Muslihiddin Muhiddinov




Muslihiddin Qutbiddinovich Muhiddinov (1945-yil 5-may, Urgut tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbek olimi, adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori (1995), professor.

Tarjimayi holi



Muslihiddin Muhiddinov 1945-yil 5-mayda Urgut tumanida tavallud topgan. Muslihiddin Muhiddinov Urgut tumandagi mashhur eshonlar „Eshoni Urgutiylar“ avlodidan. Ajdodlari Naqshbandiya tariqatining yirik namoyandalari boʻlishgan. Bobokaloni Valixon Urgutiy (1842–1915) oʻz davrida „qutb uz-zamon“ deb tanilgan. Madrasa tashkil qilib, unda talabalarga dars bergan. 1915-yilda vafot etganidan keyin uning shu faoliyatini oʻgʻli Muhiddinxon (1875–1931), undan soʻng esa otasi Qutbiddinxon (1906–1983) davom ettirgan. 1914-yilda bobosi shayx Muhiddinxon tomonidan Chorchinor madrasasi bunyod etilgan.

Muslihiddin Muhiddinov 1967-yilda Qarshi davlat pedagogika institutining oʻzbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. 1967–1968-yillarda Samarqand davlat pedagogika instituti oʻzbek adabiyoti kafedrasi oʻqituvchisi, 1968–1971-yillari Toshkent davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti aspiranti, 1971–1983-yillarda Samarqand davlat pedagogika instituti oʻzbek adabiyoti kafedrasi oʻqituvchisi, katta oʻqituvchi, dotsent, kafedra mudiri, 1983–1985-yillari ushbu institutning oʻquv-tarbiyaviy ishlar boʻyicha prorektori, sirtqi va kechki boʻlim prorektori, 1985-1992-yillarda mazkur oliy taʼlim muassasasining oʻzbek adabiyoti kafedrasi dotsenti, professor vazifasini bajaruvchi, 1992–1998-yillari Samarqand davlat universiteti oʻzbek mumtoz adabiyoti kafedrasi professori, 1998–2011 yillarda ushbu universitetning maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha prorektori hamda „Samarqand universiteti“ gazetasi muharriri, 2003–2004-yillari rektor vazifasini bajaruvchi, 2011–2015-yillarda universitetning oʻzbek adabiyoti tarixi kafedrasi, 2015–2017-yillari oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi profesori lavozimida faoliyat olib borgan. 2017-yildan ushbu universitetning mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi professori.

Oilasi



Oilali, 6 nafar farzandi, 4 oʻgʻil, 2 qizi bor. Rafiqasi Sayima Muhiddinova.

Ilmiy faoliyati



Muslihiddin Muhiddinov 1972-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi Gʻulom Karimov ilmiy rahbarligida „Oʻzbek klassik adabiyotida „Bahrom va Dilorom“ hamda „Bahrom va Gulandom“ siklidagi dostonlar („Oʻzbek klassik adabiyotida „Bahrom Goʻr“ syujetining evolyutsiyasi“)“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 1995-yilda akademik Botirxon Valixoʻjayev ilmiy maslahatchiligida „Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida inson konsepsiyasi („Xamsa“larning birinchi dostonlari asosida)“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 12 ta monografiya, 18 ta oʻquv, uslubiy qoʻllanma, 300 dan ziyod ilmiy-nazariy maqolalar, „Talqinlarda olamcha ma’no“, „Adabiy an’ana va ijodiy oʻziga xoslik“, „Alisher Navoiy ijodida ma’naviy pok inson talqini“, „Komil inson — adabiyot ideali“, „Nurli qalblar gulshani“, „Ikki olam yogʻdusi“, „Barhayot anʼanalar“, „Navobaxsh hikmatlar“, „Oʻzbek klassik adabiyotida gumanizm masalalari“, „Koʻngil hayratlari“, „Fors-tojik shoirlari ijodida komil inson talqini“, „Zoti bobarakot (Shayx Qutbiddinxon Urgutiy)“ kitoblari muallifi. 2017-yildan Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017. Fil.02.03-raqamli ilmiy kengash raisi.

Mukofotlari



2006-yilda „Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil“, 2011-yilda „Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil“, 2016-yilda „Oʻzbekiston mustaqilligiga 25 yil“, 2017-yilda „Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil“ esdalik nishonlari, 2016-yil 25-avgustda „Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi“ faxriy unvoni, 2020-yil 27-avgustda „El-yurt hurmati“ ordeni bilan taqdirlangan.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz