Muhayyoxon Hamidova
Muhayyoxon Obidovna Hamidova (1972-yil 1-dekabr, Uychi tumani, Namangan viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olima, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Biografiyasi
Muhayyoxon Hamidova 1972-yil 1-dekabrda Uychi tumani Yorkatay qishlogʻida ziyoli oilasida tugʻilgan. 1989-yilda Namangan davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetiga oʻqishga kirib, 1994-yilda tamomladi. 1994-yil 2-sentyabrdan Namangan davlat universitetining oʻzbek adabiyoti kafedrasiga oʻqituvchi, 1996-yilning 2-sentyabrdan Namangan davlat universitetining oʻzbek adabiyoti kafedrasining stajyor-tadqiqotchi oʻqituvchisi sifatida ilmiy faoliyatini boshladi. 1999—2001-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining adabiy aloqalar va tarjima nazariyasi boʻlimi kichik ilmiy xodimi, 2001—2020-yillarda Namangan davlat universitetida turli lavozimlarda ishlab keldi (boshlangʻich taʼlim metodikasi kafedrasi oʻqituvchisi, mazkur kafedraning katta oʻqituvchisi, mazkur kafedraning dotsent vazifasini bajaruvchisi, dotsent, kafedra mudiri, dotsent, kafedra mudiri, dotsent, boshlangʻich taʼlimda ijtimoiy fanlarni oʻqitish metodikasi kafedrasi professor vazifasini bajaruvchisi). 2021-yil 2-oktyabrdan Namangan davlat universitetining boshlangʻich taʼlimda ijtimoiy fanlarni oʻqitish metodikasi kafedrasi professor vazifasini bajaruvchisi lavozimida ishlab kelmoqda.
Ilmiy faoliyati
1996—1999-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti qoshidagi aspiranturasida oʻqidi va „Hozirgi oʻzbek adabiyotida milliy qahramon muammosi (Shukur Xolmirzayev ijodi misolida)“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 2006-yilda dotsent ilmiy unvonini oldi. „Ona tili va bolalar adabiyoti“, „Ona tili“, „Oʻqituvchi nutqi madaniyati“, „Ona tili nazariyasi va amaliyoti“, „Boshlangʻich taʼlimda bolalar adabiyoti“, „Boshlangʻich taʼlim fanlari nazariyasi“, „Notiqlik sanʼati“ kabi fanlardan maʼruza hamda amaliy mashgʻulotlarni olib borish bilan birga, fakultetda ijodkor talabalar uchun tashkil etilgan „Ilhom chashmalari“ toʻgaragi rahbari sifatida ham faoliyat olib bormoqda. Ushbu toʻgarak aʼzolarining „Bunchalar shirinsan hayot“, „Ikki yoʻl“, „Baxt sururi“, „Onamdayin boʻlolmas hech kim“, „Qidir meni orzularingdan…“, „Chashma“ kabi sheʼriy toʻplamlari matbuotda chop ettirildi. 80 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. „Ona tili va bolalar adabiyoti“, „Boshlangʻich taʼlimda bolalar adabiyoti“, „Ona tili nazariyasi va bolalar adabiyoti“ nomli darsliklari, „Bolalar adabiyoti fanini oʻqitishda badiiy obraz tahliliga oʻrgatish“, „Ona tili va bolalar adabiyoti“, „Notiqlik sanʼati“, „Boshlangʻich taʼlim fanlari nazariyasi“ nomli oʻquv qoʻllanmalari, „Munaqqid saodati (filologiya fanlari doktori, akademik Baxtiyor Nazarov hayotiga chizgilar)“, „Boshlangʻich sinf oʻqituvchilarini tayyorlash maskani“ nomli risolalari, „Hozirgi oʻzbek adabiyotida milliy qahramon muammosi (Shukur Xolmirzayev ijodi misolida)“, „Oʻtkir Hoshimov nasrining badiiy-uslubiy oʻziga xosligi“, „Sinfdan tashqari oʻqish darslarida Shukur Xolmirzayev ijodini oʻrganish“, „Shukur Xolmirzayev nasrining badiiy-uslubiy oʻziga xosligi“ nomli monografiyalari, „Bolalar adabiyoti va folklor“, „Ona tilidan mashqlar toʻplami“, „Oʻqituvchi nutqi madaniyati“, „Jahon bolalar adabiyoti“, „Taʼlim-tarbiya jarayonida oʻquvchilarga milliy qadriyatlarni singdirish“, „Boshlangʻich sinflarda Poʻlat Moʻmin va hayoti va ijodini oʻrganish“, „Boshlangʻich sinf oʻqish darslarida yozuvchi shaxsini oʻrgatishda modulli taʼlim texnologiyasidan foydalanish“, „Ona tili fanidan mashqlar toʻplami“, „Boshlangʻich sinflarda ona tili fanidan oʻquv materiallarini loyihalash“ nomli uslubiy qoʻllanmalari, „Bitiruv malakaviy ishlarni bajarish va himoya qilish“, „Iqtidorli talabalar faoliyatini tashkil etish va nazorat qilish boʻyicha uslubiy koʻrsatma“, „Xudoyberdi Toʻxtaboyev ijodi“, „Sulton Joʻra va Hakim Nazir ijodi“, „Ona tili fanidan mavzuli test topshiriqlari toʻplami“ nomli uslubiy koʻrsatmalarini chop ettirdi.
Manbalar
uz.wikipedia.org