Mushkulkushod




Mushkulkushod, Bibi Mushkulkushod  — oʻzbek xalqi hayotida uzoq davrlardan buyon yashab keladigan odatlardan biri. Bu odat oʻzbek xalqi orasida Bibi Seshanba, Bibi Fotima kabi nomlar bilan ham mashhur. Bibi Fotima Muhammad (s.a.v) ning qizlari nomi bilan bogʻliqligiga ishonilsa-da, «Bibi Mushkulkushod» degan nomli qissa shariatimizda yoʻq narsa, mumkin emas narsa. Mushkulni kushod qiluvchi ya’niki, bandaning boshiga tushgan ogʻirlikni yengil qiluvchi, mushkul ishlarni kushoyish aylovchi zot Alloh taoloning oʻzi. Bibi Mushkulkushod degan bir shaxs odamlarning mushkulini kushod qiladigan, ogʻirini yengil qiladigan, qaygʻusini ketkazadigan, boshiga tushgan musibatni yoʻq qiladigan boʻlishi mumkin emas.Bibi Mushkulkushod va Bibi Seshanbalar esa musulmon xotin-qizlar tasavvurida kishilarning mushkulini oson qiladigan avliyo xotinlar sanalgan. Qadimdan otinoyilar, „koʻzi ochiq“ ayollar mushkulkushod marosimini oʻtkazganlar. Boshiga mushkul tushgan ayol (oilada biror falokat, bemorlik boʻlsa) mahallaning otinoyisiga ikkita issiq non, ikki hovuch qora mayiz, ikkita pilta (paxta) chiroq, bir tanga keltirib shu oila himoyasiga Bibi Mushkulkushoddan madad soʻrab tilovat oʻqittirilgan. Bu marosim har chorshanba kuni oʻtkazilgan. Chunki afsonaga koʻra, Hazrat Bahouddin Naqshbandning xolalari oʻrogʻini yoʻqotgan oʻtinchiga yordam berib har chorshanba kunlari bu ilohiy ayolni eslab, is-chiroq qilishi lozimligini tayinlagan. Shundan buyon Bibi Mushkulkushod ruhiga bagʻishlangan marosim faqat Chorshanba kunlari oʻtkazilib kelingan. =

Bibi Seshanba esa oila baxtining himoyachisi sanalgan. Bibi Seshanba marosimi ham ayollarning diniy urf-odati boʻlib, seshanba kunlari oʻtkazilgan. Qur’onning maʼlum suralari yodlanib, amr-u maʼruf, diniy qonun qoidalar, hadislar oʻqilgan eslatilgan. Bibi Seshanba odatida Mushkulkushodga nisbatan koʻpchilikni tashkil etgan. Bibi Seshanbalarda paygʻambar alayhissalomning qizlari Bibi Fotima hayotidan turli rivoyat-u hikoyatlar, ibratli voqea-hodisalar hikoya qilib berilgan. Shunday rivoyatlarning birida aytilishicha, Bibi Fotima shunchalik mehribon, saxovatli va koʻngilchan boʻlgan ekanlarki, hatto supra yoyib, non qilishga oʻtirganlarida to xamir qorib non yopgunlaricha suprani turli qushlar, kabutarlar oʻrab olib, unni choʻqishib, isteʼmol qilisharkan. Bibi Fotima ularning bu yoqimli mashgʻulotiga xalaqit bermas ekanlar. Bir gal tagʻin shu mashgʻulot bilan ovora boʻlganlarida otalari Muhammad alayhissalom shoshiltirib ummatlari uchun tezroq non yopishlarini talab qilib qolibdilar. Bibi Fotima qush-u kabutarlarni supra ustidan nechogʻlik haydamasinlar, ular nari siljishmasmish. Shunda Bibi Fotima qoʻllaridagi xamir chakichi bilan bir qushning koʻkragiga sekin turtibdilar. Bu Bibi Fotimaning sevimli parrandalari — beozor musicha boʻlib, shundan bu qushning koʻkragida chakich oʻrni bir toʻp xol boʻlib qolgan ekan… Shu sababdan boʻlsa kerak, baʼzi joylarda musichani Bibi Fotima deb ham atashadi. Bibi Mushkulkushod, Bibi Seshanba odatlari ayollar diniy marosimi sifatida xayr-sadaqa, xudoyi odatlariga yaqin boʻlib, islom dini aqidalaridan biri sifatida yashab kelayotir.

Manbalar




 

uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz