Muhammad Sharif (Buxoro amirligi)
Muhammad Sharif (1837-yil, Buxoro — 1888-yil, Buxoro, Buxoro amirligi) — Buxoro amirligining harbiy va davlat arbobi, diplomat, devonbegi, bosh zakotchisi (moliya vaziri). Muhammad Sharif amir Said Abdulahadxonning eng yaqin maslahatchisi boʻlib, inoq mansabiga ega boʻlgan. Butun mamlakat va amirning oʻzi inoqni otasi Muhammadbiydan soʻng Buxoro amirligi qoʻshbegisi lavozimining boʻlajak vorisi deb hisoblashgan.
Tarjimayi holi
Muhammad Sharif 1837-yil Buxoroda tavallud topgan. Otasi Muhammadbiy amir Muzaffarning eng ishonchli kishilaridan biri boʻlib, quldan to Buxoro amirligi hukumati rahbari darajasiga koʻtarilib, Buxoro amirligi qoʻshbegisi lavozimini egallagan.
Inoq amir Muzaffar davrida Buxoroning bosh zakotchisi va shahar hokimi vazifasida faoliyat yuritgan.
Buxoroda Rossiya imperiyasining siyosiy agentligi ochilgandan soʻng Muhammad Sharif bosh zakotchilikdan tashqari, Buxoro amirligi hukumati bilan siyosiy agentlik oʻrtasidagi aloqalarga mas’ul vakil hisoblangan.
1888-yil 21-mart ertalab soat 8 da Muhammad Sharif ikki xizmatkori bilan Karmana amlokdori, kelib chiqishi afgʻon boʻlgan Gʻoyib Nazar uyiga tashrif buyuradi. Mexmonxonada inoq amlokdorga nojoʻya xatti-harakatlari uchun mol-mulki musodara qilinganligi haqida amirning farmonini hamda amir tomonidan shafqat qilinganligini eʼlon qiladi, amlokdor inoqning soʻzlarini tinglab boʻlgandan soʻng, inoqni „it, shia, sotqin“ deya toʻpponcha (revolver) dan ikki marta oʻq uzib, yaralaydi. Natijada inoq yarador holida Buxoroga olib kelinadi.
22-mart kuni ertalab soat 6 da inoqga oʻsha vaqtda Buxoroga xizmat safari bilan kelgan Kaspiyorti temir yoʻli quruvchisi, general-leytenant Mixail Annenkov joʻnatgan shifokor Oskar Geyfelder tomonidan koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etadi. Inoqning vafotidan xabar topgan amir Muhammadbiyga hamdarlik nomasi yuborib, inoqni hech qachon xizmatkor sifatida emas, balki oʻzining akasi oʻrnida koʻrganini taʼkidlaydi. Amirning buyrugʻiga koʻra, qotilni jazolash inoqning qarindoshlariga beriladi. Qotil ot dumiga bogʻlanib, shahar koʻchalari boʻylab odamlar koʻz oʻngida aylantirilgan. Undan soʻng esa qoʻl-oyoqlarini sindirilib, itlarga yem qilish uchun shahar tashqarisiga chiqarib tashlanadi.
Inoqning oʻgʻillari Ostonaqulbiy, Haydarqulbiy, Latifbeklar ham amirlikda turli lavozimlarda faoliyat yuritishgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org