oʻz nisbasini olgan.
828-yilda Maʼmun Abu Ishoqni Xurosonga hokimlik qilish uchun ketgan Abdulloh ibn Tohirning oʻrniga Misr va Suriya hokimi etib tayinladi. Jazira va Vizantiya imperiyasi bilan chegara hududi (tugʻur) 828-yilda Abbos qoʻliga oʻtdi. Bu vaqtda Ibn Tohir Misrni xalifalik hokimiyati ostiga qaytarib, fuqarolar urushi gʻalayonidan keyin uni tinchlantirgan, ammo vaziyat oʻzgarmay qolgan edi. Abu Isʼhoqning Misrdagi noibi Umayr ibn Valid soliqlarni oshirmoqchi boʻlishi Nil deltasi va Havf hududlarida qoʻzgʻolon koʻtarilishiga sabab boʻldi. 830-yilda Umayr qoʻzgʻolonchilarni zoʻrlik bilan boʻysundirishga uringanda, pistirmaga tushib, koʻplab askarlari bilan birga oʻldiriladi. Hukumat qo'shinlari poytaxt Fustatda qamalda qolgach, Abu Isʼhoq oʻzining 4000 turk qoʻshini bilan vaziyatga shaxsan aralashdi. Qoʻzgʻolonchilar magʻlubiyatga uchratilib, qoʻzgʻolon rahbarlari qatl etildi.
830-yil iyul-sentyabr oylarida Maʼmun Vizantiyaning zaifligidan foydalanib hamda imperator Theophilos (h. 829–842) va Xurramiy Bobak isyonchilari oʻrtasidagi til biriktiruvdan xavfsirab, Vizantiya hududiga Abbosiylar fuqarolik urushidan keyingi birinchi keng koʻlamli bosqinni boshlab, bir nechta chegaradagi Vizantiya qalʼalarini talon-taroj qildi. Misrdan qaytgan Abu Isʼhoq 831-yilda Vizantiyaga qarshi yurishda Maʼmunga qoʻshildi. Teofilosning tinchlik taklifini rad etgandan soʻng Abbosiylar qoʻshini Kilikiya darvozasidan oʻtib, xalifa, xalifaning oʻgʻli Abbos va Abu Isʼhoq boshchiligidagi uch qismga boʻlindi. Abbosiylar Tyana shahri bilan birga bir nechta kichik qalʼalarni ham egallab, vayron qildilar. Abbos sentyabr oyida Suriyaga qaytishdan oldin Theophilos boshchiligidagi Vizantiya qoʻshiniga qarshi kichik toʻqnashuvda gʻalaba qozondi.
Abu Isʼhoq Misrni tark etganidan koʻp oʻtmay, qoʻzgʻolon yana avj oldi. Bu safar mamlakatdagi asl arab bosqinchilardan birining avlodi boʻlgan Ibn Ubaydus boshchiligidagi arab koʻchmanchilari va mahalliy nasroniy koptlarni qamrab oldi. Qoʻzgʻolonchilar Afshin boshchiligidagi turklar qoʻshini bilan toʻqnash keldi. Afshin tizimli harakat qilib, qator gʻalabalarni qoʻlga kiritdi va keng koʻlamli qatllarni amalga oshirdi. Koʻplab erkak qibtiylar qatl qilindi, ularning ayollari va bolalari qullikka sotildi. 640-yillarda Misrni musulmonlar bosib olganidan beri mamlakatni boshqarib kelgan eski arab elitalari amalda yoʻq qilindi. 832-yil boshida Maʼmun Misrga keldi. Qarshilikning soʻnggi bosqichlaridan koʻp oʻtmay, Nil deltasining qirgʻoq koptlari boʻysundirildi.
Oʻsha yil oxirida Maʼmun Vizantiya chegaralariga bostirib kirib, strategik ahamiyatga ega Loulon qalʼasini qoʻlga kiritdi. Bu muvaffaqiyat Abbosiylarning Kilikiya darvozalari ikkala chiqish qismi ustidan nazoratini mustahkamladi. Maʼmun bu gʻalabadan shunchalik ruhlandiki, Theophilosning tinchlik haqidagi yanada qulay takliflarini qayta-qayta rad etib, Konstantinopolning oʻzini qoʻlga kiritish niyatini ochiqchasiga eʼlon qildi. Shunday qilib, Abbos may oyida kimsasiz Tyana shahrini harbiy koloniyaga aylantirish va gʻarbga yurish uchun zamin tayyorlash topshirigʻi bilan joʻnatildi. Maʼmun iyul oyida yurishni boshladi, lekin toʻsatdan kasal boʻlib, 833-yil 7-avgustda vafot etdi.
Xalifalik davri
Maʼmun vorislik uchun hech qanday rasmiy shart-sharoitlar yaratmagan. Maʼmunning oʻgʻli Abbos hukmronlik yoshiga yetgan va Vizantiyaliklar bilan chegara urushlarida qoʻmondonlik tajribasiga ham ega boʻlsa-da, rasman merosxoʻr deb eʼlon qilinmagan. Tabariyning maʼlumotlariga koʻra, oʻlim toʻshagida yotgan Maʼmun oʻz oʻrniga Abbosni emas, balki ukasini nomzod qilish toʻgʻrisida maktub yozgan. Abu Isʼhoq Muʼtasim (toʻliq al-Muʼtasim billoh, „Xudodan panoh soʻragan“) nomi ostida 9-avgust kuni saltanat nomi bilan xalifa deb eʼtirof etilgan. Bu voqea haqiqatda sodir boʻlgan yoki maktub oʻylab topilganmi, buni bilib boʻlmaydi. Abu Isʼhoq oʻlim arafasida turgan akasi bilan yaqinligidan va Abbosning yoʻqligidan foydalanib, taxtga oʻtirdi. Keyingi barcha abbosiy xalifalar Abu Isʼhoq avlodlari bo‘lganligi sababli keyingi tarixchilar taxtga oʻtirishining qonuniyligini shubha ostiga olishni istashmagan. Shunday boʻlsa-da, Muʼtasimning mavqei ishonchli emasligi aniq. Qoʻshinning katta qismi Abbosni qoʻllab-quvvatlagan va askarlar delegatsiyasi hatto Abbosni yangi xalifa deb eʼlon qilishga urinishgan. Abbos zaifligidanmi yoki fuqarolar urushidan saqlanish istagidanmi, takliflardan voz kechib, amakisiga bay’at qilgach, askarlar Muʼtasimning vorisligiga rozi boʻlishgan. Shuningdek, Muʼtasimning zudlik bilan harbiy yurishni toʻxtatib, Tyana loyihasidan voz kechib, 20-sentyabrda qoʻshinlari bilan Bagʻdodga qaytib kelgani ham uning pozitsiyasi nochorligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yangi elita va boshqaruv
Muʼtasim taxtga chiqishi qanday boʻlishidan qatʼi nazar, bu jarayonda nafaqat kuchli shaxsiy va yetakchilik qobiliyati, balki asosan turk korpusi yordamida mustaqil harbiy hokimiyatni boshqargan yagona Abbosiy shahzodasi boʻlgani ham muhim rol oʻynagan edi. Eron qoʻshinlarini muvozanatlash uchun qabila arablari va turklardan foydalanishga uringan akasidan farqli oʻlaroq, Muʼtasim deyarli butunlay turklarga tayangan. Tarixchi Toyib El-Hibriy Muʼtasim rejimini „militaristik va turk korpusiga asoslangan“ deb taʼriflagan. Shunday qilib, Muʼtasimning xalifa boʻlishi Abbosiylar maʼmuriyati tabiatidagi tub oʻzgarishlarni va Abbosiylar inqilobi natijasida sulola hokimiyat tepasiga kelganidan beri Islom olami boshidan kechirgan eng chuqur oʻzgarishlarni yuzaga keltirdi. Ikkinchidan, ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishga intilayotgan ommaviy xalq harakati tomonidan qoʻllab-quvvatlangan boʻlsa-da, Muʼtasim inqilobi mohiyatan oʻz hokimiyatini taʼminlashni maqsad qilgan kichik hukmron elita loyihasi edi.
Izohlar
Manbalar
uz.wikipedia.org