Muhammad ibn Ali Samarqandiy
Muhammad ibn Ali Samarqandiy (arabcha: محمد بن علي سمرقندي — Muhammad ibn Ali Samarqandiy — Toʻliq ismi: Muhammad ibn Ali ibn Muhammad ibn Hasan Kotib Zahiriy Samarqandiy (XII asrda yashagan)) — Siyosat ilmi nazariyotchisi va shoir.
Hayoti
Muhammad ibn Ali Samarqandiy qoraxoniylar sulolasidan bo‘lgan Qilich Tamg‘och Hoqon ibn Qilich Qoraxon (1163-1178-yil) davrida yashagan va shu xon saroyida sohibi devoni insho (yozishmalar devonining boshlig‘i) boʻlib ishlagan. „Ag‘razu-s-siyosa fi arazi-r-riyosa“ („Hukmronlikni boshqarishda siyosatning vazifalari“) Muhammad ibn Ali Samarqandiyning dastlabki asari boʻlib, unda afsonaviy Jamshid (podsho)dan to Saljuqiy Sulton Sanjar (1118-1157-yil)gacha o‘tgan shohlarning davlatni boshqarish masalasida aytgan hikmatli so‘zlari jamlangan. Muhammad ibn Ali Samarqandiy shohlarning hikmatli so‘zlarini turli izohlar bilan to‘ldiradi va asarda juda ko‘p qiziqarli tarixiy voqealar haqida so‘z yuritadi. Akademik V. V. Bartold bu asar qo‘lyozmasi bilan qiziqqan va „Mo‘g‘ullar istilosi davrida Turkiston“ nomli asarining ruscha nashriga ilova qilib undan parcha bostirgan.
Faoliyati
Muhammad ibn Ali Samarqandiy nomini Sharqqa tanitgan asari — „Sindbodnoma“ asaridir. Asar asosida hind tilida mashhur bo‘lgan qadimiy „Siddxapati“ („Donolar haqida bob“) kitobi yotadi. Abbosiy xalifalaridan Mansur (754-775-yil), Mahdiy (775-785-yil) va Horun Rashid (786-809-yil) davrida „Sindbodnoma“ ham uch marta arab tiliga tarjima qilingan.
Asbag‘a Sijistoniy „Sindbodnoma“ni „Katta sindbod“, Musa Kisraviy (vafoti 850-yil atrofi) esa „Kichik Sindbod“ nomi bilan tarjima qilgan. 950-951-yil somoniylar amiri Nuh ibn Nasrning (943-954-yil) amri bilan „Sindbodnoma“ xoja Amid Abulfavoris Fanoro‘ziy tomonidan pahlaviy tilidan dariy tiliga tarjima qilingan. Bu tarjima badiiy qimmatga ega bo‘lmagani uchun unchalik shuhrat qozona olmagan.
Muhammad ibn Ali Samarqandiy „Sindbodnoma“ni fors-tojik tilida qaytadan tiriltirgan. Alloma bu asarni zamona didiga mos qilib qaytadan ishlagan, unga badiiy tus bergan va Qilich Tamg‘och hoqonga taqdim etgan. Asarning bir qo‘lyozmasi Britaniya muzeyida, ikkinchisi qirollikka qarashli Osiyo uyushmasi kutubxonasida saqlanadi. Turkiyada „Sindbodnoma“ning bir qancha qo‘lyozma nusxalari mavjudligi 1948-yilda aniqlangan. „Sindbodnoma“ bilan sobiq Sovet sharqshunos olimlaridan dastlab Ye. E. Bertels qiziqib, „XII asr tojik prozasi namunasi“ nomli maqolani yozgan. Keyinchalik kitob rus tiliga tarjima qilinib, so‘z boshi va izohlari bilan nashr etilgan.
O‘zbekiston FA Sharqshunoslik insitutining keksa ilmiy xodimi bo‘lgan Hakimjonov Yunusxon ota tomonidan „Sindbodnoma“ o‘zbek tiliga ham o‘girilib, 1993-yilda nashr etilgan.
„Sindbodnoma“ qo‘lyozmalarining bir nusxasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHQMda (inv. № 9318), yana bir nusxasi Sankt-Peterburg Sharqshunoslik insitutida (inv. № 352) saqlanmoqda.
Muhammad ibn Ali Samarqandiyning „Sam’u-z-zohir fi jam’i-z-zohir“ nomli kitobi ham mavjudligi maʼlum.
Asarlari
Manbalar
uz.wikipedia.org