Murat shayx maqbarasi
Murat shayx maqbarasi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qoraoʻzak tumaniga qarashli „Madaniyat“ ovulida joylashgan tarixiy yodgorlik. Maqbara XVIII hamda XIX asrlarga oid boʻlib, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Hozirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi. Shuningdek, Murat shayx bobo maqbarasi boshqa 98 ta manzil qatori Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Qoraqalpogʻistonning diqqatga sazovor joylari roʻyxatiga ham kiritilgan.
Qurilish tarixi
Asl ismi Azizbobo Xoja ibn Ishim Sultan Muxammed Baxadurxan (1675—1748) boʻlgan Murat shayx qoraqalpoqlarning maʼnaviy hayotida muhim oʻrin tutgan shaxslardan biridir. Umrining soʻnggi yillarida Murat shayx Sirdaryo boʻyida joylashgan Seren qalʼa atroflariga koʻchib keladi. Biroq, tez orada bu yerlarni suv bosishi xavfi tugʻilganligi sababli yashash manzilini oʻzgartirishga majbur boʻladi. Bu vaqtda shayxning oʻzi toʻsatdan vafot etadi. Taxminan 1700-yillarda shayxning mayyiti solingan tobut ortilgan oq tuya yoʻlda ketayotib birinchi boʻlib hozirgi Qoraoʻzak tumaniga qarashli „Madaniyat“ ovuli hududidagi baland qum tepasida choʻkkalaydi. Shayx tuya choʻkkalagan yerga dafn etilgan.
Shuningdek, Munis Xorazmiyning (1778—1829) asarlarida Murat shayx qabri yoniga 1810-yili Xiva xonining toʻxtab oʻtgani va uni ziyorat qilganligi haqida maʼlumotni uchratish mumkin.
Yana qarang
Sulton Uvays bobo maqbarasi
Shibliy ota maqbarasi
Toqmaq ota maqbarasi
Shamun-Nabi maqbarasi
Tugʻon Turk maqbarasi
Kechirmas bobo maqbarasi
Manbalar
uz.wikipedia.org