Muhammad Kabir Bahodirxonov
Muhammad Kabir Sayidxonovich (Sayidxon oʻgʻli) Bahodirxonov (1941-yil 17-avgust, Gʻulja shahri, XXR — 2021-yil 19-avgust, Toshkent, Oʻzbekiston) — oʻzbekistonlik fizik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzosi, akademik (2017), fizika-matematika fanlari doktori (1982), professor.
Biografiyasi
Muhammad Kabir Bahodirxonov 1941-yil 17-avgustda Gʻulja shahrida tugʻilgan. 1959-yilda Toshkent davlat universiteti fizika fakultetiga oʻqishga kirib, 1965-yilda yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi mutaxassisligi boʻyicha tamomlaydi. 1971—1985-yillari Toshkent davlat universiteti „Yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi“ kafedrasi mudiri, 1985—1991-yillari Toshkent politexnika instituti „Fizikaviy elektronika“ kafedrasi mudiri, 1991—1992-yillari Toshkent davlat texnika universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, 1996—2003-yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, 2004—2012-yillari Toshkent davlat texnika universiteti „Elektronika va mikroelektronika“ kafedrasi mudiri, 2012—2021-yillarda Toshkent davlat texnika universitetining „Raqamli elektronika va mikroelektronika“ kafedrasi professori boʻlib faoliyat yuritgan.
Oilasi
Muhammad Kabir Bahodirxonovning uch oʻgʻil va bir qizi bor.
Vafoti
Muhammad Kabir Bahodirxonov 2021-yil 19-avgustda Toshkent shahrida 80 yoshida vafot etgan.
Ilmiy faoliyati
1965-yilda Rossiya Fanlar akademiyasi Abram Fyodorovich Ioffe nomidagi fizika-texnika instituti aspiranturasiga oʻqishga kiradi. Olim Boris Iosifovich Boltaks ilmiy rahbarligida yarimo‘tkazgichlar fizikasi boʻyicha nomzodlik ishini 1971-yilda himoya qilib, fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini, 1982-yili esa doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasini oladi. 2017-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi. Olim „Yarimo‘tkazgich materiallarda diffuzion jarayonlar“, „Kirishma atomlar bilan kompensatsiyalangan kremniy materialining elektrofizik, fotoelektrik, optik va galvanomagnit xususiyatlarini o‘rganish“ ilmiy maktablariga asos solgan. Muhammad Kabir Bahodirxonov Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib sanoat-texnologik tizimidan iborat ilmiy laboratoriya tashkil etish va ushbu laboratoriyada nanostrukturali kremniy olish texnologiyasini yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Olim 10 ta monografiya, 16 ta darslik, 20 ta ixtirolar, 300 dan ortiq ilmiy maqolalar mualllifidir. 100 dan ortiq maqolalari AQSh, Germaniya, Rossiya, Koreya, Xitoy va boshqa davlatlarning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etilgan.
Unvon va mukofotlari
Manbalar
uz.wikipedia.org