Mustaqillik shoh koʻchasi (Toshkent)
Koordinatalari: 41°18′50″N 69°16′30″E / 41.31389°N 69.27500°E / 41.31389; 69.27500 G O
Mustaqillik shoh koʻchasi — Toshkentdagi Mirzo Ulugʻbek tumani markaziy koʻchalardan biri. Amir Temur xiyoboni va Buyuk Ipak yoʻli maydoni oraligʻida. Uzunligi 3,5 km atrofida.
Tarixi
XIX asrning 2-yarmida Toshkentning Yangi shahar qismida tashkil topgan. Toshkent Yangi shahar qismining eng birinchi yevropacha koʻchalaridan biri. Hozirgi Mustaqillik shoh koʻchasining Darxon arigʻi va Salor kanalini kesib oʻtgan joylarida 1865-yil 8-may kuni toshkentliklar hamda Qoʻqon xonligining Toshkentdagi qoʻshinlari bilan chor Rossiyasi askarlarining Mixail Chernyaev boshliq razvedka otryadi oʻrtasida dastlabki jang boʻlgan. Koʻcha XIX asr oxirlarida ruslarning shahar tashqarisidagi yozgi harbiy lagerlarga olib boradigan yoʻl oʻrnida vujudga kelgani uchun Lager prospekti deb nomlangan. 1899-yil rus shoiri Aleksandr Pushkin (1799-1837) tavalludining 100-yilligi munosabati bilan shoir nomi berilgan. 2008-yil 6-maydan Mustaqillik koʻchasi deb yuritiladi.
Koʻcha boʻylab 1903-yil birinchi koʻnka, 1913-yildan tramvay harakati yoʻlga qoʻyilgan. Oktyabr toʻntarishiga qadar Yangi shaharning obod koʻchalaridan biri hisoblanib, unda asosan, rus amapdorlari, zobitlari, savdogarlarining uylari joylashgan. Kaplanning dorixona magazini (1907-yil qurilgan; meʼmor G. M. Svarichevskiy; keyinchalik Ipoteka bank joylashgan) va boshqa qurilgan. 1920-yillarda koʻcha rekonstruksiya qilinib, ikki va bir qavatli alohida turar joy binolari paydo boʻlgan. 1938-yil sobiq shahar partiya komiteti binosi (meʼmorlar V. Volchek, S. Larionov), 1939-yil Toshkent konservatoriya binosi (meʼmorlar V. Brilevich, N. Goloshchanov, A. Sidorov; keyinchalik musiqa kasb-hunar kolleji joylashgan) qurilgan. Koʻcha Toshkent zilzilasidan keyin qayta rekonstruksiya qilindi.
Binolar
Yoʻnalishida „Amir Temur xiyoboni“, „Yunus Rajabiy“, „Hamid Olimjon“ va „Pushkin“ metro bekatlari, Pushkin xiyoboni, Mirzo Ulugʻbek tuman hokimligi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Dinamo jismoniy tarbiya va sport jamiyati, shahar poliklinikasi, banklar, dorixona, poliklinika, goʻzallik salonlari, savdo majmualari, „Da Vinchi“, „Stambul“, „Gruziya“, „Darxon“ restoranlari, „Nur“ toʻyxonasi, „Oʻzbekiston“ mehmonxonasi, firma va kompaniya ofislari, koʻp qavatli turar joy va maʼmuriy binolar, turli servis xizmat koʻrsatish maskanlari joylashgan.
Mustaqillik yillari koʻcha yoʻnalishida keng qamrovli rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Yoʻnalishida Shahrisabz, Abdulla Qodiriy va Yahyo Gʻulomov koʻchalarini hamda Salor kanalini kesib oʻtadi. Parkent, Oqqoʻrgʻon, Asaka, Tamaraxonim koʻchalari bilan tutashgan. Yaqinida Oloy bozori, Mirzo Ulugʻbek nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi, shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, „Le Grand plaza“ mehmonxonasi, Yaponiya, Birlashgan Qirollik, Jazoir, Latviya davlatlarining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonalari joylashgan.
Galereya
Yana qarang
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org