MuseScore
MuseScore (talaffuzi: MyuzSkor) — nota tahrirlovchi. Dastur Microsoft Windows, Mac OS X va Linux operatsion sistemalarida ishlaydi. MuseScore ochiq manbali dasturdir.
Tarixi
MuseScore boshida MusE dasturiga qoʻshimcha sifatida tayyorlangan. Oʻsha paytda MusEda nota tahrir qilish mumkin edi. 2002-yil MusEni ishlab chiqqanlarning biri boʻlmish Werner Schweer MusEdagi nota tahrirlash funksiyasini olib tashladi va alohida nota tahrirlovchi dastur tayyorladi. Oʻsha paytdan beri MuseScore alohida dastur sifatida faol yangilanib kelyapti.
www.musescore.org sayti ilk bor 2008-yil ishga tushdi. Oʻsha yili dasturni koʻchirib olishlar soni keskin oʻsa boshladi. 2008-yil dekabriga kelib dasturni saqlab olishlar soni oyiga 15 000 martagacha yetdi.
Versiya 0.9.5 2009-yil avgustda eʼlon qilindi. Bu versiya kundalik ravishda ishlatish uchun yetarli darajada barqaror edi va uni Mac OS Xda ham ishlatish mumkin edi. 2009-yil oktabrga kelib MuseScoreni kuniga 1 000 martadan oshiq koʻchira boshlashdi. 2010-yil yakunida boʻlsa koʻchirib olishlar soni uch barobarga oshdi. 2013-yil oxirida loyiha SourceForgedan GitHubga koʻchib oʻtdi. Oʻsha paytdan beri dastur necha marta koʻchirib olingani haqida ommaviy maʼlumot yoʻq. Shunday boʻlsa-da, 2015-yilning mart oyida MuseScore tarqatgan pres-relizda dastur 8 million martadan oshiq marta koʻchirib olingani aytildi.
MuseScore 1.0 2011-yil fevral oyida chiqarildi. Oxirgi versiya boʻlmish 2.0.2 2015-yil iyul oyida chiqarilgan.
Versiyalar tarixi
MuseScore versiyalari muayyan bir reja boʻyicha chiqmaydi. Yangi versiyalar tayyor boʻlganida eʼlon qilinadi.
Asosiy relizdan oldingi versiyalar MuseScore1 MuseScore 2 Xususiyatlari
MuseScorening asosiy vazifasi turli musiqa partituralarini yaratishni, tahrirlashni va bosmadan chiqarishni „nimani koʻrayotgan boʻlsang oʻshani olasan“ (inglizcha: What You See Is What You Get) muhitda amalga oshirishdir. Dastur deyarli barcha nota yozuvi turlarini qoʻllaydi va yuqori sifatli nota varaqalarini eksport qiladi yoki bosmadan chiqaradi. MuseScorening notalash uslubi mavjud standartlarga mos keladi.
Dasturda yozilgan notalarni oʻrnatilgan sintezator va misol kutubxona yordamida eshitib koʻrish mumkin. SoundFont formatidagi boshqa sodda kutubxonalarni qoʻllanuvchi mustaqil ravishda oʻrnatishi mumkin. Musiqa asarini eshitayotganda xorus va reverberatsiya effektlaridan ham foydalanish mumkin.
MuseScore yordamida qismlarni eksport qilish, MIDI fayllarni import qilish, istagancha nota qatorini qoʻshish, zarb bilan chalinadigan asboblar notalarini yozish, avtomatik ravishda asar kalitini oʻzgartirish, va qoʻshiq matnini qoʻshish mumkin. Dastur funksiyalarini mavjud qoʻshimcha ulash sistemasi yordamida yanada kengaytirish mumkin.
Ishlatish mumkin boʻlgan fayl formatlari
MuseScore MusicXML, MIDI, Band-in-a-Box, Guitar Pro, capella (cap3 formatida, CapXML formatida emas) va Overture formatlaridagi va oʻzining MuseScore hamda Compressed MuseScore formatidagi fayllarni import qila oladi. Dastur MusicXML hamda MIDI fayl formatlariga eksport qila oladi. Tovushni WAV, FLAC, MP3 va OGG fayl formatlariga eksport qilish mumkin. Nota yozuvlarini boʻlsa PDF, SVG, PNG va PostScript formatlariga eskport qilish yoki toʻgʻridan-toʻgʻri chop etish mumkin.
MuseScore Sibelius va Finale fayl formatlarini import qila olmasa-da, dasturning MusicXML formatini qoʻllashi mazkur dasturlar orasida fayl almashishni osonlashtiradi.
Onlayn chop etish
MuseScore Connect funksiyasi musiqachilarga oʻzlarining asarlarini musescore.com saytida onlayn chop etish va boʻlishish imkonini beradi. Pul toʻlovchi obunalar shu funksiya yordamida cheksiz asar bilan boʻlishishlari mumkin. Bepul hisob ham ochish mumkin, ammo bunday hisob egalari beshtagacha partitura yuklay oladilar xolos.
Musescore.com saytini HTML5 audio tegini qoʻllovchi har qanday brauzerda ochib, partituralarni tinglab koʻrish mumkin. Partiturani yana foydalanuvchi notadagi asar ijrosini koʻrishi uchun mos keladigan onlayn videoga ulash mumkin.
Mobil versiya
2014-yilning may oyidan beri dasturning iOS va Android uchun versiyalari chiqarib kelinadi. Bu versiyalar MuseScorening nota boʻlishish saytiga bogʻlangandir. Oʻrganish jarayonini osonlashtirish uchun mobil versiyaga partituralarni eshitish, tempni oʻzgartirish, asar kalitini oʻzgartirish, qismlarni aralashtirish funksiyalari qoʻshilgan.
Portativ versiya
MuseScore yana portativ moslamalarda ham ishlaydi. Dasturni turli kompyuter sistemalarida ishlata olish uchun uni CD, USB flesh drayv, flesh karta yoki floppi diskda saqlash mumkin.
Tayyorlanishi
MuseScore erkin va ochiq kodli dastur boʻlib, asosan C++ tilida yoziladi. Dasturni tayyorlash GitHubda amalga oshadi. Werner Schweer, Nicolas Froment va Thomas Bonte loyihaning yetakchi tuzuvchilaridir. Bundan tashqari, keng omma ham dasturni ishlab chiqishda ishtirok etadi. MuseScore ham 32-bit, ham 64-bit platformalarda ishlaydi. Dasturning grafik foydalanuvchi interfeysi (inglizcha: Graphical user interface, GUI) Qt asbobi yordamida ishlaydi.
Qoʻllanilishi
MuseScorening kuniga juda koʻp marta koʻchirib olinishi uning foydalanuvchilar tomonidan keng qoʻllanilayotganidan darakdir. Bir necha Linux tarqatuvchilar MuseScoreni Ubuntu Software Center kabi dastur kutubxonalariga qoʻshishadi. Dastur yana Windows uchun bepul dasturlarni oʻziga jamlagan VALO-CD toʻplamiga ham qoʻshilgan edi.
Bir necha taʼlim mahkamalari, jumladan, Dryu va Ionia universitetlari MuseScoredan foydalanishadi. Kanadaning Quebec shahrida joylashgan Milles-îles regionidagi 10 000 dan oshiq taʼlim mahkamalari kompyuterlariga MuseScore oʻrnatilgan.
MuseScore va „Goldberg variatsiyalari“
2011-yilda Johann Sebastian Bachning „Goldberg variatsiyalari“ asarining yuqori sifatli bosma va audio versiyalarini chiqarish uchun loyiha tashkil etildi. Loyiha MuseScorening yanada takomillashishiga olib keldi. Xususan, yuqori sifatli variatsiya uchun kerak boʻladigan qoʻshimcha funksiyalar qoʻshildi. Yangi funksiyalar dasturning 2.0 versiyasiga qoʻshildi.
Loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun Kickstarter kampaniyasi tashkil etilib, yetarlicha mablagʻ toʻplandi. MuseScore tuzuvchilari va musiqachi Kimiko Ishizaka birgalikda asarning bosma notasini va audio yozuvini tayyorlashdi. Yakuniy partitura butunlay MuseScoreda yozildi. Uni bepul koʻchirib olish mumkin.
2013-yil koʻzi ojizlar notalardan kengroq foydalana olishiga imkon yaratish uchun Bachning „Well-Tempered Clavier“ asarining Brayl yozuvidagi versiyasini chiqarish uchun loyiha ishga tushdi. Hozirgi kunda „Goldberg variatsiyalari“ asarlarining Brayl notalarini bepul koʻchirib olish mumkin.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org